
O‘zbekiston futzal terma jamoasi futbol muxlislari uchun najot!
O‘zbekistonda futbol rivojlangan va e’tibor kuchli. Lekin natija borasida futzal futboldan ancha oldinda.
Sentyabr oyidagi FIFA kunlarida Srechko Katanets shogirdlari ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazdi. Jahon chempionati ishtirokchilari, Qatarda o‘tadigan mundialga ham yo‘l olgan Kamerun va Kosta-Rika termalari bilan kuch sinashdik.
Afrika qit’asi vakili bilan bahsda ustunlikka erishdik va 2:0 hisobida g‘alaba qozondik. KONKAKAF vakili Kosta-Rikaga qarshi uchrashuv biz uchun ijobiy yakunlanayotgandi, hakam o‘yinga qo‘shib bergan daqiqalargacha. Shunda hammasi o‘zgarib, 1:0 hisobidagi g‘alaba, 1:2 ko‘rinishidagi mag‘lubiyatga aylandi. Bu alamli mag‘lubiyat nafaqat yaxshi kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyani, balki o‘zbek futbolidagi eski dardni qo‘zg‘adi.
Bu birgina o‘rtoqlik o‘yinidagi mag‘lubiyat emas. Avvaldan O‘zbekiston terma jamoalari kuchli raqibga qarshi bahsning oxirgi daqiqalarida imkoniyatni boy beradi. Kosta-Rika bilan bellashuvda ham shu ro‘y bergani futbol jamoatchiligida havotirni oshirdi. Chunki bunday mag‘lubiyat bizga doim pand bergan. Tarixga nazar tashlasak, juda ko‘p o‘yinlar esimizga tushadi. Oxirgi jahon chempionatiga saralashidan o‘rin olgan Toshkentdagi Saudiyaga qarshi o‘yin, Eron bilan bellashuv, olimpiyachilarimizning BAAga qarshi qorli maydondagi alamli mag‘lubiyati va hokazo.
Mana shular ortidan futzal najotga aylanadi. Jahon chempionati 2-saralashida qolib ketganimiz, tarixiy sharmandalikdan so‘ng o‘tgan yili futzal terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirok etib, barchani hayajonda ushlab turgandi. Ikkinchi bor mundialga qadam qo‘ygan O‘zbekiston futzal terma jamoasi birinchi urinishdagi ishtirokini yaxshilagandi. Avvalgisida guruh bosqichi bilan kifoyalangan bo‘lsa, 2021 yili Bahodir Ahmedov shogirdlari nimchorak finalgacha borgan. O‘shanda nafaqat Osiyoning, balki dunyoning eng kuchli jamoalaridan biri Eron bilan 9:8 hisobidagi gollarga boy o‘yinda imkoniyatni boy bergandi. Ammo chempionatning eng quvnoq jamoasiga aylangandi.
Bu safar ham futbolda O‘zbekiston milliy terma jamoasi oxirgi daqiqada engilib eski yarani qo‘zg‘aganda pallada, futzal bo‘yicha Osiyo chempionati start oldi va ilk turdayoq 8:0 hisobidagi yirik g‘alaba bilan futzalchilarimiz jonga oro kirdi. Mayli raqib kuchli bo‘lmasa ham.
Agar futzalda ham futboldagi kabi katta pullar bo‘lganda, ular jahon chempionatida ikki marta emas, doimiy ishtirok etgan va kamida kuchli 8 likda bo‘lardi.
To‘g‘ri, futzal terma jamoamiz o‘tgan yili jahon chempionatidan oldin dunyoning eng kuchli jamoalari bilan o‘ynadi. Biroq bu yil Osiyo chempionati oldidan futzalchilarimiz o‘zidan kuchsizlar bilan nazorat bahslarida bellashdi. Raqiblardan nimadir olish imkoni kam. Xatto buni futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Dilshod Rahmatov ijtimoiy tarmoqda buni tasdiqladi.
Bahodir Ahmedov shogirdlari bundan ko‘piga munosib. Chunki ular futboldan ancha yaxshi natijalarga erishmoqda. To‘g‘ri, ommaviyligi jihatdan futbol ustun. Biroq foyda keltirishini inobatga olib futbol muxlislariga najot bo‘layotgan futzalga yanada yaxshiroq e’tibor muhim.
Bekzod ISAEV
Fikrlar