Kimdir legionerga aylandi, yana kimdir o‘zimizning pro-ligada...Chempion futbolchilarimiz bugun qaerda?

  • 12 oktabr, 2020, 17:13
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbek futboli tarixida yorqin g‘alabalarimiz ham bo‘lgan. Ulardan oxirgisi 2018 yilning yanvar oyida Xitoyda o‘tkazilgan U-23 Osiyo chempionatidagi g‘oliblik bo‘ldi. Haligacha ushbu muvaffaqiyatimizni shirin xotiralar bilan eslaymiz, ammo bu tarixga muhrlanib bo‘lgan.

Bizda oldindan shunday bir salbiylik bor. Ya’ni, qaysidir musobaqada o‘smirlar yoki yoshlar terma jamoamiz munosib ishtirok etsa, futbolchilarimizni ko‘klarga ko‘taramiz-u, lekin keyinchalik ularni yo‘qotib qo‘yamiz. Bunga ilgari guvoh bo‘ldik ham.

Biz yuqorida Xitoydagi chempion bo‘lgan jamoamizga bejizga to‘xtalmadik. Ravshan Haydarov olib borgan 22 nafar futbolchi hozir qaerda? Ularning aksariyati milliy terma jamoamizning ertasi sifatida qaralgandi. Hozir o‘sha aytilgan gaplar amalda isbotini topyaptimi? Quyida 22 nafar chempion futbolchilarimizning bugungi holati haqida to‘xtalamiz.

Ism-familiyasi: Botirali Ergashev

Pozitsiyasi: Darvozabon

Klubi: “Qo‘qon-1912”

Iste’dodli posbon, shunday emasmi? Kamtar yigit. Shubhasiz, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlari uning hayotida o‘chmas iz qoldirdi. U o‘sha musobaqada birinchi raqamli darvozabonga aylangandi. Dastlabki uchrashuvda zaxirada qolgan bo‘lsa-da, keyin qolgan barcha o‘yinlarda unga to‘liq ishonch bildirilgan. “Navbahor” va “Dinamo”dagi faoliyatidan keyin hozirda “Qo‘qon-1912” sharafini himoya qilyapti.

Ism-familiyasi: Dilshod Hamroev

Pozitsiyasi: Darvozabon

Klubi: “Navbahor”

Hamroevni “Qizilqum”da to‘p surayotgan Sherali Jo‘raevning ukasi ekanligini hamma ham bilavermasa kerak. Uning bo‘yi biroz pastligini hisobga olmaganda, iqtidoriga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Hamroev o‘sha Osiyo chempionatida dastlabki turda Qatarga qarshi bahsda asosiy tarkibda maydonga tushgan, ammo o‘shanda vakillarimiz yagona gol evaziga musobaqani mag‘lubiyat bilan boshlaganini barcha yaxshi bilsa kerak.

Ism-familiyasi: Rahim Davronov

Pozitsiyasi: Darvozabon

Klubi: “Mash’al”

Musobaqaga uchinchi raqamli darvozabon sifatida olib ketilgan Rahimjon Davronov bugungi paytga kelib ancha o‘sdi. U “Buxoro”da tajribasini oshirdi va endilikda “Mash’al”ning sardori sifatida yaqqol etakchisiga aylandi-qoldi. Natijada Davronov milliy terma jamoaga ham jalb etildi. Bu esa chindan ham unnig “Mash’al” klubi tarbiyalanuvchisining rivojlanayotganidan darak.

yoshlar

Ism-familiyasi: Rustam Ashurmatov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Kvangju” (J.Koreya)

Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz safida to‘liq o‘yin o‘tkazgan yagona futbolchi. Ya’ni, u almashtirishlarsiz barcha uchrashuvlarda 100 foiz to‘p surgan. Finalda esa Vetnam darvozasiga gol urganini unutmagandirsiz-a? Tabiiyki, musobaqadan so‘ng ko‘pchilik qatori Ashurmatovga bo‘lgan qiziqishlar ham ortdi. Ayni paytda u Janubiy Koreyaning “Kvangju” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Qolaversa, milliy terma jamoaga ham nomzod hisoblanadi va yig‘inlarga chaqirilmoqda.

Ism-familiyasi: Hojiakbar Alijonov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Paxtakor”

Xitoydagi turnirdan keyin faoliyatida eng katta o‘sishga erishgan o‘yinchilarimizdan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Alijonov “Paxtakor”da kuchli raqobat yuzaga kelganiga qaramay, etakchilaridan biriga aylandi. O‘z qanotida to‘lik hukmronlikni o‘rnatdi. Osiyo o‘yinlarida esa u uchta uchrashuvda maydonga tushirilgan. Shuningdek, o‘z hisobiga bitta gol ham yozib qo‘ygan. Uning kelajagi porloq ekanligiga ko‘pchilik ishonyapti.

Ism-familiyasi: Akrom Komilov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Paxtakor”

Qo‘qonlik yana bir iste’dod egasi. Osiyo o‘yinlarida terma jamoamiz lisobida to‘rtta bellashuvda maydonga tushgan. Yarim finalda Janubiy Koreya darvozasiga urgan golini hali unutmagan bo‘lsangiz kerak-a? Chempion bo‘lishimizga katta hissa qo‘shgan. Shundan keyin u “Bunyodkor”ni tark etib, “Paxtakor”ga ko‘chib o‘tdi. Hozircha futbolchi ushbu klubda o‘z o‘rnini topishga urinmoqda.

ashurmatov_3

Ism-familiyasi: Abbos Otaxonov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Metallurg”

 “Navbahor”dan keyin “Metallurg”ga ko‘chib o‘tgan Otaxonov haqida ham ko‘pchilik iliq fikrlarni aytishyapti. Himoyada raqiblariga yutqazishni sira xushlamaydi. Ravshan Haydarov uni bejizga Osiyo birinchiligiga olib ketmagandi. Natijada beshta uchrashuvda uning xizmatidan foydalanishgan va maydonda jami 467 daqiqani o‘tkazgan. Hozircha u bor e’tiborini “Metallurg”ga qaratgan. O‘zi esa xorijda legioner sifatida to‘p surishni istamoqda.

Ism-familiyasi: Islom Qobilov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Bunyodkor”

2018 yilgi musobaqada ancha yosh ko‘ringan Qobilov bu yil Tailandda tashkil etilgan turnirda terma jamoamiz sardori va etakchisi sifatida qatnashdi. Ravshan Haydarov Xitoydagi musobaqada undan ikkita uchrashuvda foydalangandi. O‘tgan vaqt davomida esa Qobilov ancha o‘sishga erishdi va bu hol davom etayotgani quvonarli. Endilikda Vadim Abramov uni milliy terma jamoaga ham jalb qilmoqda. Muhimi, u klubida barqaror o‘yin ko‘rsatyapti. Shu bois milliy termaga jalb etilayotgani ham bejiz emas.

Ism-familiyasi: Oybek Rustamov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Qo‘qon-1912”

Iqtidorli futbolchiga o‘sha turnirda uchta o‘yinda maydonga tushish nasib qilgan. Murabbiylar undan asosan ikkinchi bo‘limda o‘yinni kuchaytirish maqsadida foydalanishgan. Keyinchalik Islom Qobilov singari u ham navbatdagi U-23 Osiyo musobaqasida etakchilar rolida gavdalanganini hali unutmagandirsiz. Klubida ham Rustamov o‘z o‘rniga ega. Balki uni ham legioner sifatida ko‘rsak bundan ajablanmaymiz. U ko‘proq tayanch yarim himoyasida o‘ynaydi va milliy termada bu pozitsiyada raqobat kattaligini ham unutmaslik lozim.

Ism-familiyasi: Husniddin G‘ofurov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Surxon”

“Surxon” jamoasida to‘p surayotgan futbolchi Ravshan Haydarov olib ketgan tarkibda bor edi. Biroq musobaqa davomida unga birorta o‘yinda maydonga tushish nasib qilmagan. Chunki raqobat ham kuchli edi. Lekin bu uning salohiyatsiz o‘yinchi ekanligini bildirmaydi. Mana, hozirda G‘ofurov “Surxon”da o‘sha chempion murabbiyi – Haydarov bilan birga ishlamoqda.

Ism-familiyasi: Doston Tursunov

Pozitsiyasi: Himoyachi

Klubi: “Busan Park” (J.Koreya)

Himoyachi sifatida barcha fazilatlarga ega. Osiyo chempionatida beshta uchrashuvda jami 510 daqiqani maydonda o‘tkazgan va guruhdagi oxirgi bahsda Ummonga qarshi kechgan o‘yinda juda muhim golni urgandi. O‘sha chempionlikdan keyin Tursunovning faoliyatida o‘sish sezildi. Ektor Kuper uni milliy terma jamoaga jalb qila boshladi va shuningdek, Yaponiya birinchi divizion vakili – “Renofa Yamaguchi” jamoasi a’zosiga aylangandi. Hozir esa Janubiy Koreyada “Busak Park” klubi uchun o‘ynamoqda. Ammo milliy termaga Vadim Abramov kelgach, hozircha Dostonni yig‘inlarga chaqirmayapti. Sababini murabbiyning o‘zi biladi.

Ism-familiyasi: Aziz G‘aniev

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Shabab Al-Ahli” (BAA)

Uning yarim finalda Janubiy Koreya darvozasiga urgan chiroyli golini hali ham eslab turamiz. O‘sha tarkibda G‘aniev muhim figuraga aylangandi. Ravshan Haydarov o‘zining o‘yin uslubini Azizning atrofida shakllantirgandi. “Nasaf”da porlaganidan keyin u BAAning “Shabab Al-Ahli” jamoasi bilan shartnoma imzoladi. Quvonarlisi, u yangi klubida ham o‘z o‘rnini topdi. Bunga Osiyo Chempionlar ligasidagi musobaqada ham guvoh bo‘ldik. Shuningdek, milliy terma jamoamizga ham nomzod va Abramov uni ham yig‘inlarga jalb qilayotganini yaxshi bilasiz.

Ism-familiyasi: Odil Hamrobekov

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Paxtakor”

G‘aniev singari Hamrobekov ham terma jamoaning etakchisi bo‘la olgan. U Osiyo chempionatida shu qadar ishonchli o‘yin ko‘rsatgandiki, yakunda musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deya e’tirof etilgan. Odil barcha o‘yinlarda ishtirok etgan va 596 daqiqa davomida maydonda to‘p surgan. Ayni paytda esa, “Paxtakor”da ham Hamrobekov tajribasini oshirgancha, jamoasining etakchilaridan biriga aylanib qoldi. Uning kelajagini esa shubhasiz xorijning kuchli chempionatlaridan birida ko‘rayotganimiz ham bejiz emas.

Ism-familiyasi: Javohir Siddiqov

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Paxtakor”

Tinib-tinchimas ijrochi. Ravshan Haydarovning yana bir ishongan o‘yinchilaridan biri, shu sababli Siddiqov ham barcha uchrashuvlarda to‘p surgan va chempionlik uchun munosib hissasini qo‘shgandi. O‘sha paytda “Qo‘qon-1912”da to‘p surardi va endilikda mamlakatimizning eng kuchli klubi – “Paxtakor” sharafini himoya qilmoqda. Ammo Siddiqovga oson bo‘lgani yo‘q. Boisi, “Paxtakor”dagi dastlabki mavsumida og‘ir jarohat sababli bir necha oy davolanishiga to‘g‘ri keldi. Mana, endi asta-sekin yana asosiy tarkibga qaytishni boshladi. Aslida undan ham umidimiz katta.

Ism-familiyasi: Abdujamol Isroilov

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Navbahor”

Chorak finalda Yaponiyaga qarshi uchrashuvning oxirgi daqiqalarida zaxiradan maydonga tushgan Abdujamol Isroilov uchun rasmiy bahslardagi yagona o‘yin bo‘lib qoldi. Bilamizki, o‘sha bahsda vakillarimiz 4:0 hisobida yaponlarni tor-mor keltirishgandi. Isroilov bugungi kunda “Navbahor” sharafini himoya qilyapti. Ammo og‘ir jarohat tufayli u ham ancha vaqtni davolanish bilan o‘tkazdi.

Ism-familiyasi: Doniyor Narzullaev

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Metallurg”

O‘sha musobaqadan keyin “Nasaf” ustozi Ro‘ziqul Berdievning kuyovi bo‘lgan Doniyor Narzullaev bu yilgi mavsumni “Metallurg”da o‘tkazyapti. 2018 yilgi Osiyo chempionatida esa ushbu o‘yinchi ham terma jamoamizning muhim figuralaridan biriga aylangandi. U 6 ta o‘yinda 325 daqiqa davomida maydonda to‘p surgan. “Metallurg”ga o‘tganidan keyin Narzullaevning o‘yini yanada “ochilgani” diqqatga sazovor.

Ism-familiyasi: Doston Hamdamov

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Paxtakor”

Hozirda “Paxtakor” uchun o‘ynab kelayotgan Hamdamov ham o‘sha paytda Ravshan Haydarovning ishongan yigitlaridan biri edi. Shu sababli murabbiy uni barcha o‘yinlarda maydonga tushirgan. Tabiiyki, Doston bunga javoban o‘yinlari va gollari bilan yordam bergan. O‘sha chempionlikdan so‘ng unga qiziquvchilar yanada ortdi. Natijada 2018 yilning mart oyida Rossiya premer-ligasi vakili – “Anji” klubiga ko‘chib o‘tdi. “Tosno”ga qarshi bahsda esa hamyurtimiz debyutini o‘tkazgan. Lekin uning Rossiyadagi faoliyati uzoq davom etmadi. O‘tgan yili “Paxtakor” Hamdamovga taklif bilan chiqdi va shundan buyon “Sherlar” tarkibida o‘ynab kelmoqda. Lekin milliy terma jamoamizda murabbiylar unga ham joy topishyapti.

hamdamov

Ism-familiyasi: Suhrob Nurulloev

Pozitsiyasi: Yarim himoyachi

Klubi: “Dinamo”

Rahim Davronov va Husniddin G‘ofurov singari Suhrob Nurulloevga ham Osiyo chempionatida maydonga tushish nasib qilmagan. Ushbu yigit “Metallurg”da o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi, lekin ma’lum sabablarga ko‘ra u erdan ketdi. Hozir esa pro-ligada “Dinamo” sharafini himoya qilyapti.

Ism-familiyasi: Jasur Yaxshiboev

Pozitsiyasi: Hujumchi

Klubi: “Shaxtyor” (Belarus)

5 ta o‘yinda 3 ta gol urib terma jamoamizning to‘purari bo‘lgan. Shubhasiz, eng iqtidorli futbolchilardan biri edi va gollari bilan terma jamoamizga katta foyda keltirgan. Lekin uning “Paxtakor”dagi faoliyati bir tekis ketmadi. Shundan so‘ng yarim mavsum AGMKda o‘ynagach, omadini izlash uchun Belarus tomonlarga ketdi. Aynan ushbu chempionatda Yaxshiboev legioner sifatida yangi qirralarini ochishni boshladi. Avvaliga “Energetik-BGU”da, so‘ngra “Shaxtyor”da to‘purarlik qobilyatini ko‘rsatib kelmoqda. Natijada milliy termaga ham jalb qilinmoqda. Uning kelajagi porloq ekaniga hamma ishonmoqda. Qolaversa, bu yil Tailanddagi U-23 Osiyo chempionatida ham ishtirok etib qaytdi.

Ism-familiyasi: Zabihillo O‘rinboev

Pozitsiyasi: Hujumchi

Klubi: “Navbahor”

Terma jamoamiz sardori hisoblangan ushbu hujumchi barcha uchrashuvlarda deyarli to‘liq o‘ynagan. Hozirda esa “Navbahor”da to‘p surmoqda. O‘rinboev xususida shuni aytishimiz kerakki, u asosan turli yoshdagi terma jamoalarda muvaffaqiyatli o‘ynab kelgan, faqat milliy termadan tashqari. Chunki unga hali bosh jamoamizda o‘ynash nasib qilgani yo‘q. Klublar miqyosida esa O‘rinboevning faoliyatini o‘rtacha baholash mumkin. Asli “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Lekin bir qator klublarda to‘p surgan. Masalan, “Metallurg”da faoliyat olib bordi. O‘tgan yili esa Yaponiya jey-liga 2 da o‘ynab qaytdi. Bu yil esa “Navbahor” tarkibida. Gol urish borasida esa samaradorligi qoniqarli emas.

Ism-familiyasi: Andrey Sidorov

Pozitsiyasi: Hujumchi

Klubi: “Dinamo”

Biz uni nima uchun haligacha yaxshi ko‘raveramiz? Buni hamma biladi, o‘sha qorli finalda zaxiradan maydonga tushib oxirgi soniyalarda hal qiluvchi golni ura olgan va yakunda O‘zbekiston chempionlikni tantana qilgan. Sidorov esa o‘sha musobaqada ikkita o‘yinda zaxiradan maydonga tushirilgan. Afsuski, uning faoliyatida ko‘tarilish kuzatilmayapti. Klublarini tez-tez almashtirmoqda. Bu yilgi mavsumni Tojikistonning “Xo‘jand” klubida boshlagandi, endi bo‘lsa, pro-ligada “Dinamo” safida o‘ynamoqda.

sidorov_3

Ism-familiyasi: Bobir Abduholiqov

Pozitsiyasi: Hujumchi

Klubi: “Nasaf”

“Nasaf” hujumchisi o‘sha turnirda barcha o‘yinlarda ishtirok etgan, shulardan beshtasida zaxiradan maydonga tushirilgan. Ammo hisobiga birorta gol yozib qo‘ya olmagan. Hozir esa “Nasaf”da to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatyapti. Shuningdek, u ham yil boshida Tailanddagi chempionatda qatnashgan va bitta gol urgandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!