
Futbolchilar huquqini himoya qilish uyushmasi rahbari: "Jaloliddinov bilan xuddi "quldek" shartnoma imzolashgan"
Bu safar, saytimizda futbolchilar huquqini himoya qilish markazi rahbari - Kamoliddin Murzoev mehmon bo‘ldi. Saytimiz “You Tube” kanali uchun intervyu berdi. Ushbu suhbatda, sobiq futbolchi ko‘plab achchiq haqiqatlar to‘g‘risida fikr bildirdi. O‘zbekiston Superligasidagi eng katta muammolar sifatida uyushma rahbari maoshlarni egasiga etib bormayotgani, klublarning noprofessional ish olib borayotgani, kelasi mavsumda totilazatorning yurtimizga kirib kelishi va boshqa ko‘plab qiziqarli mavzularda fikrini ma’lum qildi. Intervyuni tez kunda to‘liq formatda saytimizning “You Tube”dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
- Uyushmangizni birlamchi vazifasi nimadan iborat?
- Albatta, futbolchilarni huquqlarini to‘liq himoya qilishdan iborat. Misol uchun, yaqinda Bahodir Pardaevning masalasini muvaffaqiyatli hal etdik. Uning Janubiy Koreya klubida qolib ketgan bir necha oylik maoshi to‘liq undirib berildi. Taxminan 60 ming dollar miqdoridagi summa egasiga etkazildi. Bu biz amalga oshirgan birinchi yoki oxirgi ish emas. Maqsadimiz har bir o‘zbek futbolchisini huquqlari to‘liq muhofaza qilinishi. Buning uchun jamoamiz bilan barcha ishni amalga oshirishga tayyormiz.
- Uyushma huquqlarini himoya qilishi uchun futbolchilardan nima talab etiladi?
- Hujjatlar va boshqa xarajatlar sababli yillik badal puli tashkil etganmiz. Yiliga 500 ming so‘m ulkan summa emas. Afsuski, bu pulni bizga faqat ishi tushgan futbolchilargina to‘lamoqda. Vaholanki, barcha-barcha huquqiy yordamga muhtoj. Yaqinda, O‘FA va PFL bilan memorandum imzoladik. Endi, vakolatimizni kengaytirmoqchimiz. Yaqin yillarda futbolchilarning sug‘urta masalalarini ham biz hal etishimiz mumkin. Bilasizmi, bu bir qarashda g‘alati eshitilishi mumkin, lekin bu uyushma har bir futbolchi uchun muhim. Shaxsan o‘zimni boshimdan o‘tgan kunlarni ular his qilmasin, deyman.
- Adashmasam, sizda ham maosh masalasida Qozog‘istonda muammo yuzaga kelgan?!
- Ha aynan shu voqea keyinchalik uyushmaga asos solishimizga turtki bo‘lgan. O‘sha paytlardayoq Qozog‘istonda charm to‘p bilan professional shug‘ullanuvchilarni huquqlarini himoya qilishga mo‘ljallangan uyushma mavjud edi. O‘sha idora yuristlaridan biri bilan aloqaga chiqqach, u qolib ketgan maoshlarni to‘liqligicha undirib berdi. O‘zbekistonga kelgach, bizda ham shunday huquqshunoslar bo‘lishi kerakligini tushundim. Bu futbolimizning oldinga siljishida, FIFA oldidagi mavqeyimizni ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. O‘zi shundoq ham legionerlarning to‘lanmagan maoshlari sababli obro‘yimizga ancha putur etgan. Mahalliy futbolchilar bilan bo‘layotgan voqealardan xabar topsa, FIFA bizdan xursand bo‘lmasligi aniq.
- Klublarimizda maoshlar masalasida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Yaqinda "Buxoro" klubi a’zolari sizlarga murojaat etgan ekan?!
- Xuddi shunday. Bir yo‘la 14 futbolchi 7 oylik maoshini klubdan undira olmagan. Ular shartnomalarini bizga olib kelishdi. Biz vaziyatni o‘rganib chiqdik va kerakli choralarni qo‘lladik. Natijada, 1 may sanasida ularning maoshini bir qismi to‘lab berildi. Bilasizmi, futbolchining faoliyati juda qisqa. Vohalik yigitlar vodiyga borib to‘p surishga majbur. Oila, farzandlarini tashlab kelganlarni ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi. Toshkentdagi oddiy kirakashlar ham kuniga 100 ming so‘m ishlamasa uyga kirmaydi, biroq e’tibor bering! Ular uyga kirgach, oilasi davrasida dam oladi. Tunda xotirjam uyquga ketadi. Futbolchilar-chi? Farzandlari qanday ahvoldaligi, pul yo‘qligi, ertangi kunga ishonchning yo‘qligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning maydondagi harakatlariga ta’sir ko‘rsatmaydimi? Albatta, ko‘rsatadi. Achinarlisi shundaki, ish shu darajaga etib borgan-ki, futbolchi boshqa jamoaga o‘tish uchun avvalgi klubidagi barcha to‘lanmagan maoshlaridan voz kechib ketadi. Aks xolda, uni yangi jamoasida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonsiz. Bu kabi mayda detallar sababli futbolchilar xotirjam uxlay olmaydi.
- Siz o‘zbek futbolida katta bo‘lgansiz. Uni ichidan yaxshi bilasiz. Aytingchi, sizni futbolchilar huquqi uchun kurash olib borayotganingizni futbolimizdagilar qanday qabul qildi?
- Hozircha, hech qanday qarshilikka uchramadim. Shunday bo‘lsa-da, "senga shu kerakmi?" deb savol beruvchi tanishlarim ko‘p. Agar buni men amalga oshirmasam, unda kim bajaradi? Kimdir ma’suliyatni bo‘yniga olishi kerak-ku! 2014 yillardayoq Qozog‘istonda bunday tashkilot mavjud edi. Bizda 5 yil o‘tibgina rasman ish boshladi. Shundoq ham ko‘p narsaga kech qoldik. Qolgan vaqtdan unumli foydalanish maqsadida ish o‘rganishda davom etyapman. Darhaqiqat, ishimiz ancha mushkul. Hozir huquqshunoslikdagi o‘qishimni davom ettiryapman. Ishni yanada yaxshiroq tushunish, ilojsiz qolgan futbolchilarga yordam berish uchun bilim olish shart.
- Yaqinda, Jasur Jaloliddinovning agenti bilan mojarosini ham aynan sizlar hal etib bergan edingiz. Voqea tafsilotlari bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
- To‘g‘risi, Jasur bizdan yordam so‘raganida, murakkab ahvolga tushib qolgan edi. U bizga "Andijon"dan taklif bor ekanligini aytdi, lekin agenti bilan tuzgan shartnomasiga ko‘ra, boshqa jamoaga o‘tishi imkonsiz edi. Uning shartnomasini o‘rganib chiqdik. Xorijdagi yuristlar bilan maslahatlashib ko‘rdik. Yakunda, "Andijon" jamoasida ro‘yxatdan o‘tishida ko‘mak berdik. Ochig‘i, uning agenti bilan tuzgan shartnomasini ko‘rib qo‘rqib ketasiz. Bu dahshatning o‘zginasi. Uni yosh bola, bilmaydi, deb deyarli qul darajasidagi shartlarga ko‘ndirishgan. Natijada, yosh futbolchi chiqish eshiklari yo‘q xonaga kirib qolgan. Hozircha, vaziyat uning foydasiga hal bo‘ldi. "Andijon"ga o‘tganidan xabar topgan agentlari Jasurga 1,5 million dollar jarimaga tortilishi haqida xat yo‘llagan. Biz bu ma’lumotni ham tekshirdik. Hech qanday rasmiy ayblov qo‘yilmagan. Shunchaki, qo‘rqitmoqchi bo‘lishgan ekan. Endi mavsum so‘nggida, muammoning ikkinchi qismi hal etiladi. Hozircha, Jaloliddinov bemalol "Andijon" sharafini himoya qilishi mumkin.
Fikrlar