
Ivan Solovyov: Murabbiy bilan futbolchilar o‘rtasida tushunmovchilik bor deb o‘ylamayman
Namanganning «Navbahor» jamoasida to‘p surayotgan rossiyalik legioner Ivan Solovyov o‘z o‘yinlari bilan muxlislarning e’tiborini qozondi. Shuningdek, uning jamoadoshlari – legionerlar Aleksanr Kasyan bilan Igor Golban ham o‘zlaridan yaxshi taassurot qoldirishyapti. Solovyov esa maydonda haqiqiy jangchidek oxirigacha kurashayotgani va yutqazishni aslo yoqtirmasligi bilan alohida ajralib turibdi. Bemalol aytish mumkinki, uning jamoaga qo‘shayotgan hissasi katta. Shuning uchun bugungi kunga kelib Solovyov namanganlik ishqibozlarning suyuklisiga aylanib ulgurdi. Ayniqsa, legioner sifatida boshqalarga namuna ko‘rsatayotganini ham aytish o‘rinli bo‘ladi. «Navbahor»ning «Metallurg» jamoasiga qarshi uchrashuvidan oldin Ivan bilan bog‘lanib, bir qator masalalar bo‘yicha suhbatda bo‘ldik.
- Avvalo, sizdan O‘zbekiston, jumladan Namangan qanchalik yoqqanligi haqida so‘ramoqchiman. Bu xususida nima deya olasiz?
- Hammasi ajoyib. O‘zbekistonga kelganimdan keyin ilgari bu yurt haqida aytilgan iliq gaplar qanchalik to‘g‘ri ekanligiga amin bo‘ldim. Namangan ham menda juda iliq taassurot qoldirganini alohida ta’kidlamoqchiman.
- O‘zbekona urf-odat va an’analarga ancha ko‘nikib qolgandirsiz?
- O‘tgan vaqt mobaynida o‘zbekona udum va an’analarga asta-sekinlik bilan ko‘nikib boryapman. Sizlarda bayramlar juda boshqacha ruhda o‘tkazilar ekan.
- «Navbahor» chempionatning ikkinchi davrasini kutilgan darajada boshlay olmadi va o‘zining ilk yutug‘ini vodiy derbisida «Andijon»ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda nishonladi. Sizningcha, jamoa o‘yinidagi inqirozning sabablari nimada bo‘lishi mumkin?
- Futbolda gollar kiritgan jamoa yutadi. Aksiga olib ikkinchi davraning ilk uchrashuvlarida golga tortadigan vaziyatlarni yaratgan bo‘lsak-da, negadir omadimiz chopmadi. Vaholanki, klubimiz o‘yinchilarining uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi ishtiyoqlari joyida bo‘lib, ruhiyat masalasida muammolar yo‘q edi. Ammo natijalar ko‘ngildagidek chiqmas ekan, bu holat aks ta’sir ko‘rsatishni boshlaydi. Yaxshi hamki, vodiy derbisida juda kerakli bo‘lgan yutuqqa erishdik.
- Ilgari ham derbilarda o‘ynagansiz. Ammo vodiy derbisi har doim juda boshqacha ruhda kechadi. Ayting-chi, vodiy derbisini o‘zingiz oldin o‘ynagan boshqa derbilar bilan solishtirganda farqli tomonlari nimada ko‘rinadi?
- Derbida ikkala tomon o‘zining eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatishga harakat qiladi. Bu tushunarli holat. Rossiya va Ukrainada derbi maqomidagi uchrashuvlarda qatnashganman. Lekin O‘zbekistondagi vodiy derbisi ham ulardan aslo qolishmas ekan.
- Darvoqe, «Andijon»ga qarshi uchrashuvda sizning mezbon muxlislar tomon hurmatsizlik qilganingiz haqida gap-so‘zlar paydo bo‘ldi. Bunga o‘zingiz qanday izoh bera olasiz?
- Bularning barisi ehtiros bilan bog‘liq. Albatta, o‘yinchilarning hammasi bellashuv chog‘ida o‘zini sipo tutishga harakat qiladi. Lekin shunday vaziyatlar yuzaga keladiki, qanday qilib, quyushqondan chiqib ketganligingizni o‘zingiz ham sezmay qolasiz. Aftidan, men bilan ham shunday holat yuz bergan ko‘rinadi. Qolaversa, mahalliy ishqibozlar ham o‘sha pallada o‘zlarini yaxshi tutganlari yo‘q. Avvalo insoniylikni saqlab qolishimiz kerak. Derbimi yoki boshqami, futbol shunchaki oddiy o‘yin ekanligini zinhor yoddan chiqarmaslik zarur. O‘z navbatida muxlislar ham futbolchilarga nima deb baqirayotganlarini o‘zlari tushunishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi. Axir qars ikki qo‘ldan chiqadi deyishadi-ku.
- Maydonga tushganda bor e’tiboringizni faqat o‘yinga qaratasiz va chinakam jangchi kabi gavdalanasiz. Ayting-chi, maydon tashqarisida ham o‘zingizni shunday tutasizmi?
- Maydondan tashqarida ham o‘zimni bardam tutishga, qiyinchiliklar qarshisida esankirab qolmaslikka harakat qilaman. Agar bunday yo‘l tutmasangiz, «sinib» qolishingiz turgan gap.
- Bo‘sh vaqtlaringizni qanday o‘tkazasiz? Sevimli mashg‘ulotlaringiz bormi?
- Bu erga ko‘chib kelganimdan beri bo‘sh vaqtlarimni ko‘proq bazada o‘tkazishimga to‘g‘ri kelyapti. Albatta, bunday pallada o‘zimni chalg‘itishga harakat qilaman. Qo‘shiq tinglashim yoki kitob mutolaa qilishim mumkin.
- «Navbahor»da yaratilgan shart-sharoitlar, maosh bilan bog‘liq masalalar sizni qoniqtiryaptimi?
- Ha, bu masalada hammasi qoniqarli. Biror narsadan shikoyat qilish uchun sabab ko‘rmayapman.
- Sizni «Navbahor»ga Andrey Kanchelskis taklif qilgandi. Ammo birinchi davra tugamasidanoq uni iste’foga chiqarib yubordilar. Bu hol sizni ranjitdimi?
- Ha, bo‘lmasam-chi! O‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan bunday murabbiyni bo‘shatib yuborishgani meni ranjitdi. Vaholanki, Kanchelskis «Navbahor»ning o‘yin uslubini butunlay o‘zgartirib yuborgandi. Undan juda minnatdorman. Afsuski, birgalikda ishlashni davom ettirish nasib etmadi.
- Jamoaning bugungi bosh murabbiyi Deyan Jurjevich haqida nima deya olasiz? Aftidan, futbolchilarni uning uslubiga moslashishi qiyin kechayotgandek…
- Har bir murabbiyning o‘ziga yarasha ish uslubi va shogirdlaridan talab qiladigan topshiriqlari bo‘ladi. Murabbiylarning ishiga baho berish mening vakolatimga kirmaydi. Deyan Jurjevich ham o‘ziga yarasha ish uslubiga ega bo‘lgan mutaxassisdir. Jamoada u bilan o‘yinchilar o‘rtasida hech qanday tushunmovchilikni ko‘rmayapman. Futbolchining ishi murabbiy tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni bajarishdan iborat. Men shunday jarayonga odatlanganman.
- Shuningdek, birinchi davradan keyin Aleksandr Kasyan bilan sizning boshqa jamoaga ketishinglar haqida ham xabarlar paydo bo‘lgandi. Masalan, sizni «Sochi» klubiga qaytishingiz mumkinligi haqida ham eshitgandim. Bular qanchalik haqiqatga yaqin?
- Bunday gaplarni sizdan eshitib turibman. Avval «Navbahor» oldidagi majburiyatlarimni bajaray-chi, keyin nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Namanganda futbol muhiti har doim yuqori bo‘lgan va muxlislar haddan tashqari talabchan. Bu erdagi futbol muhitini ilk bor ko‘rganingizda nimalarni his qilgansiz?
- Faoliyatim davomida muxlislar bilan to‘lgan stadionlarda ko‘p bor o‘ynashimga to‘g‘ri kelgan. Shunday ekan, tashqi bosim ostida qolish qanday bo‘lishini yaxshi bilaman. O‘z navbatida bunday sharoitda to‘p surishga ko‘nikib ketganman. «Navbahor»ning uy o‘yiniga tomoshabinlar ko‘p tashrif buyurishini to‘g‘risi kutmagandim. Har bir jamoada ishqibozlar suyuklilaridan natijani talab qilishadi. Bu tushunarli, albatta. Namanganlik muxlislarning «Navbahor»dan faqat g‘alaba kutishlarini ham shular jumlasiga kiritish mumkin. Ularning jamoani bu darajada jon kuydirib qo‘llayotganlari menda faqat ijobiy taassurot qoldiryapti xolos. Shunday fidoyi muxlislar uchun maydonda boringni berib o‘ynaning keladi. Axir ishqibozlarni bejizga klubning 12-o‘yinchisiga qiyoslamaydilar.
- O‘zbekiston Kubogi chorak final doirasida «Navbahor» o‘z maydonida «Nasaf»ga imkoniyatni boy berib qo‘ydi va sovrin uchun kurashni to‘xtatdi. O‘sha mag‘lubiyat sabablari haqida nima degan bo‘lardingiz?
- O‘yinni kuzatgan bo‘lsangiz, o‘sha kuni biz raqibga nisbatan ko‘proq xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik. Aksiga olib buni gollar ko‘rinishida ifodalash nasib etmadi. «Nasaf» esa birgina hujumdan samarali foydalanib qoldi va yagona gol raqibni keyingi bosqichga olib chiqdi. Bizga o‘sha kuni aniqlik etishmadi xolos. Imkoniyatlardan samarali foydalana olmaslik mag‘lubiyatimizni ta’minladi. Holbuki, uchrashuvga har tomonlama munosib tayyorgarlik ko‘rgandik.
- Maydonga kuchli bosim ostida chiqishga o‘rganib qolganingizni aytdingiz. O‘yinlardan keyin o‘zingizni tiklash uchun qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lasiz?
- Faoliyatimni boshlagan kezlarda bunday bosimni ko‘proq his qilardim. Keyin esa hammasiga ko‘nikib ketdim. Navbatdagi bellashuvlarga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida o‘zimni qanday bo‘shashtirishni va iloji boricha ko‘p narsani o‘ylamaslikka harakat qilaman.
- O‘zbekiston Superligasi va uning saviyasi haqida nima degan bo‘lardingiz?
- Nima ham deyishim mumkin, chempionatingizda ishtirokchilar soni u qadar ko‘p emas. G‘oliblik uchun asosan to‘rt-besh klub kurash olib boradi. Qolganlar esa butun e’tiborini elitadagi o‘rnini saqlab qolishga qaratadi. Superliganing saviyasini rus premer-ligasiga taqqoslashim mushkul.
- Legioner sifatida Superligamizda faoliyatini davom ettirayotgan xorijlik o‘yinchilar orasida qaysi birini yaxshi taassurot qoldiryapti deya ajratib ko‘rsatgan bo‘lardingiz?
- Meni hammasidan ko‘ra Dragan Cheran namoyish etayotgan o‘yin o‘ziga rom etyapti. U juda kuchli futbolchidir. Bejizga Cheran to‘purarlar poygasida ham etakchilik qilmayapti.
- Sizningcha, «Navbahor»da yaqqol etakchi nomiga kim munosib? Ko‘pchilik bu borada sizni ko‘rsatadi. Bunday qarashlarga o‘zingiz ham qo‘shilasizmi?
- Bizda etakchilar talaygina. Shuning uchun alohida kimnidir ko‘rsatishim qiyin bo‘lsa kerak. Futbol jamoaviy sport turi bo‘lib, unda hamma bir yoqadan bosh chiqarib o‘ynashi maqsadga muvofiqdir. «Navbahor»ning etakchisi sifatida ko‘rsatilishim haqidagi gaplarni xushomad o‘rnida qabul qilaman. Biz yaxlit jamoamiz. Shu bois yana qaytaraman: aynan kimnidir ko‘rsatishim dargumon. Aytish mumkin bo‘lsa, hammamiz etakchimiz.
- Namanganning qaysi joyi sizga ko‘proq yoqadi.
- Alohida bir maskanni ko‘rsatishim qiyin. Namangan chindan ham chiroyli shahar.
- «Navbahor»ning oldiga sovrinli o‘rinlardan joy olish vazifasi qo‘yilgandi. Bugungi kunga kelib jamoa maqsadini aniq bajara oladi deb o‘ylaysizmi?
- Rahbariyat tomonidan jamoa oldiga qo‘yilgan vazifa - Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish imkonini beruvchi yo‘llanmalardan biriga ega chiqishdir. Oldinda hali o‘yinlar ko‘p. Shunday ekan, bundan so‘ng ochkolar yo‘qotmaslikka va musobaqa jadvalida yuqorilab borishga harakat qilamiz. Ammo taqvimga nazar tashlasak, «Navbahor»ni oldinda juda qiyin raqiblar kutib turganligini ko‘rish mumkin: «Paxtakor», «Lokomotiv», «Nasaf»! Ularga qarshi o‘yinlarni munosib o‘tkazishga va iloji boricha yaxshi natija qayd etishga harakat qilamiz.
Fikrlar
Bu aniq