
La Liga. "Real" safarda irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi
Ispaniya La Ligasi 1-turi doirasidagi navbatdagi uchrashuv yakuniga etdi. Unda "Almeriya" o‘z maydonida Madridning "Real" klubini qabul qildi. Qiziqarli kechgan uchrashvda "qirollik klubi" 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z hisobiga mavsumdagi ilk 3 ochkoni yozdirib qo‘ydi.
Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi. O‘yinning 6-daqiqasida mezbonlar futbolchisi Larji Ramazani madridliklarning himoyadagi qo‘pol xatosidan unumli foydalanib, hisobni ochdi - 1:0. Keyingi daqiqalarda ham ko‘plab keskin kurashlar bo‘ldi, biroq birinchi taymda jamoalar boshqa gol urmadi.
Ikkinchi taym "Real"ning ustunligi ostida boshlandi. "Qaymoqranglilar" "Almeriya" darvozasi oldida ko‘plab xavfli vaziyatlarni yaratdi, lekin gol ura olmadi. Nihoyat, uchrashuvning 61-daqiqasida hisob tenglashdi. Mezbon jamoaning himoyasida yuzaga kelgan pala-partishlikdan Lukas Vaskes foydalanib qoldi va tablodagi hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi.
Shundan keyin ustunlik "Real" tomonga o‘tdi va bahsning 75-daqiqasida buni hisobda ham aks ettirdi. "Almeriya" o‘z jarima maydonchasi yaqinida qoida buzdi. To‘p qarshisiga bir daqiqa oldin maydonga tushgan David Alaba yaqinlashdi va o‘zining "Real" safidagi navbatdagi golini kiritdi.
Shu tariqa, "Real" mavsumni safardagi qiyin g‘alaba bilan boshladi.
Fikrlar