
«Man Siti» EChL finaliga chiqqan nechanchi ingliz klubi? Yana qaysi chempionat vakillari turnirning hal qiluvchi o‘yinlarida ishtirok etgan?
Bu yil ham klublar miqyosidagi eng nufuzli musobaqa finalida ishtirok etayotgan jamoalar soni bittaga ortmoqda. 2020 yilda PSJ ular safiga qo‘shilgan bo‘lsa, endi «Manchester Siti» o‘z tarixida yangi sahifa ochdi. Xo‘sh, «shaharliklar»dan tashqari yana qaysi klublar finallarda to‘p surgan? Qaysi mamlakat jamoalari eng ko‘p finalda ishtirok etgan? Bugun shu mavzuga doir qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishtirib o‘tamiz.
Evropa chempionlar kubogi/EChL finalida to‘p surgan klublar.
Angliya - yaqqol etakchi!
Naqd 9 ingliz klubi nufuzli musobaqa oltin medallari uchun maydonda to‘p surgan. Ularga e’tibor qarating: «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Nottingem Forest», «Aston Villa», «Chelsi» / «Arsenal», «Lids Yunayted», «Tottenxem» i «Manchester Siti»*.
/ ushbu belgiga qadar nomi zikr qilingan klublar turnirda g‘alaba qozongan. Qolganlar esa, final bilan cheklanganlar. «Siti»ga alohida belgi qo‘yilgan. Sababi, ular finalga chiqibgina qolmay, musobaqada g‘alaba qozonish imkoniyatiga ham ega.
Umumiy hisobda, ingliz klublari 22 bor hal qiluvchi bahsda ishtirok etgan. E’tiborlisi shundaki, finallarning (9) katta qismi «Liverpul»ga tegishli. Undan keyingi pog‘onada (5) «Manchester Yunayted» bormoqda. Aslida, bu ko‘rsatgich borasida inglizlar Ispanlardan orqada. «La Liga» vakillari 29 finalda ishtirok etgan. Shuningdek, Italiyaliklar ham 28 final bilan maqtanishi mumkin, biroq chempionlar soni borasida inglizlar yaqqol peshqadam. Futbol vatanidan «Liverpul», «Manchester Yunayted», «Nottingem Forest», «Aston Villa», «Chelsi» singari jamoalar shohsupaga ko‘tarilgani haqida aytib o‘tdik. Ular orasiga «Siti» ham qo‘shilsa, inglizlar bu ko‘rsatkich bobidagi farqni yanada yaxshilab olishi mumkin.
Italiya - 6 jamoa
Apennin yarim oroli vakillaridan 6 klub EChLning muhim uchrashuvida qatnashgan. «Milan», «Yuventus» va «Inter»dan tashqari, «Fiorentina», «Roma» va «Sampdoriya» ham «shalpangquloq» uchun hal qiluvchi jangda ishtirok etgan. To‘g‘ri, ularga oltin medallar nasib etmagan, ammo finaldagi raqiblar darajasini unutmaslik lozim! «Real», «Liverpul» va «Barselona» o‘zining eng kuchli davrlarida italyanlarni ranjitgan. «Milan» esa, Italiyaga olib ketilgan sovrinlarning yarmini muzeyida saqlamoqda. «Rossonerilar» EChLda Italiyaning eng kuchli klubi sanaladi.
Germaniya - 6 jamoa
Bundesligada «Bavariya»ning yaqqol oldinda ekanligini darrov anglagan bo‘lsangiz ajab emas. Shunga qaramay, nemis futbol olami vakillaridan 6 klub EChL finallarida to‘p surgan. «Bavariya», «Borussiya Dortmund», «Gamburg» chempionlikni nishonlagan bo‘lsa, «Bayer», «Borussiya Myonxengladbax» va «Ayntraxt Frankfurt» chempionlikka etdim, deganda yiqilgan. E’tiboringizni «Gamburg»ga qaratmoqchimiz. Hozirda quyi ligada harakat qilayotgan klub ikkita finalda o‘ynagan. Avvaliga Brayn Klafning «Nottingem Forest» (1980 yilda) klubiga engilgan bo‘lsa, 3 yildan so‘ng «Yuventus»ni minimal natija bilan mag‘lubiyatga uchratgan. Finalda yagona bo‘lib qolgan golni bugungi avlod muxlislariga murabbiy sifatida yaxshi tanish bo‘lgan - Feleks Magat kiritgan.
Frantsiya - 5 jamoa
Frantsuz futbolchilari EChLda zafar quchish borasida hech qanday muammoga duch kelmagan, ammo ushbu yurt klublarida bu borada muammo mavjud. Sababi finallarda to‘p surgan «Marsel», «Reyms», «Monako», «Sent-Eten», «Pari Sen-Jermen»dan faqat «Marsel» klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqada zafar quchgan. Yagona g‘alaba ham kelasi yili katta janjallarga sabab bo‘lgan edi. Bernard Tapi amalga oshirgan qing‘ir ishlar sababli Frantsiya kelasi mavsumda «Marsel»ni qattiq jazolaydi. Natijada, klub EChL tarixida o‘z titulini himoya qilishga urinib ko‘rmagan yagona klubga aylanadi.
Ispaniya - 4 jamoa
Aslida, ispanlar qo‘lga kiritilgan EChL bosh sovrinlari borasida (18) yaqqol peshqadam. Shunga qaramay, ularning atigi 4 jamoasi finalda to‘p surgan xolos. Sezganingizdek «Real» va «Barselona» chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Valensiya» va «Atletiko»ga omad kulib boqmagan. Vaholanki, bu klublar umumiy hisobda naqd 5 finalda ishtirok etgan.
Niderlandiya - 3 jamoa.
E’tiborlisi shundaki, «lolalar yurti» grandlarining uchtasi finalda to‘p surgan va uchalasi ham chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgan. «Ayaks», «Feyenoord» va PSV ilk urinishdayoq niyatiga etgani tahsinga sazovor! «Ayaks» 2 bor finalda mag‘lub bo‘lganiga qaramay, 4 marta «shalpangquloq»ni Amsterdamga olib kelgan.
Portugaliya - 2 jamoa
Figu va Ronaldu singari super yulduzlarni etkazib bergan yurt klublaridan ikkitasigina EChLda hal qiluvchi o‘yinga qadar etib borgan. Sezganingizdek, ular «Portu» - «Benfika» tandemi. Ushbu tandem umumiy hisobda 4 bor Evropaning eng kuchli klubi nomiga loyiq ko‘rilgan. «Portu»dan farqli o‘laroq, «Benfika» sovrinni bir necha bor boshi uzra ko‘tarishi mumkin edi. Aytishlaricha, barchasiga Beli Guttmanning la’nati sabab emish. Gap shundaki, «burgutlar»ni 1961-1962 yillarda Evropaning eng kuchli jamoasiga aylantirgan mutaxassis maoshini ko‘tarib berishlarini iltimos qiladi. Rad javobini olgach, shartta Portugaliyani tark etadi. O‘sha voqeadan so‘ng, «Benfika» 5 bor finalda mag‘lub bo‘ldi. Bu orada «Portu» ikki bor EChLda zafar quchib ularga etib oldi.
Yugoslaviya/Serbiya - 2 jamoa
1991 yilda «Tsrvena Zvezda» klubi hammani hayratda qoldirdi. Tarkibida Sinisha Mixaylovich, Deyan Savichich singari yulduzlari bor klub finalga chiqdi va «Marsel»ni penaltilar seriyasida taslim etdi. Aslida, ushbu yurt vakillari ancha ilgari Evropa chempionlar kubogida g‘olib chiqishi mumkin edi. 1966 yildagi finalda «Partizan» so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gollar evaziga «Real» Madridga mag‘lub bo‘ladi.
Ruminiya - 1 jamoa
Ruminlarda ikkita finalda bitta klub bor! «Styaua» hozir Evropa Ligasi darajasidagi klub bo‘lishi mumkin, ammo 80-yillarning o‘rtalarida Evropada ularni to‘xtatib qolish imkonsiz edi. 1986 yilgi final bahsida Emerix Eney shogirdlari «Barselona» bilan tengma-teng kurash olib bordi. G‘olibni penalti aniqlab berdi. Kataloniyaliklar 4 zarbaning barchasini noaniq amalga oshirgan bo‘lsa, ruminlar 2 zarbani golga aylantirdi. Qarabsizki, «Styaua» Evropa chempionlar ligasi g‘olibi! Oradan 3 yil o‘tgach, klub yana bir bor finalda o‘ynadi. Bu safar Milanning «Milan» klubi ularni ayab o‘tirmadi. 4:0! Shu bilan rumin klublari ertagi yakuniga etdi!
Shotlandiya - 1 jamoa
«Seltik» va «Reynjers» muxlislari talashib qolsa, «keltlar» darrov hamshaharlaridan «Evropa chempionlar kuboging qani» deb so‘rashadi. Jamoa fanatlari 1967 yilda qo‘lga kiritilgan oltin medallar bilan hali-hamon faxrlanadi. Darhaqiqat, sayyoramizning eng badavlat klubi - «Inter» bilan bahsda «Seltik» qahramonlik ko‘rsatgan edi. 3 yil o‘tib, «Seltik» yana finalga chiqdi. Bu safar 117 daqiqa «Feyenoord»dan qabul qilingan gol sababli, sovrinsiz ortga qaytib ketishga to‘g‘ri keldi.
Boshqalar - 3 jamoa
Belgiyaning «Bryugge», Gretsiyaning «Panatinaikos» va Shvetsiyaning «Malmyo» jamoalari nafaqat klub, balki mamlakat futboli tarixida EChL finalida to‘p surgan yagona klublar sirasiga kiradi. Ularning barchasi ilk urinishdayoq qoqilgan bo‘lib, hech biri «mo‘’jiza» namoyish etmagan. 1971 yilda greklar «Ayaks»ga mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa, 1978 yilda «Bryugge»ga «Liverpul» hech qanday imkoniyat qoldirmagan. 1979 yilga kelib shvedlarni «Nottingem Forest» sovrinsiz qoldirgan.
Fikrlar