Evropaning top-klublarida o‘ynaydigan futbolchilarga ega, Afrikaning eng nomdor jamoasi hisoblangan — Marokash

  • 10 noyabr, 2022, 21:58
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 11 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "F" guruhining uchinchi vakili Marokash orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Marokash qirollik futbol federatsiyasi. Laqabi — “sherlar”.

Tashkil topgan yil: 1912 yil (FIFAga 1913 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Valid Regragi
Jamoa sardori: Romen Saiss

Ilk rasmiy uchrashuvi: Marokash – Iroq 3:3 (1957)
Eng yirik g‘alaba: Marokash – Saudiya Arabistoni 13:1 (1961)
Eng yirik mag‘lubiyat: Marokash – Vengriya 0:6 (1964)

Marokash ayni payt FIFA reytingida 22-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 8-pog‘ona bo‘lib, 1998 yilda ushbu natijaga erishgan. “Sherlar”ning yomon natijasi 95-o‘rin. Ular 2010 yilda mazkur “yutuq”ni qayd etgan.  

Bir necha haftadan so‘ng Marokash terma jamoasi o‘z tarixidagi oltinchi jahon chempionatiga boradi. "Atlas sherlari" — marokashliklar o‘z futbolchilarni vatanida shunday deb atashadi. Ular qit’asining eng muvaffaqiyatli terma jamoalari qatoriga kiradi. Jahon chempionatlarida faqat Kamerun Marokash termasidan ko‘proq ishtirok etgan – etti marta.

Shuningdek, Marokash Afrika qit’asidan mundial guruh bosqichidan chiqqan birinchi jamoa ekanligi bilan ajralib turadi.

Jahon chempionatining 1/8 finaliga chiqish - 1986 yil.

Marokash o‘sha yilgi mundial guruh bosqichida Polsha, Angliya va Portugaliya bilan bir guruhdan joy olib, 5 ochko bilan keyingi bosqich masalasini hal qilgan. “Sherlar” musobaqaning nimchorak finalida Germaniyaga qarshi maydonga tushishadi. O‘sha uchrashuvda marokashliklar katta sensatsiyaga yaqin kelishgandi, biroq final hushtagi chalinishiga uch daqiqa qolganda o‘sha paytdagi afsonaviy futbolchi Lotar Matteus gol urib, Marokashning JChdagi ertagiga nuqta qo‘ydi. Darvoqe, o‘sha jahon chempionati finalida Germaniya Argentinaga (1:2) mag‘lub bo‘lgan.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Afrika qit’asida jahon chempionati uchun saralash 3 bosqichdan iborat. Birinchi bosqichda FIFA reytingida 26-o‘rindan pastda bo‘lgan (Afrika qit’asi bo‘yicha) 28 ta jamoalar qatnashadi (27 dan 54-o‘ringacha). Ushbu bosqichda muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar saralashning ikkinchi qismiga yo‘l oladi va unda 40 ta jamoa 4 tadan bo‘lib, 10 ta guruhga bo‘lingan holda JCh uchun kurashni davom ettiradi. 10 ta guruhning g‘oliblari 3-bosqichda 5 ta juftlikka bo‘linib, o‘ynashadi va g‘olib JChga yo‘l oladi.

Marokash Qatardagi mundial uchun saralashni 2-bosqichdan boshladi. Ular Gveniya-Bisau, Gveniya va Sudan bilan “I” guruhidan joy oldi va 100 foizlik natija bilan 3-bosqichga yo‘l oldi.

Qur’aga ko‘ra, Marokashning so‘nggi bosqichdagi raqibi Kongo DR bo‘ldi. Uy va safar tizimi ostida o‘tadigan bellashuvlarda “sherlar” raqibidan kuchliroq ekanligini isbotladi. Marokash safardagi uchrashuvda 1:1 hisobida durang o‘ynagan bo‘lsa, o‘z maydonida Kongo DRni 4:1 hisobida mag‘lub etib, Qatardagi mundial yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Jamoa etakchilari

Marokash terma jamoasi ham ancha yulduzli tarkibga ega. Xususan, “sherlar” tarkibida PSJning asosiy tarkib futbolchisi Ashraf Xakimi, “Sevilya” darvozaboni Yassin Bunu va hujumchi Yussef En-Neseri, o‘tgan yili “Barselona” sharafini himoya qilib, bu yil “Osasuna” tarkibida o‘ynayotgan Abde Ezzalzuli, bu mavsum “Bavariya” bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan Nussair Mazraui kabi futbolchilar bor.

Shuningdek, Marokashning qolgan futbolchilari ham Evropaning kamtarroq jamoalarida to‘p tepsa, Abdulrrazoq Xamdallax va Badr Banun Osiyoning nomdor klublari a’zosi hisoblanadi.

Marokash terma jamoasining Qatardagi mundial uchun chaqirilgan futbolchilari ro‘yxati:

Darvozabonlar: Axmed Tanyauti (“Vidad”), Yassin Bunu (“Sevilya”), Munir El-Kajui (“Al-Vaxda”).
Himoyachilar: Ashraf Xakimi (PSJ), Nussair Mazraui (“Bavariya”), Naif Aguerd (“Vest Xem”), Romen Saiss (“Beshiktosh”), Ashraf Dari (“Brest”), Javad El-Yamik (“Valyadolid”), Yaxyo Attiyat-Allax (“Vidad”), Badr Banun (“Qatar SK”);
Yarim himoyachilar: Sofyan Amrabat (“Fiorentina”), Abdulxamid Sabiri (“Sampdoriya”), Selim Amalla (“Standard”), Azzedin Unaxi, Sofian Bufal (barchasi — “Anje”), Bilal El-Xannus (“Genk”), Yaxyo Jabrane (“Vidad”), Xakim Ziesh (“Chelsi”), Amin Arit (“Marsel”);
Hujumchilar: Abde Ezzalzuli (“Osasuna”), Zakariya Abuxlyal (“Tuluza”), Ilyos Shair (“Kuins Park Reyndjers”), Yussef En-Neseri (“Sevilya”), Valid Xeddira (“Bari”), Abdulrrazoq Xamdallax (“Al-Ittixod”).

JCh-2022dagi taqvimi

23 noyabr. Marokash — Xorvatiya
27 noyabr. Belgiya — Marokash
1 dekabr. Kanada — Marokash

 

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!