
"Paxtakor" va "Bunyodkor" hokimiyat balansiga o‘tdi, "Nasaf" AGMK va "Lokomotiv" esa...
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ayrim klublarning davlat ulushi hokimiyatlar balansiga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev xabar berdi.
"Vazirlar Mahkamasi qarori bilan "Bunyodkor" va "Paxtakor" futbol klublarining davlat ulushi Toshkent shahar hokimligiga o‘tdi va har ikki klub bosh homiylari sifatida ham shahar hokimiyati ko‘rsatildi. Xuddi shunday holat "Dinamo" va "Navbahor"ga ham tegishli. Ularda ham har ikki ustunda viloyat hokimliklari ko‘rsatilgan.
Shuningdek, "Neftchi", "Sho‘rtan" va "Surxon" klublarining davtlat ulushi ham viloyat hokimliklariga o‘tadi. Ammo homiy sifatida ularga mos ravishda FNQIZ MChJ, Hududgazta’minot AJ hamda O‘zbekgidroenergo AJ biriktirilgan.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qo‘shimchasiga "Nasaf"ni Sho‘rtan gaz kimyo kompleksi MChJga, AGMKni Olmaliq KMK AJga, "Buxoro"ni BNQIZ MChJga, "Lokomotiv"ni O‘zbekiston temir yo‘llari AJga, "Metallurg"ni O‘zmetkombinat AJga, "Mash’al"ni O‘zbekneftgaz AJga qaytaradi.
Avvalroq mazkur 13 ta klub Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qabul qilingan bo‘lib, keyinchalik agentlik bu klublarni sotishi kerakligini belgilangandi. Biroq OFK barcha klublar bir tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan Litsenziyalash reglamenti bilan bunga qarshi chiqdi. Shundan kelib chiqib, VM professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga berilishi va keyinchalik belgilangan tartibga sotilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Ya’ni, 2030 yilga qadar bu 13 klub baribir sotib ulgurilishi kerak", - dedi Imomxo‘jaev.
Fikrlar