Durdona Shokirova: Gimnastikadan armon bilan ketgan bo‘lsam-da, taekvondoda yutuqlarga erishmoqchiman
Mamlakatimizda iste’dodli yoshlar ko‘p. Ayniqsa, qizlar orasida ham sport bilan muntazam shug‘ullanib, muayyan yutuqlarga erishayotgan iqtidor egalarining safi kengayib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Sport – insonni har qanday qiyinchilik va sinovlarni sabot bilan engib o‘tishga o‘rgatadi.
Taekvondo bo‘yicha qator muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritayotgan Durdona Shokirova ham sport sifatida qiyin vaziyatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi va ularni munosib engib o‘tdi.
SPORTS.uz axborot portali UZSPOKT_no1 instagram sahifasi bilan hamkorlikda Durdona Shokirova bilan suhbat uyushtirdi.
- Durdona sport bilan qachondan shug‘ullana boshlagansiz?
- Men etti yoshimdan badiiy gimnastika bilan shug‘ullana boshladim. Onam sog‘lom voyaga etishim uchun sport to‘garagiga etaklab olib borganlar. Ota-onam doimo meni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilishadi. Sport sohasida ham xuddi shunday. Ularning ko‘magisiz muvaffaqiyatlarga eriga olmasdim.
- Qiz bola uchun sport og‘irlik qilmaydimi?
- Avvalo sportga salomat voyaga etish uchun kelganman. Sport har qanday qiyinchilikni engib o‘tishni o‘rgatadi. Chunki hayotda hech narsaga osonlikcha erishib bo‘lmaydi. Buni tabiiy qabul qilish kerak. Albatta, qiz bola faqat sport bilan chegaralanib qolmasligi kerak. Qiz bolaning oilada, jamiyatda umuman hayotda o‘z o‘rni va mas’uliyati bor. Men hammasini uddalashga harakat qilaman. Qolaversa, ota-onam va yaqinlarim meni har tomonlama qo‘llashadi.
- Badiiy gimnastikadagi natijalar qanday bo‘ldi?
- Avvaliga badiiy gimnastika bilan salomatlik uchun shug‘ullangan bo‘lsam-da, keyinrroq musobaqalarda qatnasha boshladim. Hammasi bosqichma-bosqich amalga oshdi. Tajriba ortgan sari turnirlar darajasi ham ko‘tarildi. Badiiy gimnastikachi sifatida respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda g‘olib bo‘ldim.
- Badiiy gimnastikadan nega ketgansiz?
- Bu sport turida o‘z oldimga yuksak maqsadlarni qo‘ygan edim. Lekin jarohat tufayli faoliyatimni davom ettira olmadim. Sportdagi yagona armonim ham shu. O‘zim bolaligimdan shug‘ullangan sport turidan ko‘zlagan maqsadimni amalga oshira olmay qoldim.
Garchi qiynalgan bo‘lsam-da, sportdan uzoqlashmadim. Takevondo bilan shug‘ullanishni boshladim.
- Siz taekvondoga gimnastikadan o‘tgansiz. Ikki xil sport turi. Taekvondo musobaqalarida raqib oldida qo‘rquv bo‘lmaydimi?
- Aslida gimnastika elementlari har bir sport turi negizida borligini aytishim kerak. Badiiy gimnastika bilan shug‘ullanganim taekvondo mashg‘ulotlarida qo‘l keladi. Chunki gimnastika insonda egiluvchanlik, muvozanatni saqlash, epchillik va chidamlilik kabi xususiyatlarni shakllantiradi.
Albatta har bir musobaqa oldidan hammada hayojon bo‘ladi. Buni qo‘rquv deb bo‘lmaydi. Qo‘rqqan sportchi har qanday bellashuvda yutqazadi. Chunki u o‘ziga o‘zi yutqazib bo‘lgan. Men esa har bir bahsga kirishish oldidan o‘zimga o‘zim ota-onam, ustozlarim va mei qo‘llab-quvvatlab kelayotganlarning ishonchini oqlashni o‘ylayman. Bu o‘zimni qo‘lga olib, musobaqada g‘olib chiqishimga undaydi.
- Sport tark etish fikri bo‘lganmi?
- Sportni yangi boshlagan vaqtimda bo‘lgan. Buni yashirmayman. Hammasiga jismonan charshab qolishim sabab bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan jismoniy yuklamalarga ko‘nikib ketdim. Hozir o‘sha paytlar sportni tashlab ketmaganimga shukr qilaman.
Bundan tashqari, hayotda turli vaziyatlar yuzaga keladi. Sportchi bo‘lgani uchun har qanday qiyinchilikni o‘z kuchim bilan engib o‘tishga harakat qilaman. Musobaqalarda yutqazib qo‘ygan paytlarim ham bo‘lgan. O‘shanda eng avvalo aybni o‘zimdan qidirganman. Mag‘lubiyatsiz yutuqqa erishib bo‘lmaydi. Har qanday murakkab ahvolda ham ertangi kunga ishonch bilan qarash kerak.
- Aslida sportga salomatlik uchun kelgandingiz...
- Ha, sport – salomatlik vositasi. Boshida sog‘lig‘imni mustahkamlash uchun sport bilan shug‘ullanganman. Keyin O‘zbekiston sportchilarining xalqaro maydondagi yutuqlarini ko‘rib ularga havasim ortdi. Men ham musobaqalarda g‘olib chiqishni istardim. Shuning uchun sportga bo‘lgan e’tiborim o‘zgardi. O‘z oldimga katta maqsadlarni qo‘ya boshladi. Zotan sport odamni yuksak cho‘qqilarga intilish va maqsadi yo‘lida og‘ishmay mehnat qilishga o‘rgatadi.
- Durdona, qaysi sportchilarimizga havas qilasiz?
- Men jahon miqyosida O‘zbekiston nomini tanitgan har bir sportchini hurmat qilaman. Ayniqsa FIFA referisi Ravshan Ermatov, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan bokschilardan Hasanboy Do‘smatov va Fazliddin G‘oibnazarov, Olimpiya o‘yinlarida qatnashgan birinchi badiiy gimnastikachimiz Ulyana Trofimova, taekvondo bo‘yicha jahon chempioni Dmitriy Shokinga havas qilaman.
- Sportchi sifatida nimalarni orzu qilyapsiz?
Men ham o‘zim havas qilgan sportchilar singari yuqori nufuzli musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni istayman.
Durdona, samimiy suhbat uchun rahmat. Orzularingiz ushalishini tilaymiz!






Fikrlar