
Luka: "Navbahor"da mening xizmatimga qiziqish bor, ular bilan kelishuvga erishishga yaqinmiz"
Ikki yil mobaynida “So‘g‘diyona” sharafini himoya qilgan serbiyalik legioner Luka Chermel jizzaxlilar bilan xayrlashdi.
Luka joriy chempionatda Superligada 24 ta o‘yinda maydonga tushib 1 bor gol urdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Kubogi va OFK Kubogi bahslarida ham qatnashdi.
Kuni kecha Sports.uz jurnalisti Chermel bilan bog‘lanib, qator savollarga javob oldi.
- Luka, “So‘g‘diyona” bilan xayrlashganingizni eshitdik. Bu sizning qaroringizmi yoki klub bilan bir bir to‘xtamga kela olmadingizmi?
- O‘ylaymanki, yangi sheriklar, yangi chaqiriq, yangi maqsadlarni qidiradigan payt etib keldi. Klub rahbariyati bilan kelishgan holda shartnomani bekor qildik. Ular jamoada qolishimni istashgandilar. Men esa o‘rtadagi bitimni bekor qilishimiz kerakligini talab qilib turib oldim.
- Balki Ulug‘bek Baqoevning ketgani ham rejalaringizga ta’sir qilgandir?!
- Murabbiylarning o‘zgarishi ham xuddi futbolchilarning bir jamoadan ikkinchi jamoaga ko‘chib o‘tishlarini eslatib yuboradi. Bunday holat esa futbolning ajratib bo‘lmas qismlaridan biri hisoblanadi. Shaxsan men uchun bunday o‘zgarish biror narsani anglatmaydi.
- Eshitishimcha, “Navbahor” klubi bilan kelishib olibsiz. Shu rostmi?
- Klub mutasaddilari bilan gaplashdim. Ularda mening xizmatimga bo‘lgan qiziqish bor va biz kelishuvga erishishga juda yaqinmiz. Ammo rasman hali hech narsa ma’lum emas.
- Sir bo‘lmasa, oldingizda yana qanday takliflar bor?
- Menda yana bir qancha klublardan bo‘lgan takliflar bor. Hammasini obdon, taroziga solib o‘ylashga to‘g‘ri keladi.
- So‘g‘diyona”dagi faoliyatingiz mobaynida sizga hammadan ko‘ra ko‘proq nima yoqdi?
- “So‘g‘diyona”da mahalliy futbolchilarning hurmat-e’tiborini qozondim. Xuddi shunday fikrni shu erlik ishqibozlar xususida ham bildira olaman. Fursatdan foydalangan holda meni bu erda ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlaganlari uchun hammasiga minnatdorlik bildiraman. Bu erda o‘tgan ikki yil men uchun ko‘p narsani bildiradi.
- Baqoev bilan yana birga ishlash niyatingiz bormi?
- Bu futbol, unda hamma narsaning ilojisi bor.
- Siz uchun O‘zbekiston chempionatidagi eng kuchli legioner kim?
- Ko‘plab yaxshi o‘yinchilar bor. Shu bois unisi yoki bunisi zo‘r deb ajrata olmayman. Dragan Cherandan boshlab yurtingizda juda ko‘plab xorijlik futbolchilar o‘ynab kelmoqdalar. Ularni nomma-nom sanab berish ancha vaqtni olgan bo‘lardi.
- “Paxtakor”ning chempionlikni qo‘lga kiritishini o‘ylaganmidingiz? Umuman aytganda, qaysi klubni shohsupaga ko‘tarilishini kutgandingiz?
- Futbol hamma joyda o‘ziga xos tarzda o‘ynaladi. To‘p dumaloq, maydon tekis. O‘yinchilar ochkolarni qo‘lga kiritish uchun to‘p surishadi. “Paxtakor” o‘zida g‘oliblarga xos mentalitet borligini va doim sovrin hamda unvonlar uchun kurashishini ko‘p marotaba isbotlab bergan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar