"Chelsi" Lukakuning transferiga pulni qaerdan olganini bilasizmi? Abramovichning bu transferga aloqasi yo‘q!

  • 8 sentabr, 2021, 13:20
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

SPORTS.uz Londonning "Chelsi" klubi amalga oshirgan transfer siyosatidan hayratda qolmoqda!

Futbol bozoridagi uddaburonlar

Romeluning "Chelsi" bilan shartnoma imzolashi borasida hech qanday muammo yuzaga kelgani yo‘q. "Inter"ga pul kerak bo‘ldi, "aristokratlar" to‘lab berishdi, tamom! 100 milliondan ortiq pul sarflaganiga qaramay, "Chelsi" byudjeti hech qanday zarar ko‘rgani yo‘q. Bu pullar havodan kelganmi, deb hayron bo‘lmang. Hammasiga jamoada professional menejerlar ish olib borayotgani sabab. Klub futbolchi oldi-sotdisini amalga oshirish uchun maxsus komanda tuzgan bo‘lib, ular butun dunyoga na’muna bo‘ladigan ko‘lamdagi ishni amalga oshirmoqda.

Lukakuning transferi uchun Abramovich pul qo‘shmagan!

"Chelsi" "Inter" talab qilgan summaning deyarli barchasini o‘z akademiyasi bitiruvchilari sotuvidan kelib tushgan pullar bilan qopladi. Abraxam - 40 million, Tomori - 29 million, Mark Gexi - 23,4 million evro! E’tiborlisi shundaki, Mark "Chelsi" tarkibida biror marotaba maydonga tushmagan bo‘lsa-da, uning transferidan klub 23,4 million evro ishlab oldi. Bunga, Gexining "Suonsi"da super mavsum o‘tkazgani asosiy sabab, albatta.

Qolgan futbolchilar uchun kichik summalar to‘langani bois, alohida eslab o‘tmadim. Ular orasida Jiru ham bor. Tez orada klub bilan shartnomasi yakunlanadigan hujumchidan ham klub 1 million evro ishlab olgani kishini hayron qoldiradi.

Bu hali hammasi emas. 24 avgust sanasida "Atalanta" Zappakostani rasman tarkibiga qo‘shib olganini ma’lum qildi. Demak, "Chelsi" aktiviga yana 9 "limon"ni qo‘shib qo‘ysak bo‘ladi.

Ko‘pchilik e’tibor bermagan bo‘lishi mumkin, biroq "aristokratlar" so‘nggi yillarda barqaror  transferdan katta daromad ko‘rmoqda. Birgina Eden Azarning 115 million evro evaziga Madridga ko‘chib o‘tishi so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. So‘nggi 10 yilda transferlardan tushgan umumiy daromad borasida "Chelsi" Evropada faqat "Benfika"dan ortda qoladi, xolos.

Agar o‘lchovni faqat Angliya miqyosida olsak, "Chelsi" "Tottenxem", "Liverpul", "Manchester Siti", "Manchester Yunayted"dan bir necha barobar ko‘proq daromad ko‘rgani ko‘zga tashlanadi. Xo‘sh, London klubi olingan daromadni qanday sarflaydi? Ketganlarni o‘rnini kimlar qanday qilib to‘ldiradi?
Yillar Abramovichni tarbiyaladi.

Roman Abramovich London klubi boshqaruvini qo‘lga olgach, oddiy sxemada ish boshladi. Ulkan transferlar tezda samara berishi kerak! To‘g‘ri, bu avvaliga Joze Mourino bilan amalga oshdi. Portugaliyalik 2004/05 yilgi mavsumda "Chelsi"ning suyagini tiklab oldi. Yaxshi transferlar sababli "Manchester Yunayted"ni taxtdan qulatdi, ammo bu vaqtincha edi, xolos.

Yillar o‘tishi bilan qimmat futbolchilarga tayangan jamoa ulkan sovrinlar yutmasligi ma’lum bo‘lib qoldi. Birgina Andrey Shevchenko transferi "Chelsi"ga qancha boshog‘riq tug‘dirgani yodingizdami? Keling, "Chelsi"ning yangi asr boshidagi transfer oldi-sotdisidan qilgan daromadiga e’tibor qaratamiz. 2002/2003, 2009/10-yilgi mavsumlar oralig‘ida London klubi Evropaning atigi 12 jamoasi bo‘lgan.

lao2sh34oash34oash3oasho34a

To‘g‘ri xulosa qilgan Abramovich ishga o‘zgacha yondasha boshladi. U iqtidorli yosh futbolchilarni izlaydigan maxsus komanda tuzdi. 2005 yilda Pit De Visser jamoa infratuzilmasiga taklif etildi. Klub uchun yosh iqtidorlarni izlashdan tashqari, De Visser "Chelsi" akademiyasida yagona va yaxlit tizimni ishlab chiqdi. Bu 2000 yillarda "Ayaks" va PSVda sinovdan o‘tgan metod bo‘lib, tezda samara berdi.

Abramovichga aynan shu sxema kerak edi. U har mavsum boshida kuchli futbolchilarga millionlarni sarflasa, klubdan hech qanday daromad olmasligini angladi. To‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan mexanizm orqali kuchli futbolchilar 18-19 yoshida allaqachon klubga tegishli bo‘lishi uchun barcha ishni amalga oshirdi.
"Chelsi" ko‘p o‘tmay, mingdan ortiq skautlarni o‘zida jam qilgan xalqaro tarmoqni yaratdi. Deyarli barcha qit’alarni qamrab olgan skautlar klub uchun eng iqtidorli bolalarni akademiyaga olib keladi. 2010 yilga kelib, ushbu metodika tezda naf bera boshladi. 2011 yilga kelib, jamoa texnik direktori sifatida ish boshlagan Maykl Emanalo o‘zgacha transfer siyosatini ishga soldi. London klubi o‘z tarbiyalanuvchilarini ijara asosida butun Evropaga yo‘naltirishni yo‘lga qo‘ydi. Niderlandiyaning "Vitess" klubi jamoaning farm klubiga aylanib ketgan paytlar ham bo‘ldi. Maykl bu yigitlarga kelajak uchun aktiv sifatida qarar, ularni faoliyatidagi o‘zgarishlarni kuzatib borar edi. Eng iqtidorlilar jamoaga qaytarilsa, qolganlar birinchi imkon bo‘lishi bilan transfer bozorida pullab yuboriladi.

Shu bois, Romelu Lukaku, Kevin De Bryuyne, Tibo Kurtua singari ijrochilar turli jamoalarga o‘tib ketgan. Biroz tanaffusdan so‘ng, Lukaku ortga qaytgan bo‘lsa-da, De Bryuyne va Kurtua o‘z klublarida etakchilar qatorida qolmoqda. Bu yorqin misollar, xolos. Nemanya Matich, Muhammad Saloh va boshqa ko‘plab nomlar aynan shu transfer siyosati to‘g‘ri ishlayotganini ko‘rsatib berishi mumkin.

"Chelsi" Lukas Pasionni 8 yil davomida turli klublarga ijaraga berib, birorta o‘yinda maydonga tushirmay ham "Braga"ga sotib yuborishni uddaladi. 2017 yilda Emanola o‘z postini tark etdi. Keyin, London klubida yangicha transfer siyosati birinchi planga ko‘tarildi. Bunga klubga transfer taqiqi qo‘yilgani ham ta’sir ko‘rsatdi. Ishonish mushkul, ammo bu omil jamoa rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Akademiya tarbiyalanuvchilariga ko‘proq imkon berilgani, mahalliy futbolchilarning transfer narxi ko‘tarilib ketdi.

Ushbu suratda "Chelsi"  transferlardan daromad olish bibida hozir Evropaning ikkinchi klubi ekanligi aks etgan:

o‘34lpo‘3l4o‘43lp_1

Kecha hech kim bilmaydigan futbolchi (Abraxam,) narxi bir mavsumda 70 million evroga qadar ko‘tarilib ketgan. Meyson Maunt va Ris Jeymsning ikki mavsumda 75 millionga qadar transfer narxi o‘sdi. "Kristal Pelas" bilan bahsda zaxiradan maydonga tushgan Trevo Chaloba o‘zini ko‘rsata olganidan ma’lumki, endi "Chelsi" asosan o‘z tarbiyalanuvchilariga suyangan holda tarkib shakllantirmoqchi. Tomas Tuxel ham yoshlar bilan ishlashga qarshi emas. Ichki boy rezervlarga suyangan klubda kadrlar muammosi bo‘lmasligi, murabbiyga uzoq masofaga cho‘ziladigan turnirlarda kerakli natijani qayd etish imkonini beradi.

Boz ustiga, istalgan paytda ularni sotib yuborish mumkin. "Chelsi" sport direktoriga skautlar jamoasi rahbarlari bo‘ysunadi. Skot Mahlahlen ayni damda sayyoramizdagi eng kuchli futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish borasida tizim o‘ylab topgan shaxs. Uning qo‘l ostidagi skautlar erning barcha qit’asidagi iqtidorli yigitlarni klubga tavsiya qiladi. Har oyda ma’lum yoshdagi bolalar uchun ko‘rik tashkil etiladi. O‘zini ko‘rsatgan, standartlarga to‘liq javob beradigan bolalar akademiyaga olinadi. Akademiyaga o‘tgach, ularning rivojlanishi borasidagi tizimga ko‘ra personal mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. O‘smir yoshga to‘lganida, tezroq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi uchun quyi ligalarga ijaraga beriladi. 19-21 yoshda klub darajasida chiqqanlar "Chelsi"ga chorlansa, qolganlari transfer bozorida millionlarga sotib yuboriladi. Sodda va yaxshi natija beruvchi metod "Chelsi"ga qanday yordam berganini Romelu Lukaku transferida ko‘rishimiz mumkin. Klub akademiya tarbiyalanuvchilarini atigi 3 tasini sotib 100 million evroga yaqin pul ishlab olmoqda.

34bao‘4l3o‘al34a

Bundan 15 yil ilgari Roman Abramovich orzu qilgan konveyr allaqachon ishga tushgan. Intizom va adolat ustiga qurilgan tizim allaqachon o‘z mevasini berishni boshladi. Endi "Chelsi" "Manchester Siti" yoki PSJ singari "pul solingan qop" emas. Uning futbol olamida o‘z stili bor!
                                                                                                               Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!