Nihoyat, "Andijon"da yorug‘ kunlar yaqin! Klubning yangi rahbari bilan qarzdorlik, bosh murabbiylikda kimni ko‘rmoqchiligi, Superligada qolishiga ishonayotgani va yangi rejalari haqida suhbat
“Andijon” klubida yuz berayotgan o‘zgarishlar borasida saytimiz orqali ma’lumotlar berib boryapmiz. Kuni kecha klubga yangi rahbar tayinlanganidan barchaning xabari bor. Chunki klub moliyaviy jihatdan og‘ir kunlarni boshidan kechirayotgandi. Shu sababli qandaydir o‘zgarish qilish bugungi davr talabi bo‘lib qolgandi.
Shunga ko‘ra, andijonlik tadbirkor Jur’atbek Quvvatov klubning yangi rahbariga aylandi. Ammo ko‘pchilik uchun u notanish. Nega deganda, ilgari futbolda ishlamagan. Uni esa o‘quvchilarga yaqindan tanishtirish bizning vazifamiz.
Qarzga botgan “Andijon”ning ertasi qanday bo‘ladi, klubdagi o‘zgarishlar qay yo‘sinda olib boriladi? Rejalari qanaqa? Xullas, Jur’atbek Quvvatov bilan muxlislarni qiziqtiradigan savollar bo‘yicha suhbatlashish rejamiz bor edi. Kuni kecha “Andijon” jamoasining mashg‘ulotida klubning yangi rahbari bilan uchrashdik va sports.uz sayti uchun keng qamrovda intervyu berdi.
- “Andijon”ni qiyin vaziyatda qabul qilib oldingiz va barcha yaxshi tushunib turibdiki, tanlagan yo‘lingiz og‘ir. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, klubda ishni dastlab nimadan boshladingiz?
- Jamoada ruhiyat tushib ketgan, ayniqsa, moddiy manfaat bo‘yicha. Aytishadi-ku, birinchi iqtisod, keyin siyosat. Bu erda esa oylab maosh olinmagan. Mana, endi futbolchilarga ish haqlarini berishni boshladik. Har oyda jamoa a’zolariga maoshlarini to‘lab borish borasida barqarorlikni ta’minlaymiz. Futbolchilarning orasida oilalari ham ko‘p. Ular esa oilasini boqishi kerak. Agar uyida puldan qiyinchilik bo‘lsa, maydonga chiqib o‘ynagisi ham kelmaydi. Endi klubda moddiy tomonlama uzilishlar bo‘lmaydi. Kelajakdagi maqsadlarimiz juda katta. Avvalo jamoani mahalliylashtiramiz. Mana, bosh murabbiy Viktor Kumikov bilan shartnomani bekor qildik, qazrdorliklarini to‘lab, u bilan yaxshi kayfiyatda xayrlashdik. Ko‘rib turganingizdek, Andijonda zo‘r o‘yinlar ko‘rsatgan, barchaning mehrini qozongan Baxtiyor Hamidullaevni olib keldik. Atrofidagi murabbiylar shtabini ham mahalliylashtiramiz. Yana bir yangilik sifatida shuni aytishim mumkinki, o‘rinbosarlar tarkibidan etti nafar o‘yinchi asosiy tarkibga o‘tkazildi. O‘rinbosarlar safida o‘zi 20 tacha o‘yinchisi bo‘lsa, 7 nafari asosiy tarkibga o‘tdi, u erda 13 tasi qoldi. Endi ularning o‘rniga “Andijon-2“dan yoki “Andijon U-18”dan olib o‘tamiz. Qarang, o‘z-o‘zidan o‘sish bo‘lyapti. O‘sha ettita futbolchining oylik maoshi oshyapti. O‘rinbosarlar jamoasidagilar 660 ming so‘m oylik olisharkan. Endi ularning maoshini 1 millionga oshirib qo‘ydim. Agar asosiy tarkibga o‘tishsa balki 5 million olishar. To‘g‘risi, qaysidir legioner kelib 30 million oylik maosh olishi menga yoqmaydi. Andijonlik hamda vatanparvar inson sifatida chindan ham bunday hol menga yoqmaydi. Yigitlarga aytdim, sizlar zo‘r qilib o‘ynab beringlar, o‘sha 30 millionni sizlarga beray, dedim. Ertaga yanada zo‘r futbolchi bo‘lib etishishsa, balki Odil Ahmedovga o‘xshab xorijda legioner sifatida katta maoshga o‘ynar. Nigeriyalik esa oylik maoshini olib vataniga jo‘natadi. Biz esa mahalliy futbolchilarga e’tibor qaratamiz, o‘sha pullarni o‘zimizniklar olsin. Siyosatimiz ham shunaqa bo‘lyapti-da, kambag‘alchilikni oldini olish, ishsizlikni qisqartirish. Shunday ekan, yigitlar o‘ynab natija ko‘rsatib turishsa, biz bu yoqda moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlayveramiz. Shuningdek, infratuzilmani ham yaxshilash kerak. “Andijon” jamoasi Yangierda shug‘ullanib, o‘sha erda yashab faqat o‘yin uchun kelib ketadi. Biz bazani o‘zimizda quramiz. Tez orada yangi qarorgoh qurilishi boshlanadi. Ha deb boshqa joylarga ko‘chib borishmaydi. Agar baza o‘zimizda bo‘lsa, murabbiy o‘rinbosarlar safidagi o‘yinchilarni ham bemalol kuzatadi. Asosiy tarkibga yoshlarni jalb qilish nazoratga olinadi. Qolaversa, “Sog‘lom avlod” stadionida ham kamchiliklar bor ekan. Futbol – bu teatr, xalqning kayfiyatini belgilab beradi. To‘g‘ri, vaqt kerak. Bugun kelib hamma narsani o‘zgartirib yuboraman demoqchi emasman. Muxlislardan, futbolchilardan so‘rayapmanki, eski rahbariyatga imkoniyatni ham, vaqtni ham berishdi. Lekin men ko‘p so‘ramayman, ozgina vaqt beringlar, keyin ko‘rasizlar. Sen hujumchi bo‘lsang, ishingni qil, men biznesmen bo‘lsam, o‘z ishimni qilaman. Biz hali bir-birimizni yaxshi bilmaymiz. Quruq gap hech kimga yoqmaydi. Shu bois muxlislardan ozgina vaqt berishlarini so‘rardimki, keyin ular Andijon futbolidagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishadi.

- Birinchi davrani jamoa afsuski g‘alabasiz yakunladi va shunga yarasha turnir jadvalida oxirgi o‘rinda. Ikkinchi davrada esa, “Andijon” uchun hayot-mamot masalasi bo‘ladi. Shunga yarasha klubda sezilarli o‘zgarishlar bo‘lyapti, ishqibozlar esa sizga umid ko‘zi bilan qarashyapti. Lekin hali ham tarkibda muammolar etarlicha. Chunki transfer oynasi paytida hech qanday yangi o‘yinchi olinmadi. Vaholanki, jamoa kuchaytirilishga juda muhtoj edi. Shulardan kelib chiqib, “Andijon”ni ikkinchi davrada Superligada saqlab qolishga ishonchingiz komilmi?
- Birinchi masalamiz ham jamoani saqlab qolishdir. Ammo tarkibni kuchaytirishga imkoniyatlarimiz to‘g‘ri kelmay qoldi. Klubni 29 avgust kuni qabul qilib oldik va transfer oynasi yopilishiga ikki kun qolgandi xolos. Yaxshi futbolchilar qolmagandi va hattoki yomonini ham olishga vaqt bo‘lmadi. Lekin qo‘limizni tushirmaymiz, ichki imkoniyatlardan foydalanamiz. Boya aytdim-ku, o‘rinbosarlarimizdan etti nafarini asosiy tarkibga olib o‘tdik. Biz ularga imkoniyat berdik. Xudo xohlasa, jamoani o‘ynatamiz. Ular bilan va’dalashdik, biz tomondan moddiy ta’minot bo‘yicha hech qanaqa muammo bo‘lmaydi, ulardan esa faqat o‘yin va g‘alaba. Lekin g‘alaba bo‘lmasa, rag‘bat ham yo‘q. Umid qilamizki, yigitlar ham mas’uliyatni his qilishadi, muxlislarimiz esa qo‘llab-quvvatlashadi. 99 foizga ishonamanki, bu yil Superligada qolamiz. Balki bu yil yaxshi natija ko‘rsata olmasligimiz mumkindir, lekin asosiy vazifamiz klubni saqlab qolish. Keyingi yillardan hamma ko‘radi, biz yuqori natijalar uchun kurashamiz.
- Superligada bosh murabbiylik qiladigan insonda albatta “PRO” litsenziyasi bo‘lishi shart. Baxtiyor Hamidullaevda esa bunday litsenziya yo‘q. Shunday ekan, bu borada qanday yo‘l tutmoqchisizlar?
- Yaxshi murabbiylar bilan gaplashyapmiz, mo‘ljallab qo‘yganlarimiz bor. Albatta, “PRO” litsenziyasiga ega murabbiy keladi. Faqat ozgina vaqt kerak. Jamoani qabul qilganimizga endi 3-4 kun bo‘ldi. Shu bois hammasiga birdaniga ulgurmayapmiz. Baxtiyor Hamidullaevni ham “PRO” litsenziyasiga o‘qitamiz.
- Yaqinda Davron Fayziev bilan suhbatlashganimda u “Andijon”dan taklif bo‘lganini tan oldi...
- Ha, biz unga rasmiy taklif bilan chiqqanmiz. Davron akani yaxshi bilamiz, o‘zimizning jaydari futbolchilardan bo‘lgan. Inson sifatida ham hurmat qilamiz. O‘zimizni mahalliy kadr. O‘zbek futbolida yaxshi iz qoldirgan. Agar u biz bilan ishlasa xursand bo‘lamiz. Hamidullaev, Fayziev kabi murabbiylar bilan ishlash futbolchilar uchun ham yaxshi bo‘ladi. O‘z paytida o‘sha Davron Fayziev Serxio Ramosimiz bo‘lgan. Hamidullaev ham o‘z davrida ajoyib hujumchi bo‘lgan.
- Sir bo‘lmasa, ro‘yxatingizda yana qaysi murabbiylar bor?
- Aleksandr Xomyakov bilan ham muzokara olib boryapmiz. U klubda yomon ishlamadi. Jamoani yo Fayziev, yo Xomyakov boshqaradi.

- Eshitishimcha, siz klubni oldingi qarzdorligi bilan qabul qilib olgansiz. “Andijon”ning qarzdorligi qancha va ayni paytda bu muammoni hal qilish ishlari qanday olib borilyapti?
- To‘g‘risi, rasmiy hujjat bo‘yicha jamoa hali bizga o‘tgani yo‘q. Chunki klubda audit tekshiruvi olib borilyapti. “Andijon”ni esa viloyat hokimining topshirig‘i bilan qabul qilib oldim. Menga futbolchilardan bo‘lgan qarzdorlik – bir milliard bir yuz ming so‘m bo‘ynimga o‘tdi. Asta-sekin o‘sha qarzdorliklarni echib boryapmiz. Mehmonxona yoki boshqa tashkiliy ishlar bo‘yicha qarzdorlik mening bo‘ynimga o‘tgani yo‘q. Lekin qo‘limizga bergan hujjat bo‘yicha futbolchilarning qarzlarini uzyapmiz.
- Futbolga endi kirib kelgan rahbar sifatida ko‘pchilik sizga qiziqishi tabiiy. Masalan, O‘FA va PFL rahbarlari bilan uchrashib, tajriba o‘rganib, o‘zaro fikr almashish niyatingiz ham bormi?
- Albatta. Diyor Imomxo‘jaev bilan gaplashdik. Yana ayrim mutaxassislar bilan maslahatlashyapmiz. Bilmagan narsani so‘rash uyat emas. Futbolga kirib keldik va bu borada ham o‘zimizga yarasha tushunchalarimiz bor. Ammo o‘rganadigan narsalarimiz ham ko‘p. Ish jarayonida hammasini o‘rganamiz. Harakatimiz kuchli va ishtiyoqimiz baland.
- Mahalliylashtirish g‘oyasi yaxshi. Klubga kim kelmasin, avvalo tarkibni mahalliylashtirish haqida og‘iz ochadi. Lekin shuni ham unutmaslik joizki, faqatgina mahalliy o‘yinchilarning o‘zi bilangina biror nimaga erishib bo‘lmaydi. Bunda esa ko‘proq tajribali futbolchilar bilan mahalliy yoshlarning uyg‘unlashuvini hisobga olish kerak...
- Siz to‘g‘ri aytyapsiz, yoshlar birdaniga yaxshi o‘ynab ketishmaydi. Bizga uchinchi o‘ringa yoki boshqasiga chiqish talabi qo‘yilmagan. Birinchi o‘rindagi vazifamiz klubni saqlab qolish. Ikkinchidan, infratuzilmani yaxshilab, yoshlarga e’tiborni kuchaytiramiz va bu ishni ham boshladik. Bu bilan yoshi katta futbolchilarni o‘ynatmaymiz demoqchi emasman. Nimaga Kumikov bilan ishlagimiz kelmadi? Ha, u nomdor mutaxassislardan biri. “Shaxtyor” bilan yaxshi natijalarga erishgan va yana boshqa jamoalarda ham muvaffaqiyat qozongan. Ammo uni shaxsan kuzatganimda o‘rinbosarlar jamoasining o‘yinini ko‘rgisi kelmadi. Balki bunga uning vaqti bo‘lmagandir. Chunki unga ham uzoq muddat berilmadi. Biroq kuzatishim va eshitishim bo‘yicha nomdorroq o‘yinchilar bilan natija ko‘rsatishni yaxshi ko‘rar ekan. Mana shunday yo‘nalishlarda ish uslubimiz to‘g‘ri kelmadi.
- Kumikovning shartnomasini bekor qilish qiyin kechmadimi? Chunki bitimni bekor qilish tashabbusi klub tomonidan chiqdi va bunday paytda murabbiyga tovon puli to‘lash kerak bo‘ladi. Buni qanday hal qildinglar?
- U ham yaxshi inson ekan, o‘zidan tashabbus chiqdi. Shu paytgacha bo‘lgan qarzdorlik berilishiga kelishdik, ketaman, deb o‘zi ariza yozdi. Bu borada Kumikov bilan muammo bo‘lgani yo‘q. Kompensatsiya puli bo‘yicha gap-so‘z bo‘lgani yo‘q. Faqat ishlagan ish haqini sentyabrgacha bersangiz bo‘ldi dedi va biz uning 160 million so‘m pullarini berdik.

- Shu o‘rinda jamoadan xavotirga tushgan muxlislarga nimalarni aytgan bo‘lardingiz?
- Sharoit yaxshi bo‘lsa, futbolchi ham o‘ynagisi keladi. Biz birinchi sharoitni qilib beramiz va keyin talab qilamiz. O‘ylaymanki, bu o‘z natijasini beradi. Yaqin kunlarda muxlislar haqiqiy “Andijon”ni ko‘rishadi. Faqat ulardan ozgina sabrli bo‘lishini so‘raymiz. Biz ham klubda amalga oshirilayotgan ishlarni yoritib turamiz. Tez orada muxlislar ham ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rishadi. Klubdan moddiy manfaat topish degan tushunchamiz yo‘q. Chunki cho‘ntagimizdagi pulimizni sarflaymiz. Biz tadbirkormiz, maqsadimiz Andijon futbolini ko‘tarish. Ikkinchi navbatda esa klubni shu darajaga olib chiqishimiz kerakki, biz ham futboldan foyda qiladigan bo‘lishimiz kerak. Rejalarimiz bo‘yicha yaqin 2-3 yil ichida Andijon futbloli foydaga kiradi. O‘yinchilar yaxshi maoshlar olishadi, sharoitlar zo‘r bo‘ladi. “Andijon” boy klubga aylanadi.
- To‘g‘risi, yillar davomida “Andijon” boqimanda klubga aylanib qolgandi. O‘zini-o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash borasida samarali ishlar qilinmagan, asosan viloyat hokimi va homiylarning beradigan pullariga kun kechirardi. Bu borada gap ketganda sizning qarashlaringiz qanday?
- Birinchi o‘rinda stadionimizdagi infrastrukturani o‘zgartiryapmiz. Arxitektorlar kelishdi, ko‘rishdi. Stadionni tashqi ko‘rinishidan tortib, barcha joylarini e’tibordan chetda qoldirmagan holda o‘zgarishlarni qilamiz. Boya aytdim-ku, futbol – bu teatr. Odamlar esa futboldan bahra olishlari kerak. Stadionda 19 nafar farrosh ishlar ekan va har kuni bir qator yig‘ishtirishar ekan. Nima uchun? Hozir pandemiya davri, o‘yin bo‘lmayotgan bo‘lsa?! Biz stadion ichida va uning atrofida maxsus do‘konchalar, kafelar ochamiz. Klub atributikalarini sotadigan magazin ham tashkil qilamiz. Biz stadionimizni shunday darajaga olib chiqishimiz kerakki, mayli odamlar u erga futbol ko‘rgani kelishmasin, ammo uning atrofida madaniy hordiq chiqaradigan maskan ham qilmoqchimiz. Futbolga kirgan odam maza qilishi kerak, buning uchun sharoit yaratish darkor. Biz mana shu sharoitni qilamiz. Futbolchilarimiz bilan hammasini gaplashib oldik. Lekin hozircha ulardan nimanidir talab qila olmaymiz, chunki hali hech nima qilib bermadik. Dastlab sharoitni qilamiz, biznesmen nuqtai nazaridan birinchi pul tikamiz va so‘ng talabni ham shunga yarasha so‘raymiz. Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonchimiz komil.
- O‘zbek futboli jamoatchiligi oilasiga endi kirib keldingiz va boshqalar uchun deyarli notanish rahbarsiz. Shunday ekan, o‘zingiz haqingizda ham ma’lumot bersangiz, futbolga qiziqishingiz qachondan boshlangan?
- O‘zim tadbirkorman, 1986 yilda Andijon shahrida tug‘ilganman. 2003 yilda Toshkent farmatsevtika institutining “farmatsiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga qabul qilinganman va 2008 yili bitirdim. O‘sha yildan beri farmatsevtika sohasida faoliyat olib boraman. Dadam ham tadbirkor bo‘lgan. Hozirda 20 dan ortiq dorixonalar tarmog‘imiz bor. Bundan tashqari, ulgurji savdo dorixonamiz ham bor. Kerak bo‘lsa, Respublika miqyosida faoliyat yuritadi. Shprits ishlab chiqaradigan zavodimiz ham mavjud. 700 dan ziyod xodimim bor. O‘zimizning kichikroq stadonimiz ham bor. O‘sha xodimlarimiz o‘rtasida ichki chempionatimizni ham o‘tkazamiz. O‘zimizni 16 ta jamoamiz bor, o‘zim ham futbolga qiziqaman va o‘ynab turaman. Mana, endi katta futbolga kirib keldik.

Fikrlar