Boks bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempionlarini bilasizmi?
Barcha sportchilarning eng katta orzusi shubhasiz to‘rt yillikning eng nufuzli turniri hisoblanuvchi Olimpiadada g‘alaba qozonish sanaladi. Jahon bo‘ylab ko‘plab sportchilar bunday muvaffaqiyatga erisha olganlar. Ba’zilar bir necha marotaba ham bunday g‘alaba nashidasini surishgan. Ayniqsa, bu borada bir qator bokschilar ikki-uch marotaba Olimpiadaning yuqori probali medalining sohibi hisoblanishadi. Misol uchun, kubalik Feliks Savon uch karra g‘olib bo‘lishga erisha olgandi.
Biz esa, boks bo‘yicha ikki marotaba Olimpiada g‘olibligini qo‘lga kirita olganlarni e’tiboringizga havola etamiz.
Oliver Kirk (AQSh)
1904 yil AQShning Sent-Luis shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida ilk bora boks musobaqalari ham o‘tkazila boshlandi. Mazkur yozgi Olimpiada o‘yinlarida 18 nafar ishtirokchi 7 vazn toifasida jang olib bordi va ularning barchasi okean orti vakillari edi. Shuning uchun bir bokschi bir nechta vaznda jang olib borishi mumkin bo‘lgan. Kirk ham ikki vaznda 52 va 56 kgda ishtirok etgan va bor yo‘g‘i har bir vaznda bittadan jang o‘tkazib, ikkisida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Eji Zadislav Kuley (Polsha)
1964 yil Tokioda o‘tkazilgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida 63.5 kg vazn toifasida ishtirok etgan va finalda Sobiq Ittifoq vakili Evgeniy Frolovni mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan. 1968 yilgi Mexiko Olimpiadasida esa kubalik Enrike Regueyfros ustidan zafar quchib, ikkinchi marotaba Olimpiada g‘olibiga aylangan.
Boris Lagutin (Sobiq Ittifoq)
1964 yilgi Tokio Olimpiadasida 71 kg vazn toifasi finalida frantsiyalik Jozef Gonsalesni mag‘lub etgan Lagutin dastlabki oltin medalini qo‘lga kiritadi. Bunga qadar, 1960 yilgi Rim Olimpiadasida bronzaga ega chiqqandi. 1968 yilgi Mexikodagi to‘rt yillikning eng nufuzli turnirining hal qiluvchi bahsida kubalik Rolando Garbey ustidan zafar quchadi va ikkinchi bor Olimpiada chempioniga aylanadi.
Anxel Errera Vera (Kuba)
1976 yil Monreal Olimpiadasida 57 kg vazn toifasi finalida GDR vakili Rixard Novakovskiyni mag‘lub etib, Olimpiada chempioni bo‘ladi. Oradan to‘rt yil o‘tib, 1980 yil Moskvada 60 kg vaznda mezbon Viktor Demyanenko ustidan zafar quchadi va ikkinchi bor Olimpiada g‘olibiga aylanadi.
Ektor Vinent (Kuba)
1992 yil Barselonada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada 63.5 kg vaznda kanadalik Mark Ledyuk ustidan g‘alabaga erishib, birinchi chempionlikni rasmiylashtirgan bo‘lsa, 1996 yil Atlanta Olimpiadasida germaniyalik Oktay Urkalni mag‘lub etib, navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritadi.

Ariel Ernandes (Kuba)
1992 yil turnir finalida 75 kg vaznda AQShlik Kris Byordni mag‘lub etadi va g‘olibga aylanadi. 1996 yil finalda turkiyalik Malik Beyrologlu ustidan qozonilgan g‘alaba unga ikkinchi chempionlikni taqdim etadi.
Oleg Saitov (Rossiya)
1996 yil Atlanta Olimpiadasida rossiyalik bokschi 67 kg vazn toifasining hal qiluvchi jangida kubalik Xuan Ernandes ustidan zafar quchib, dastlabki chempionligiga erishadi. 2000 yil Sidneyda bo‘lib o‘tgan turnirning finalida ukrainalik Sergey Dotsenko mag‘lub etiladi va ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritadi. Shuningdek, 2004 yil Afinada bronza medaliga ham ega chiqadi.
Mario Kindelan (Kuba)
2000 yil Sidney Olimpiadasida 60 kg vaznda oltin medalni qo‘lga kiritadi. U finalda ukrainalik Andrey Kotelnikni mag‘lub etadi. Ikkinchi muvaffaqiyatiga oradan to‘rt yil o‘tib, 2004 yil Afinadagi musobaqada erishadi. Mazkur turnir finalida unga mashhur britaniyalik Amir Xon raqiblik qiladi va mag‘lubiyatini qabul qilib oladi.
Gilerme Rigonda (Kuba)
Ushbu kubalik charmqo‘lqop ustasi ham 2000 yil Sidneyda dastlabki chempionligiga erishadi. Turnirning 54 kg vazn toifasi finalida rossiyalik Raimbek Malaxbekov mag‘lub etiladi. 2004 yil Afinada esa, final bahsida tailandlik Voropaya Petchkuma ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi bor chempionlikni rasmiylashtiradi.

Aleksey Tishenko (Rossiya)
Rossiyalik bokschi 2004 yil Afinada dastlabki muvaffaqiyatiga erishadi. Unga ushbu turnir finalida shimoliy koreyalik Kim Son Guk raqiblik qiladi va mag‘lubiyatga uchraydi. Tishenko ushbu muvaffaqiyatni oradan to‘rt yil o‘tib, 2008 yil Pekin Olimpiadasida ham davom ettiradi. Bu safar u 60 kg vaznda ishtirok etib, final jangida frantsiyalik Dauda Sovni mag‘lubiyatga uchratadi.
Tszou Shimin (Xitoy)
Xitoylik ajoyib bokschi dastlabki oltin medalini o‘z uyida ya’ni 2008 yil Pekinda bo‘lib o‘tgan turnirda qo‘lga kiritadi. U 48 kg vazn finalida mo‘g‘ulistonlik Purevodorjin Serdambani mag‘lub etadi. 2012 yilgi London Olimpiadasida ham u Pekindagi muvaffaqiyati tasodif emasligini isbotlab, 49 kg vazn toifasining finalida tailandlik Keu Pongprayun ustidan zafar quchadi. Shuningdek, 2004 yilgi Afina Olimpiadasida bronza medalini ham qo‘lga kiritgan.
Vasiliy Lomachenko (Ukraina)
Ukrainalik iste’dod to‘rt yillikning eng nufuzli turniridagi dastlabki oltin medalini 2008 yil Pekinda qo‘lga kiritadi. U 57 kg vazn toifasi finalida frantsiyalik Kedafi Jelkir ustidan zafar quchadi. 2012 yil London Olimpiadasida esa, 60 kg vaznda hal qiluvchi jangda janubiy koreyalik Xan Sun Chxol mag‘lub etiladi.
Robeysi Ramires (Kuba)
Kubalik yana bir iste’dod Ramires dastlabki oltin medalini 2012 yil London Olimpiadasida qo‘lga kiritadi. U mazkur turnirning 52 kg vazn toifasi finalida mo‘g‘ulistonlik Nyambayarin Togstsogtni mag‘lub etadi. Navbatdagi 2016 yilgi Rio-de-Janeyroda esa, 56 kg vaznda AQShlik Shakur Stivensonni mag‘lub etib ikkinchi bor chempionlikni qo‘lga kiritadi.

Xullas, shunaqa gaplar... hamyurtlarimiz orasida ham bu natijani takrorlay oladiganlar albatta, topiladi. Ayniqsa, Shahobiddin Zoirovda bunday imkoniyat mavjud.Agar, Tokioda ham muvaffaqiyat qozona olsa, u ham ikki bora Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan bokschilar safidan o‘rin oladi.

Fikrlar