Odil Ahmedov: "Afsuski, bolalar futbolida ota-onalarning aralashuvi ko‘p uchramoqda"

  • 20 noyabr, 2021, 20:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 2
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

"Sport TV" kanalida mehmon bo‘lgan Odil Ahmedov muxlislarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berdi. Terma jamoamiz sobiq sardori ayni damdagi futbolimizning ahvoli, imkoniyatlari va kelajagi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Odil Junior" kelajakda klubga aylanishi mumkinmi?

- Biz U18 jamoamiz kelasi yili O‘zbekiston chempionatida ishtirok etishi uchun sharoit yaratmoqchimiz. Bir yoki ikki yildan so‘ng birinchi ligada ishtirok etadigan jamoani tuzishni niyat qilganmiz. Buyog‘ini vaqt ko‘rsatadi. Balki, "Odil Junior" Superligada to‘p surar. Birinchi navbatda, jamoamiz poydevorini mustahkam qilib olishimiz kerak. O‘zimizning bolalarni tarbiyalab, turli yoshdagi terma jamoalar uchun tayyorlab berishimiz kerak. Mana yaqinda U14 jamoamiz O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdi. Bizda iqtidorli bolalar bor. Afsuski, muammolar ham yo‘q emas. Ayrim futbolchilarning o‘yini chiqib qolsa, darrov ota-onasi olib ketadi. Ular murabbiy va klub rahbarlariga ta’sir ko‘rsatishga ham harakat qiladi.

Siz terma jamoaga nima bera oldingiz, terma jamoa sizga nima bera oldi?

- MTJ menga juda ko‘p narsa berdi. U sababli legionerga aylandim. Ko‘plab yaxshi insonlar bilan tanishdim. Menda faqat ijobiy xotiralar qolgan. Men terma jamoaga nima berdim? Bilmadim, lekin shuni aytishim mumkin, hech qachon to‘p uchun kurashda oyog‘imni tortib olmaganman. Har doim chin yurakdan o‘ynaganman. Terma jamoani manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yganman va shu sababli, bugungi darajaga ko‘tarilganman, deb hisoblayman.

Jahon chempionati armon bo‘lib qoldi. Balki, shu armonni yo‘q qilish uchun ham kelajakda murabbiy bo‘larsiz?

- Yo‘q, murabbiylik qilish niyatim yo‘q. Haqiqatan ham, barcha futbolchining orzusi bo‘ladi. Eng katta orzum JChda ishtirok etish edi. Buni til bilan tushuntirib berish mushkul. Shunaqa hissiyot bo‘lgan-ki, 2-3 kun davomida hayolingizni bir joyga yig‘ishning imkoni bo‘lmaydi. Afsuski, 2018 yilda Janubiy Koreyani enga olmadik. Uchrashuvni 10-daqiqasida tabloga qaradim. Oradan bir daqiqa o‘tgandek tuyuldi, ammo birinchi bo‘lim yakunlangan ekan. O‘sha uchrashuvda vaqt uchib ketgandek tuyuldi.

Siz Abramov, Kuper, Babayan va Qosimov bilan ishladingiz. Aytingchi, terma jamoada qaysi bir mutaxassis yorqinroq jamoa tuza oldi?

- Har biri o‘z o‘rniga, o‘yin strategiyasiga ega murabbiylar. Ularni alohida qayd etish mushkul. Shunga qaramay, 2011 yildagi tarkib eng kuchlisi edi. O‘sha paytda MTJ uchun da’vogar futbolchilar ham juda ko‘p edi.

Katanets qo‘l ostidagi o‘yinlarimizni tomosha qilyapsiz. Bu tanlov to‘g‘ri bo‘ldi, deb hisoblaysizmi?

- Murabbiy qo‘li futbolda juda muhim, ammo shunga yarasha futbolchilar ham bo‘lishi shart. Ana shunda natija talab qilishingiz mumkin. Katanets boshchiligidagi Shvetsiya bilan bahsni ko‘rdim. O‘zi yangi bosh murabbiy qo‘l ostida birinchi uchrashuv engilroq kechadi. Keyin, mutaxassisdan zerikish bo‘ladi. Futbolchilar orasida bu normal holat. Natijada, jamoaning o‘yin darajasi tushib ketadi. Agar Katanetsga imkon berilsa, natijaga erishish mumkin.

Hozir chempionatimizdan legioner sifatida boshqa chempionatga yo‘l olayotganlarning aksariyati arab klublariga bormoqda. Bu nima bilan bog‘liq?

- Bilasizmi, futbolda pul katta rol o‘ynaydi. Arab jamoalari moliyaviy baquvvat bo‘lgani bois, bunday vaziyatlarda yutib ketyapti. Masharipovni oladigan bo‘lsak, Saudiya Arabistoni chempionati Osiyoda eng kuchlilaridan bittasi. Mahalliy klubda to‘p surishdan ko‘ra, legioner sifatida harakat qilish ancha mushkul. Boshqa davlat, boshqa jamoadoshlar, yangi muhit va boshqa omillar bor imkoniyatingizni namoyish etishga imkon bermaydi. Shu bois, bizning futbolchilar kuchli klublarda o‘ynab ketishidan, omadsizlikka uchrashi ko‘proq kuzatilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
10/07/2022 16:38
Тугри пул катта роль уйнайди! Лекин ундан хам каттарок рольни эътибор, виждон ва маъсулият эгаллайди! Юртимизда минглаб ёш йигитлар топилади, хозирги уйинчиларимиздан кура купрок иштиёк уйнайди. Бироз ишлов бериб, тугри ёндошиладиган булса, терма жамоадан яхширок натижа келтиришади!
Baxil Alihuja
10/07/2022 16:36
Одил, кулокка тепма! Тугри пул катта роль уйнайди, лекин Узбек футболини Осиёда етакчи булиши учун етарли пул давлат томонидан ажратилаяпди! Факат мутахассисларга эмас, харомхур рахбарларга ажратилаяпди. Одилга ухшаган инсонлар эса шу амалдорларга эгилиб, бу маблагни совуришмокда!!!