
"Galatasaroy" futbolchisi pirotexnik vositalar sababli ko‘z nuridan ayrildi, ammo...
2020 yil 31 dekabr. Tun yarmiga yaqiinlashgan paytda "Galatasaroy" klubi himoyachisi - Omar Elabdullaui xonadonida bayram avjiga chiqmoqda. Oila a’zolari va do‘stlari davrasida o‘tirgan Norvegiya terma jamoasi a’zosi farzandlarini xursand qilish uchun sotib olgan mushaklarni qo‘liga oldi. U sotib olgan mushaklaridan biri negadir "paqillamagani"ni sezdi va uni qo‘liga oldi. Birdan nimaningdir qattiq tovushidan quloqlari bitib qoldi. Ko‘zlari hech narsani ko‘rmayapti. Erga gurs etib yiqilganini sezdi...
Ko‘p o‘tmay, yaqinlarining ovozini eshita boshladi. Turmush o‘rtog‘i yig‘layapti. U tez yordam mashinasining sirenasini g‘ira-shira eslaydi. Istanbulning tor ko‘chalarida shifoxonaga ketar ekan, hayolida futbolchilik kareram endi nima bo‘ladi, degan o‘y o‘tdi.
"Galatasaroy" futbolchisi Omar Elabdullaui "The Guardian" nashri uchun katta intervyu berdi. Ko‘zlarining nurini ortga qaytarish yo‘lida 11 ta operatsiyani boshidan o‘tkazgan futbolchi bugungi kunning chinakam qahramoni desak, adashmagan bo‘lamiz. Keling, hammasi tushunarli bo‘lishi uchun Omarning bo‘lib o‘tgan og‘ir yo‘li haqidagi hikoyasiga quloq solamiz.
"Shifoxonaga kelganimizda, menga og‘riq qoldiruvchi ukol qilishdi. Ancha uxladim. Tongda Fotih Terimni baland ovozda gapirayotganidan uyg‘onib ketdim. Eshitib yotdim. Keyin Arda (Turan) yonimga kelib o‘tirdi. Ko‘zlarimni ochsam zulmat. Birdaniga, seskanib ketdim. Kecha bo‘lib o‘tgan voqealar yodimga tushdi. Darrov shifokorlarni chaqirdim. Ulardan biri darrov etib keldi. Ahvolim qanday ekanligini yashirmay, aytishini talab qildim. U noilojlikdan o‘ng ko‘zimda muammo borligini, chap ko‘zim ancha yaxshi ekanligini aytdi. Barchasini tushundim. Ahvol og‘ir.
Doktorlar ko‘zlarimni yuvib, poroxdan qolgan zarralardan tozaladi. Ikki kun davom etgan muolajadan so‘ng, ko‘zlarim ranglarni ko‘rishni boshladi. O‘sha kuni uxlay olmadim. Tez-tez ko‘zimni ochib, o‘sha kichik nur hech qaerga ketib qolmaganmi, deb tekshirib chiqdim. Ko‘r bo‘lib qolishdan juda qo‘rqdim.
Futbol haqida umuman o‘ylamadim. Hozir bu narsa ko‘ngilmga sig‘mas, farzandlarimni yana avvalgidek chetdan tomosha qilish orzusida yashay boshladim. Agentim analizlarimni dunyoning barcha meditsina rivojlangan davlatlariga yubordi. Xitoy, Kanada, Hindiston, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya... Hech kim ijobiy javob bergani yo‘q. Kutilmaganda, AQShning Tsintsinnati shahridagi ko‘z kasalliklari universitetidan xat keldi. Shaxsan Edvard Xolland meni qabul qilishini aytishdi. Narsalarimni yig‘ishtirdim va agentim bilan birga Okean ortiga yo‘l oldim. Samolyotda borar ekanman, o‘zimni ruhlantirishga urindim. Biroq foydasiz. Havotir, qo‘rquv, ikkilanish qalbimni to‘liq egallab oldi.
AQShda meni shaxsan shifokorni o‘zi qabul qildi. U bunday vaziyatda ko‘z nurini to‘liq qaytarib olish ehtimolini atigi 5-10 foiz ekanligini aytdi. Hatto Afg‘onistonda huddi shunday voqea sababli ko‘zlari jarohat olgan bemor davo topa olmaganini yashirib o‘tirmadi. Avvaliga o‘ng ko‘zimdagi kuyish bilan bog‘liq jarohatlar bilan shug‘ullanishdi. Muolajalar sababli chap ko‘zimning nuri tiklana boshladi. Ayrim to‘qimalarim kuyib ketgani bois menga singlim donorlik qildi. 6 oy davomida 11 marotaba operatsiya qilindim. Eng yomoni nima bilasizmi? Har safar operatsiyadan so‘ng, hech narsa o‘zgarmaganini sezsangizda, atrofdagilar oldida o‘zingizni quvnoq ko‘rsatish. 8-operatsiyadan so‘ng juda ham tushkunlikka tushib qoldim. Shifokorlar palataga olgach, juda ham yig‘lagim keldi. Begona mamlakat, begona odamlar, davosiz dard, futbolsiz o‘tadigan kunlar... Shu payt xonamga singlim va agentim kirib keldi. Keyin o‘ylab qoldim. Men uchun kurashayotgan insonlar uchun ham kuchli bo‘lishim shart! Darrov o‘rnimdan turdim. Doktor buyurgan muolaja va dorilarni qabul qilishda davom etdim. Qo‘llarimni tushurib yuborganim yo‘q. Meni hayot uchun kurashayotganimni ko‘rgan Xolland oldimga keldi. Shu kunga qadar birorta bemor men singari bor kuchi bilan hayotga intilganini ko‘rmaganini aytdi. Men siniqqina jilmaydim. U qo‘llarimni ushlab, hammasi yaxshi bo‘lishini aytib xonani tark etdi.
Bir ko‘zim bilan ko‘rishni boshlagach, darrov sport formamni tartibga keltirishni boshladim. Fitnes murabbiy bilan birgalikda, AQShda mashg‘ulotlar o‘tkaza boshladik. Organizmimni charchatib qo‘ymaslikka urinib avvaliga kuniga bir mahal, keyin sutkasiga ikki marotabadan mashqlar bajardim. Tan olish lozim. Aynan shu omil meni ertangi kunga bo‘lgan ishonchim yo‘qolmasligida qo‘l keldi.
Ko‘p o‘tmay, 11-operatsiya uchun jarrohlik xonasiga kirdim. Narkoz tarqagach, shifokorlar men bilan biroz suhbatlashishdi. Ko‘zimdagi bintni olib tashlashgach, atrofni tiniq ko‘ra boshladim. Qo‘rqa-pisa jarohat olgan ko‘zimni ochdim. Hammasi yorqin ko‘rina boshladi. O‘sha lahzada, orzusi ro‘yobga chiqqan boladek baqirib yubordim. 5-6 soniya davom etgan kulgi o‘rnini qalbimning tubidan chiqib kelgan ko‘z yoshlar egalladi. Ko‘zlari ko‘rib turgan inson bu ne’mat aslida qay darajada qadrli ekanligini hech qachon bilmaydi.
Oilam bag‘riga qaytdim. Yana futbol haqida o‘ylashni boshladim. Avvaliga mashg‘ulotlarda maxsus ko‘zoynak bilan qatnashdim. 28 yanvar sanasida esa, mavsum oldi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdim. Biz yirik hisobda g‘alaba qozondik, ammo bunisi muhim emas. Asosiysi, men hayotimdagi eng katta "jang"da g‘olib chiqdim. Bu hikoyani kelajakda albatta nabiralarimga ham aytib beraman."
Sizningcha, Omarni bugungi zamon qahramoni deyish mumkinmi? Fikringizni izohlarda qoldiring!
Ya . U
Fikrlar