
Ispan klublari qaysi futbolchilarimizga qiziqqan yoxud "Real"ning o‘zbekistonlik qadrdoni haqida bilasizmi?
O‘zbek futbolini rivojlantirishda uning ichki va tashqi jihatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Futbolimizni tanitishda parda ortidagi insonlarning mehnati ham beqiyos va ko‘pincha ularni unutib qo‘yamiz.
Bugungi maqolamiz qahramoni aynan shundaylardan biri. Balki uni ko‘pchilik yaxshi bilmas, biroq o‘zi futbol odami sifatida anchadan beri Evropada, aniqrog‘i Ispaniyada faoliyat ko‘rsatib keldi. Agar eshitgan bo‘lsangiz, oxirgi paytlarda yurtimizda “El Golazo” kompaniyasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning asoschilaridan biri esa Zokirjon Xoliqov bo‘lib, u bir necha yillar davomida Ispaniyada yashab, o‘sha erda faoliyat ko‘rsatib keldi.
E’tiborlisi, Xoliqovda murabbiylik bo‘yicha UEFAning “V” hamda “A” litsenziyalari bor. O‘zi “Real”, “Barsa”, “Atletiko” va yana boshqa klublarda amaliyot o‘tagan. Ayniqsa, uning “Real” klubi bilan aloqalari mustahkam va bu borada o‘zaro hamkorlik ham mavjud.
Shuningdek, ushbu mutaxassis O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ham ishlagan. O‘z vaqtida, O‘FA bilan Ispaniya futboli rahbarlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha muzokaralarda bevosita Zokirjon Xoliqov ishtirok etgan. Qolaversa, o‘zbek futbolchilariga ispan klublarining qiziqishi ham aynan ushbu mutaxassis orqali ro‘y bergan. Kuni kecha sports.uz muxbiri Zokirjon Xoliqov bilan suhbat uyushtirdi.
- 2006 yili Toshkentda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro huquq fakultetiga o‘qishga kirganman, - deya suhbatni boshladi Xoliqov. - U erda ikkinchi kursdan boshlab ikkinchi til tanlanadi. Yoshligimdan futbolga qiziqardim, ayniqsa, ispan futboliga. “Real” va “Barselona” o‘yinlarini ko‘rib katta bo‘lganmiz. Mening birinchi chet tilim ingliz tili bo‘lgan. 2007 yili ikkinchi chet tilim sifatida ispan tilini tanlaganman. Shundan boshlab, Ispaniyada yashashni va o‘qishni niyat qilganman. 2011 yili diplomatiyani bitirgan bo‘lsam, 2012 yili Ispaniya qirolligining tashqi ishlar vazirligini diplomatik maktabiga magistraturaga kirganman. 2013 yili Madridda o‘qishni tugatgach, Malaga shahriga ketganman. O‘sha yili UEFAning “V” kurslari uchun murabbiylik o‘qishini boshlaganman. Lekin litsenziyani ololmaganman. Sababi litsenziyani olishim uchun O‘zbekistonda maktabni bitirganimni attestatsiyasi yoki universitetni bitirganligim haqidagi diplomni Ispaniya oliy ta’limi vazirligidan legalizatsiyadan o‘tkazishim kerak edi. Bunga ulgurmaganman. Shuning uchun boshqatdan o‘qishga to‘g‘ri kelgan. 2015 yilda Sevilyada UEFAning “V” litsenziyasiga o‘qishni boshlaganman. Bundan tashqari, o‘sha paytlarda Malagada futbol akademiyalarida amaliyot o‘tab yurganman. Keyin agentlik kompaniyasi bilan ham hamkorlik qilganman. Garet Beylning agenti ishlaydigan katta agentlik kompaniyasi edi, Angliyaniki. 2017 yilda UEFA “V” litsenziyasini oldim. O‘sha yili bahorda O‘zbekistonga qaytib, kuzda federatsiyaga ishga kirdim. 2018 yil yozgacha u erda ishladim va so‘ng Madridga qaytib ketdim. U erda UEFAning “A” litsenziyasi uchun murabbiylik kurslarida o‘qidim. 2019 yilga kelib o‘sha litsenziyani ham qo‘lga kiritdim. Bizda “Real” klubi bilan hamkorlik bor, yurtimizda uning akademiyasini ochmoqchimiz. Ammo o‘tgan yili pandemiya sababli to‘xtab qolgandi. Endi shu ishni yana boshlamoqchimiz. Bundan tashqari, “Real” Madrid bilan ijtimoiy loyihalarimiz bor. Toshkentda va Samarqandda amalga oshirmoqchi bo‘lgan bu ishlarimiz ham hozircha pandemiya tufayli to‘xtatib turibdi. Lekin kuzdan yana davom ettirmoqchimiz.
Men Ispaniyada “Real” Madrid, “Barselona” va “Atletiko”ning akademiyalarida to‘liq ish jarayoni bilan tanishganman. Ispaniya futbol federatsiyasida ham amaliyot o‘tab, uning ham ish jarayonini o‘rganganman. La Liganing ish uslubini ham o‘zlashtirib olganman. Shuningdek, “Valensiya”, “Atletik Bilbao” kabi klublarning ham ishlash uslublarini ko‘rganman. Ispaniya futbolida ipidan-ignasigacha hammasini bilaman.
2015 yili U-20 o‘rtasidagi jahon chempionatidan keyin “YOU FIRST SPORTS” agentligi bilan hamkorlikda Doston Hamdamov bo‘yicha “Bunyodkor”ga “Barselona V” klubidan taklif olib kelgandik. O‘shanda bu klubdan tashqari “Sevilya” hamda “Atletiko”ning o‘rinbosarlar jamoasida ham Hamdamov ko‘rikdan o‘tishi kerak edi. Lekin o‘sha paytdagi “Bunyodkor” direktori Baxtiyor Boboev futbolchini ko‘rikdan o‘tishga qo‘yib yubormagan. Sababi, sotib olish uchun aniq taklif bo‘lsa, shunda qo‘yib yuborishim mumkin, degan. Shundan keyin bu mavzu qolib ketgan. “Bunyodkor” Sardor Rashidovni Qatar klubiga sotgani tufayli Hamdamovni ham pullash haqida o‘ylagan. Lekin oxir-oqibat Dostonni sota olishmadi.
- Yana o‘zbekistonlik qaysi futbolchilarimizga siz orqali ispaniyaliklarning taklifi bo‘lgan?
- 2015 yili Osiyo Kubogida Sardor Rashidov zo‘r o‘ynagandi. O‘sha mahalda Malagada yashardim. Esimda, “Malaga” futbol klubi ham Rashidovga qiziqib qolgandi. Lekin ispanlar ko‘p pul to‘lashni xohlashmaydi. Qatar klubi Sardorga ko‘p pul taklif qilgani uchun “Al-Jaysh”ga ketgan. 2018 yili federatsiyada ishlab yurgan paytimda tanishlarim orqali Segundaning ikkita klubi – Tenerife” hamda “Albasete”dan “Nasaf” futbolchisi Aziz G‘anievga taklif olib kelgandim. Lekin qarshiliklar aytilgan narx kam, deb qo‘yib yuborishni xohlamagan.
- O‘FAda ishlagan chog‘ingizda rahbariyat bilan Ispaniyaga safar chog‘ida futbol mutasaddilari bilan uchrashuvlarda bevosita ishtirok etgansiz. Ayting-chi, Ispaniyadagilar o‘zbek futboli haqida qanday fikrda?
- To‘g‘risini aytsam, ispanlar o‘zbek futboli haqida umuman tushunchaga ega emas. Faqat bitta narsaga guvoh bo‘lganman. 2018 yili Umid Ahmadjonov bilan Ispaniya futbol federatsiyasiga borganimizda o‘shanda Fernando Yerro Ispaniya futbol federatsiyasida sport direktori edi. Shu odam bilan uchrashganimizda men o‘zbek futbolida bir kishini taniyman, dedi. Kimni deb so‘rasak, Mirjalol Qosimovni aytgan. Qanday taniysiz deganimda, sobiq Ittifoq paytida jahon chempionatida o‘ynagan. Yerro ham o‘shanda jahon chempionatida to‘p surgan va Qosimovni eslab qolgan ekan. O‘sha suhbatimizda bizdan Qosimov yaxshi yuribdimi, deb so‘ragandi.
- O‘FA bilan Ispaniya futboli rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etgan mutaxassis sifatida ayting-chi, o‘sha uchrashuvlarning natijasi sezildimi?
- O‘sha muzokaralarda ular bizni yaxshi kutib olishgan. Barcha ishlash jarayonlari bilan tanishtirishgan. Ular bizga, agar xohlasanglar sizlarga mutaxassislarimizni yuborishimiz mumkin dedi. Xullas, boshida hammasi yaxshi edi. La Ligadan yurtimizga mutaxassislar ham keldi. O‘sha tuzilgan memorandum orqali “Eybar” yoshlari Toshkentga kelib Azamat Abduraimov boshchiligidagi jamoamiz bilan o‘ynab ketdi. Keyin “Real” Madridning qisqa kurslarini tashkil qildik. Yurtimizdagi bolalar ham Madridga borib keldilar. Keyinchalik Umid Ahmadjonov lavozimidan bo‘shaganidan so‘ng, hamkorlik to‘xtab qoldi. Bunday hamkorlik o‘z natijasini berishi uchun bir-ikki yil kamlik qiladi. Kamida besh yillik loyihalar bo‘lishi lozim. Masalan, Qatardagi “Espayr” akademiyasini olaylik. Bu katta loyihani amalga tatbiq etish 2000 yillarda boshlangandi. O‘shanda “Real”, “Barsa”dan mutaxassislar olib kelingan. Oradan bir necha yillar o‘tib, Qatar Osiyo Kubogini yutganida bu loyiha natijasini berdi.
- Sizda murabbiylikka ham qiziqish katta. Bejizga UEFAning “V” va “A” litsenziyalarini olmagansiz. Yaqinda “Mash’al”da Serxio Marinangeliga tarjimonlik ham qildingiz. Bilamizki, Joze Mourino ham murabbiylikka tarjimonlik qilish orqali kirib kelgan. Sizda ham bunday istak kuchlimi va Ispaniyada qaysi mutaxassislar bilan yaqin aloqadasiz?
- Menda Ispaniya futbol federatsiyasidan berilgan “A” litsenziyasi bor, bu UEFAning “A” litsenziyasiga to‘g‘ri keladi. Faqat buning uchun men bir yil Ispaniyada ish tajribasiga ega bo‘lishim kerak. Pandemiya tufayli Ispaniyaga safarim to‘xtab qolgan. Murabbiy bo‘lish asosiy maqsadlarimdan biri. Pandemiyadan keyin yana Ispaniyaga borib bir yillik tajribani orttirgan holda u erda “Pro” litsenziyasiga o‘qimoqchiman. Ammo buni o‘qib olish uchun 3-4 yil vaqt ketadi. Bu payt oralig‘ida ishlasam ham faqat yordamchi murabbiy bo‘lib faoliyat ko‘rsatishim mumkin. O‘zbekistonda “El Golazo” kompaniyasini tashkil qilganmiz. Asosiy e’tiborlarimizdan birini shunga ham qaratganmiz. Bu kompaniya orqali “Real” Madrid akademiyasini O‘zbekistonda ochmoqchimiz. Qolaversa, futbol menejmentiga oid ishlarni ham mazkur kompaniyamiz orqali amalga oshirish maqsadlarimizdan biri bo‘lib turibdi. O‘tgan yili may oyida o‘zbekistonlik murabbiy Usmon Toshev bilan Madridda “Atletiko” klubida amaliyot o‘tkazishimiz kerak edi, Diego Simeonening yonida. Yanvar oyida gaplashib qo‘ygandik. Lekin mart oyida Covid kuchayib ketganligi bois bu harakatimiz bekor bo‘ldi.
- Oxirgi paytlarda “El Golazo” haqida tez-tez eshitib turibmiz. Bu kompaniyani tashkil etishdan asosiy maqsad nima?
- “El Golazo” ispancha so‘z bo‘lib, chiroyli gol degan ma’noni anglatadi. 2019 yil oxirlarida Toshkentda asos solganmiz. Yaqin do‘stim, ham sherigim Jahongir Usmonov bilan birgalikda ushbu firmani tashkil qilganmiz. Asosiy yo‘nalishlardan biri bolalar futboli bo‘yicha ishlash, akademiyalarni tashkil etish, mutaxassis, murabbiy va iqtidorli bolalarni Ispaniyaga malaka oshirishga yuborish kabi xizmatlarni ko‘rsatadi. “El Golazo” orqali “Alkorkon”, “Leganes”, “Real” Madridga malaka oshirish uchun iste’dodli bolalar va murabbiylarni yuborganmiz.
- Aynan qaysi mutaxassislarni malaka oshirishga yuborgansizlar?
- Masalan, “Paxtakor”da bolalar murabbiyi bo‘lib ishlaydigan Farruh Fatxullaevni 2019 yili dekabrda yuqorida aytib o‘tgan klublarga jo‘natganmiz. Ikki hafta davomida o‘sha erda tajriba oshirib qaytgan.
- Ispaniyadagi hayotingiz davomida “Real” ishtirokidagi o‘yinlarga ko‘p kirgansiz. Sizni ushbu klub bilan nima bog‘lab turadi va qiziq voqealar ham bo‘lganmi?
- “Real”da ko‘p insonlarni taniyman. 2018 yili Umid Ahmadjonov bilan u erga birga borganimizda bizni prezident lojasiga taklif qilishgan. U erga chipta sotilmaydi, faqat maxsus taklifnoma orqali kiritiladi. O‘shanda Ahmadjonov bilan birga Florentino Peres bilan uchrashganmiz. Raul, Xose Anxel Sanches (“Real”ning bosh direktori), Emilio Butrageno bilan ham yaqindan tanishmiz. “Real”ning yoshlar jamoasida Raul va Xabi Alonsoning mashg‘ulotlar o‘tkazish jarayonini ham yaqindan kuzatganman. Butrageno bilan aloqamiz bor. Bayramlarda, “Real” qandaydir sovrinlar yutgan paytlarda uni tabriklab turaman. “Real” akademiyasidagi ko‘plab murabbiylar bilan yaqindan tanishman.
- Yaqinda “Real” tashabbusi bilan Evropa Superligasiga asos solishmoqchi edi. Hozircha bu loyiha amalga oshmadi. Bunga qanday munosabatdasiz?
- Superligaga kelsak, bu ko‘proq Ervopa grand klublariga foyda topish maqsadida o‘ylab topilgan. “Real” va “Barsa”ning garchi Angliya etakchilaridan nufuzi baland bo‘lsa-da, oxirgi paytlarda teletranslyatsiyalardan kelayotgan pullar ularni qoniqtirmayapti. Shuning uchun “Real, “Barsa” va “Yuventus” ko‘proq teletranslyatsiyalardan pul ishlamoqchi. Bunday musobaqa faqat top-klublarning foydasiga ishlaydi. Bu g‘oyaning oldinga siljishiga ishonch bor. Chunki buning ortida Peres turibdi. Bundan tashqari, Amerika fondlari ham turibdi. Garchi Angliya grandlari Superligadan chiqib ketgan bo‘lsa ham bir narsani unutmaslik kerakki, oltita boy klublaridan to‘rttasining egasi amerikaliklar hisoblanadi. Ular esa pulni ko‘paytirish uchun bu g‘oyani yana qo‘llab-quvvatlashadi. Florentino Peres biznesmen sifatida katta yutuqlarga erishgan. UEFA bilan jang bo‘ladigan bo‘lsa, Peres anoyi emas. U bu ishga kirishishdan oldin hamma tomonini o‘ylab chiqqan. Hattoki, bu borada Madrid sudidan qaror ham chiqarib oldi. Agar ish Evropa sudiga etib boradigan bo‘lsa ham “Real”, “Barsa” va “Yuventus” bu ishda yutib chiqishiga ishonishmoqda. Agar shunday bo‘lsa, Angliya, Italiya etakchilari yana Superligaga qaytishlarining ehtimoli katta. Voqealar rivojini vaqt ko‘rsatadi. Yuqoridagi uchala klub oxiriga kurashmoqchi. Ish sudga oshirilsa yutib chiqishiga ishonishyapti. Faqat bitta to‘siq bo‘ladigan narsa – bu teletranslyatsiyalar, media xoldingga ega bo‘lgan katta-katta telekompaniyalar bunga qarshilik qilmoqdalar. Agar Superliga tashkil etilsa, ular asosiy daromadlaridan mahrum bo‘lishi mumkin. Ammo Florentino Peres futbolda erishaman degan niyatiga doim erishib kelgan. Shuning uchun “Real” dunyoning eng buyuk klubi hisoblanadi. Ispaniyada muxlislar deyarli Superliga tuzilishiga qarshilik qilmadilar. Faqat ingliz ishqibozlari qarshilik qilishmoqda. Lekin insayderlar berayotgan ma’lumotga ko‘ra, FIFA prezidenti Janni Infantino ham Superliga tuzilishiga parda ortidagi inson sifatida rozilik berganga o‘xshab turibdi.
Fikrlar