“Chelsi”ning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchilari ramziy jamoasi: Lempard, Drogba va boshqalar!

  • 21 dekabr, 2020, 22:33
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Angliya Premer-ligasi muntazam ravishda o‘zining shiddati, kuchli raqobati va intrigaga boy o‘yinlari bilan omma e’tiborini qozonib kelgan. Ushbu ligada dunyodagi eng tarixiy va ko‘plab muxlislarga ega katta klublar ham talaygina. Eng ko‘p top-jamoalar aynan “tumanli albion”da ekanligi hech kimga sir emas. Ular orasida XXI asrda o‘tgan 100 yillikdagiga nisbatan ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishgan, jahon darajasidagi yulduzlarni o‘z safida o‘ynatgan va sovrinlarni qalashtirib tashlagan “Chelsi” ajralib turadi.

Tecno

2003 yil rossiyalik milliarder Roman Abramovich Angliyaga tashrif buyuradi. APLning bir o‘yinini tribunadan turib tomosha qilgan ishbilarmon ingliz klublariga qiziqib qoladi hamda ulardan birini sotib olishni maqsad qiladi. Ohir-oqibatda inqiroz arafasida bo‘lib turgan Londonning “Chelsi” klubini tanlab, rekord summa(140 million evro)ga uni sotib oladi. O‘shandan beri Abramovich jamoani rivojlantirish uchun bir tiyinini ham qizg‘anmagan holda, top-futbolchi-yu, murabbiylarni klubga olib kelishdan charchamadi.

Albatta, ko‘plab yulduz futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olgan hamda millionlab muhlislarga ega bo‘lgan jamoaning Premer-liga davridagi eng yaxshi a’zolari ramziy jamoasini tuzib chiqish ham ancha qiziq bo‘ladi. Ayniqsa, “Chelsi”ning ashaddiy muxlislari uchun bu o‘ta qiziqarli bo‘lishi shubhasiz. Demak, boshladik!

photo_2020-12-20_23-41-19_1

Darvozabon: Petr Chex

“Renn”dan atigi 7 million evro evaziga London klubi safiga kelib qo‘shilgan chexiyalik darvozabon o‘z o‘yinlari va qahramonliklari bilan “Chelsi” muxlislari qalbidan abadiy joy egallagan hamda nomini klub tarixiga o‘chmas harflar bilan muhrlab ketgan. Chex klub safida eng yaxshi o‘yinini jamoa uchun eng kerakli o‘yinda ko‘rsata olgani bilan ham boshqalardan ajralib turadi. Petr 2012 yil Myunxenda o‘tkazilgan EChL finalida “Bavariya”ga qarshi o‘yindagi super qahramonligi bilan haligacha yodga olinadi. O‘shanda u ekstra-taymlarda Robben tepgan penaltini qaytargan hamda jamoasini penaltilar seriyasigacha olib borgan. Undan keyin 2 ta penaltini bartaraf etib, kubokni boshi uzra baland ko‘targan. Shubhasiz, bu “Chelsi”ning XXI asrdagi eng muhim uchrashuvlaridan biri edi va bizning qahramonimiz bu o‘yinda o‘zini ko‘rsata olgan. Bulardan tashqari, afsonaviy darvozabon 4 ta APL kubogi, 4 ta Angliya kubogi, 3ta Liga kubogi va Evropa Ligasini yutishga muvaffaq bo‘lgan.

photo_2020-12-20_23-31-26 (2)_1

O‘ng qanot himoya: Branislav Ivanovich

2008 yilda Moskvaning “Lokomotiv” klubidan “Chelsi” safiga kelib qo‘shilgan Branislav Ivanovich dastlab, jamoaga kirishib ketishi qiyin kechgan bo‘lsa-da, keyinchalik jamoaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylanadi. Branislav “Chelsi” bilan 3 ta Premer-Liga, 3 ta Angliya kubogi va Liga kubogi g‘olibligi, EChL va EL chempionligini qo‘lga kiritgan o‘ta sovrindor futbolchi hisoblanadi. Bundan tashqari, rossiyalik afsona klub tarixidagi 2-to‘purar himoyachi hamdir. Umumiy hisobda 377 uchrashuvda maydonga tushib, o‘zining darajasini past deya baholagan barchaga o‘zini qo‘rsatib qo‘ygan futbolchi haligacha “Chelsi” klubi muxlislarining sevimlisi bo‘lib qolmoqda. Rus futboli faxri!

photo_2020-12-20_23-31-26_1

Markaziy himoya: Jon Terri ©

Jon Terrini ta’riflash uchun 3 ta so‘z etarli, bizningcha. Sardor, etakchi, afsona! Shubhasiz, klub tarixidagi eng buyuk futbolchilardan biri, ham sifatli o‘yini, ham g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasi bilan maqtana oluvchi super himoyachi. “Chelsi” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Terri doimiy ravishda jamoaning asosiy tarkibida maydonga tushganligi bois(717 ta o‘yin) “Stemford Brij”da klub fanatlari tomonidan “Janob Chelsi” degan faxrli unvonni olgan. Sovrinlar borasida esa u ko‘krak kerib maqtana oladigan darajada ko‘p yutuqlarga erishgan: sardor sifatida klubining 5 ta Premer-liga, 5 ta Angliya kubogi, 3 ta Liga kubogi, Chempionlar Ligasi va Evropa Ligasi titullarini qo‘lga kiritishida katta hissa qo‘shgan. 

photo_2020-12-20_23-31-27 (4)_1

Markaziy himoya: Rikardo Karvalo

Rikardo Karvalo “aristokratlar”ning haqiqiy inqilobi bo‘lgan. Joze Mourino bilan birga “Portu”dan kelgan portugal Jon Terri bilan himoya markazida ajoyib juftlik hosil qilib, “Chelsi”ning Chempionlar Ligasida zafar quchishida asosiy rollardan birini ijro etgan. Ushbu futbolchilar o‘sha paytda Premer-liganing eng dahshatli himoya juftligi sifatida mutaxassislarning e’tiborini qozona olgan. Terrining sadoqati, Karvaloning tezkor va sifatli o‘yinini londonliklar haligacha faxr bilan xotirlashadi. Sovrinlar: 6 mavsum ichida 3 ta Premer-liga, 2 ta Liga kubogi va Angliya kubogi qo‘lga kiritilgan.

photo_2020-12-20_23-31-27 (3)_1

Chap qanot himoya: Eshli Koul

“Chelsi”ning Premer-liga davridagi eng yaxshi chap qanot himoyachisi, va ko‘p ehtimol bilan butun boshli Premer-liganing eng zo‘r chap qanot himoyachisi hamdir. “Arsenal”ni muammoli tarzda tark etganiga qaramay, futbolchi APL, Chempionlar Ligasi, Evropa ligasi, Liga kubogi va 4 bora Angliya kubogida zafar quchib, muxlislari oldida o‘zini anchagina oqlashga erishdi. Hozirda nafaqaga chiqqan Eshli Koul “Kobxem” o‘quv markazida akademiya murabbiyi bo‘lib ishlamoqda va o‘z bilimlarini kelgusi avlodga ulashishda jonbozlik ko‘rsatmoqda. Agar u o‘ziga o‘xshagan shogird etishtirib bera olsa, “Chelsi” uni qo‘yib yubormasligi shubhasiz!

photo_2020-12-20_23-33-38_1

Yarim himoya: Frenk Lempard

Ba’zi “Chelsi” muxlislari tomonidan Terri emas, aynan Lempard klubning Premer-liga davridagi eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etiladi. Bir tomondan o‘ylab qarasak, u bunga haqli. Sababi, hujumkor yarim himoyachi “Chelsi” libosida umumiy 211 bahsda maydonga tushib, klubning barcha davrlardagi eng yaxshi to‘purari unvonini qo‘lga kiritgan, jamoaga umrini bag‘ishlagan. 2001 yilda Londonning boshqa jamoasi bo‘lmish “Vest Xem”dan “aristokratlar” safiga kelib qo‘shilgan sobiq yarim himoyachi umumiy miqdorda 11 dan ortiq jamoaviy sovrinlar (3 ta Premer-liga, 4 ta Angliya kubogi, 2 ta Liga Kubogi, Chempionlar Ligasi va Evropa Ligasi) va bir qancha individual yutuqlarga erishgan. Hozirga kelib, u G‘arbiy Londonga menejer sifatida qaytgan va sevimli jamoasining muvaffaqiyatlariga o‘z hissasini qo‘shishda davom etmoqda. Shubhasiz, afsona!

photo_2020-12-20_23-31-27_1

Yarim himoya: Klod Makelele

Frantsuz futbolchisi o‘z pozitsiyasida shu qadar yaxshi o‘ynardiki, undan ilhomlanib, butun Angliya futbolida yarim himoya markazini “Makelele pozitsiyasi”, deya atashar edi. U klub yarim himoyasida shu qadar kuchli tartib o‘rnatgan ediki, bu tartib klubga hattoki, muxlislar ham ishonmagan yutuqlarning kelishiga sababchi bo‘lgan. 2003 yilda “Real” uning iste’dodiga past baho berganligi bois London klubiga kelib qo‘shiladi va dastlabki mavsumlaridanoq klub muxlislarining sevimlisiga aylanib, bir qancha sovrinlar yutishga muvaffaq bo‘ladi. Mourino boshchiligidagi jamoaning yuragiga aylangan Makelele Liga kubogi, Premer-liga va Angliya kubogida bir necha bor zafar quchgan va hozirga kelib klubning kredit bo‘limida texnik murabbiy lavozimida faoliyat olib bormoqda. Muxlislar uni butun umr yaxshi ko‘rishadi, chunki bu uchun etarli darajada mehnat qilgan.

photo_2020-12-20_23-31-27 (2)_2

Yarim himoya: Ngolo Kante

Ngolo Kante “Chelsi”ning so‘nggi 5 mavsumda amalga oshirgan eng yaxshi transferi hisoblanadi. 2016 yilgi “Lester ertagi”ning asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan Kante o‘sha mavsumda “Yil o‘yinchisi”, deya e’tirof etilgan va o‘yinini mutlaqo boshqa darajaga olib chiqqan. Ushbu sovringa kelgusi yili "Chelsi" futbolchisi sifatida ham erishgan frantsuz xavbekini Londonda ham yoqtirib qolishadi. Jahon chempioni Konte jamoasida ham, Sarri jamoasida ham asosiy figuralardan biri bo‘lib xizmat qilgan va doimiy ravishda asosiy tarkibda maydonga tushgan. Mehnatkash Kante keyinchalik o‘z sovrinlari orasiga Evropa ligasi va Angliya Liga kubogi titullarini ham qo‘shib oladi. Hozirga kelib, Lempard jamoasida yoshlarga o‘rnak bo‘luvchi asosiy figuralardan biri bo‘lib maydonda harakat qilmoqda.

photo_2020-12-20_23-31-28 (3)_1

Vinger (o‘ng qanot): Janfranko Zola

Janfranko Zola g‘arbiy Londonga Abramovich kelguniga qadar ham jamoaning almashtirib bo‘lmas, kamdan kam o‘yinchilaridan biri bo‘lgan. Italiyalik daho 1996 yilda “Parma”dan “Stemford Brij”ga ko‘chib o‘tadi va shundan keyin g‘arbiy Londonda haqiqiy inqilob yuzaga keltiradi. Zola 1997 yilda Futbol Yozuvchilar Uyushmasi (FWA) versiyasiga ko‘ra, “Yilning eng yaxshi o‘yinchisi” sovrinini qo‘lga kiritadi. Zola sovrinlar borasida ham maqtana oladi: Angliya kubogi, Liga Kubogi, Superkubogi va Kubok egalari kubogini qo‘lga kiritgan hamda juda katta muvaffaqiyatlari natijasida Abramovichning “Tottenxem” o‘rniga “Chelsi”ni sotib olishiga sababchilardan biri bo‘ldi.

photo_2020-12-20_23-31-28_2

Markaziy hujumchi: Dide Drogba

Londonda “Stemford Brij qiroli” laqabi bilan tanilgan kot-d'ivuarlik super hujumchi “Chelsi” tarixidagi eng yaxshi xorijlik futbolchi ham hisoblanadi. “Marsel”dan 25 million funt-sterling evaziga London klubi safiga kelib qo‘shilgan Dide o‘zining samarali o‘yinlari orqali tez orada klubning 50 yildagi ilk sovrinini yutishiga yordam beradi. Shuningdek, u 4 marta APLni, 3 marta Liga kubogini va Angliya kubogini ham yutgan, Chempionlar Ligasida zafar quchgan. 2012-yilgi Myunxen finalidagi qahramonligi uchun Drogba hozirgacha yorqin xotiralar bilan eslanadi. O‘shanda futbolchi 88-daqiqada Noyer darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining qo‘shimcha bo‘limlarda o‘yinni davom ettirishiga zamin yaratadi. So‘ngra, penaltilar seriyasida o‘z imkoniyatini bexato ijro etib, “shalpangquloq”ni boshi uzra baland ko‘taradi. To‘g‘ri, Drogba “Stemford Brij” ko‘rgan eng sermahsul hujumchi bo‘lmagandir, ammo u kerakli paytda gol urib, jamoasiga foyda keltira olgan va shu sababli tarixga kirgan. Bu o‘rin uchun u mutlaq haqli.

photo_2020-12-20_23-31-33_1

Vinger (chap qanot): Eden Azar

“Chelsi” 2012 yilda Azar uchun “Lill”ga 32 million funt-sterling miqdorida pul to‘laydi va ushbu summa o‘zini mutlaqo oqlaydi. Chiroyli o‘yini, yorqin harakatlari va tezkor quvnoq futboli evaziga butun Angliya futboli muxlislarini o‘ziga qaratib qo‘ya olgan Azar 7 yil davomida “aristokratlar” safida to‘p suradi va gollari bilan birgalikda assistlari sonini ham birday oshirib boradi. 2019 yilda “Real”ga o‘tar ekan, u klub safida 110 dan ortiq gol va yana shuncha golli pasga mualliflik qilgan holda, 6 ta sovrin qo‘lga kiritgan va “ko‘klar”ning barcha muxlislari qalbidan o‘zi uchun abadiy joy egallagan edi. Belgiyalik superyulduz doim klubning sevimlisi bo‘lib qolaveradi.

photo_2020-12-20_23-31-28 (2)_1

Bosh murabbiy: Joze Mourino

“Chelsi” rossiyalik milliarder biznesmen Roman Abramovich qo‘liga o‘tganidan so‘ng, juda ko‘plab murabbiylarni o‘zida sinab ko‘rdi. Sababi, Abramovich murabbiyga bir mavsumdan ko‘p imkoniyat bermaydi - yutuq qo‘lga kiritilmasa, chiqish eshiklari ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsa-da, Mourino “Chelsi”da umumiy 4 mavsum o‘tkazadi va 3 bora Premer-liga chempioni qiladi. Bunday natijaga hali hech bir “Chelsi” murabbiyi erisha olmagan. Shu sababli, ramziy jamoamizga “Special one”ni kiritdik.

photo_2020-12-20_23-31-29_1

Zaxira o‘rindig‘i

“Chelsi”da Premer-liga davrida buyuk futbolchilar shu qadar ko‘p bo‘lganki, hatto ramziy jamoa tuzishda unga Aren Robben, David Luiz, Jon Obi Mikel, Villian va Paulu Ferreyra singarilarni kiritishning iloji yo‘q. Bizning talqin bo‘yicha zaxira o‘rindig‘i quyidagicha o‘rin olgan:

Darvozabon: Tibo Kurtua. “Real”ga ketmasidanoq, o‘zini jahon darajasidagi darvozabon sifatida ko‘rsata olgan va klub muvaffaqiyatlariga munosib hissa qo‘shgan;

Himoyachilar: Gari Kexill va Tsezar Aspilikueta. Kexill 2012 yil EChLdagi muvaffaqiyatli mavsumda jamoaning ajralmas futbolchisi bo‘lgan, Aspilikueta esa uzoq yillar davomida jamoa sardori va kuchli himoyachi bo‘lgan;

Yarim himoyachilar: Maykl Essen, Xuan Mata. Maykl Mourino qo‘l ostida ochilgan super futbolchi bo‘lgan va uzoq vaqt pozitsiyasidagi o‘rnini hech kimga berib qo‘ymagan. Mata esa ketma-ket 2 mavsum klubda “Yilning eng yaxshi o‘yinchisi” deb e’lon qilinganligi bois bu o‘rin uchun munosib;

Hujumchilar: Diego Kosta. Drogbaning zaxirasi uchun ideal nomzod, haqiqiy top strayker, goleador.

Abdulla Mannonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!