Poytaxt tumanlari alohida sport turlariga ixtisoslashmoqda
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida 4 sentyabr kuni jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakatda sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha zarur topshiriqlar berilgan edi.
Ana shu topshiriqlar ijrosi yuzasidan Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlar haqida Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar MURSAKULOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.
– Prezidentimiz topshiriqlarini bajarish maqsadida Toshkent shahar hokimi tomonidan shahar tumanlarini sport turlariga ixtisoslashtirish va sport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 19 banddan iborat “Yo‘l xaritasi“ ishlab chiqildi va ijro uchun yo‘naltirildi.

O‘z navbatida, har bir tumanda Tumanlarni sport turlariga ixtisoslashtirish va sport infratuzilmasini rivojlantirish “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqildi.
“Yo‘l xaritalari“ni ishlab chiqishda har bir tumanning mavjud sport infratuzilmalari, faoliyat yuritayotgan mutaxassislar tahlil qilinib, aholi, shu jumladan, yoshlarning qiziqishlari inobatga olindi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda hamda bevosita fuqarolar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalarga asosan tumanlarni ma’lum bir sport turlariga ixtisoslashtirish rejasi belgilab olindi va ular “Ustuvor“, “Istiqbolli“ hamda “Rivojlanayotgan“ toifalarga bo‘lindi.
Unga ko‘ra, Bektemir tumani taekvondo (WTF), erkin kurash, kurash, Mirobod tumani voleybol, sport gimnastikasi, futbol, Mirzo Ulug‘bek tumani dzyudo, sambo, tennis, Sergeli tumani erkin va yunon-rum kurashi, suzish, basketbol, Olmazor tumani suv sport turlari, futbol, velosport, Uchtepa tumani karate, boks, futbol, Chilonzor tumani kamondan o‘q otish, badiiy gimnastika, gandbol, Shayxontohur tumani futbol, stol tennisi, engil atletika, Yunusobod tumani basketbol, badiiy gimnastika, stol tennisi, Yakkasaroy tumani gandbol, suzish, voleybol, Yashnobod tumani milliy kurash, erkin kurash, suzish sport turlariga ixtisoslashtirilgan tumanlarga aylantiriladi.
Har bir tumanga sport turlari bo‘yicha sport federatsiyalari biriktirildi. Federatsiya vakillari tomonidan turli seminar-treninglar tashkil etiladi. O‘quv-metodik qo‘llanmalar ishlab chiqiladi. Iqtidorli sportchilar tomonidan “Mahorat saboqlari” o‘tkaziladi.
Toshkent shahridagi mavjud 508 mahalladagi sport maydonchalari tahlil qilindi. 2019 yilda 5 ta muhim tashabbus, “Obod mahalla” dasturi doirasida 124 mahalla hududida homiy tashkilotlar va mahalliy hokimliklar tomonidan zamonaviy sport maydonchalari barpo etildi.
2020 yilda 196 mahalla hududida yangi sport maydonchalari quriladi. Jumladan, 2 engil konstruktsiyali sendvich panelidan quriladigan sport zal, 40 sun’iy qoplamali futbol maydonchasi, 9 basketbol maydoni va 145 “Street Workout” zamonaviy sport maydonchasi bunyod etiladi.
Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi “2019 yilga mo‘ljallangan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining taqvim rejasi”ni ishlab chiqqan.
Unga asosan 2019 yilda Toshkent shahrida jami 297 ommaviy sport-sog‘lomlashtirish tadbirlari va sport musobaqalari o‘tkazilishi belgilangan. Jumladan, 81 ommaviy sport-sog‘lomlashtirish tadbiri va 216 sport turi bo‘yicha shahar chempionatlari bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, respublika miqyosida tashkil etilgan 178 sport musobaqasida poytaxt jamoalarining ishtirokini ta’minlash maqsad qilingan.
Toshkent shahar Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tasarrufida jami 24 davlat sport-ta’lim muassasasi bor. Shundan, 23 tasi o‘z sport bazasiga ega. Bugungi kunda 13 bolalar-o‘smirlar sport maktabi hududida jami 13100 kvadrat metr bo‘sh turgan er maydoni mavjud. Mazkur bo‘sh maydonlarda davlat-xususiy sheriklik asosida sport inshootlarini qurish bo‘yicha mahalliy tadbirkorlarga taklif berilmoqda.
2019-2023 yillarda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish kontseptsiyasi tasdiqlandi. Aholining Jismoniy tayyorgarlik va salomatlik darajasini belgilovchi “Alpomish va Barchinoy” maxsus testlarni o‘tkazish tizimi joriy etildi.
Albatta, sport sohasida bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchi yo‘nalishi asosida joriy yilning mart oyidan shu kunga qadar 312 sport tadbiri o‘tkazilib, unga 32 mingdan ziyod aholi jalb etildi.
Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus va “Obod mahalla” dasturlari doirasida bir qator sport ob’ektlari ishga tushirilib, mavjudlari qayta ta’mirlandi.

Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari g‘olibi bo‘lgan 24 sportchi tuman va bolalar-o‘smirlar sport maktablariga biriktirildi. Ayrimlarining xususiy sport klublari tashkil etildi.
Bugungi kunda 2020 yilda Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallada.
To‘g‘ri sport sohasida erishayotgan yutuqlarimiz beqiyos. Har birimiz davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘z ishimizga va sohaga tanqid bilan qarasak o‘sish bo‘ladi va yuksak marralarni zabt etishda davom etamiz.
Ammo Toshkent shahrida sport sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq bir qator muammo va kamchiliklar ham mavjud.
Ta’lim muassasalaridagi sport ob’ektlari quvvatlaridan samarali foydalanilmayotgani, jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish ishlari qoniqarsiz bo‘lib, sohani jadal rivojlantirishga o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda.
Bugungi kunda 42 ta’lim muassasasi sport zallari kapital ta’mirga muhtoj. Mavjud sport ob’ektlaridan foydalanish darajasi 65-70 foizni tashkil etadi. Aholining sport inshootlari bilan ta’minlanganlik darajasi atigi 3,7 foizdir. Iqtidorli sportchilarni saralab olish bo‘yicha selektsiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Bu borada sport yo‘nalishlari bo‘yicha federatsiyalar faoliyati ishlari talab darajasida emas. Joylarda tashkil etilayotgan musobaqalar soni va saviyasi ham talabga javob bermaydi. Musobaqa natijalari bo‘yicha monitoring yuritilmaydi. Ayrim hududlarda hamkor tashkilotlar, xususan, mahalla, ta’lim muassasalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi kabi tashkilotlar bilan hamkorlik ishlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Umumta’lim maktablarida o‘quvchilar jamoaviy sport turlariga jalb qilinishi ancha sust ahvolda.
Yana bir muammo, bu mutaxassislar etishmovchiligi bilan bog‘liq. Poytaxtimizdagi bolalar-o‘smirlar sport maktablarida faoliyat yuritayotgan trener-o‘qituvchilarning 26 foizi o‘rta-maxsus ma’lumotga ega, 170 dan ziyod oliy ma’lumotli trenerga ehtiyoj sezilmoqda. 61 trener-o‘qituvchi shtat birligi bo‘sh turibdi. Sohani yanada rivojlantirishda ayrim rahbar xodimlarimizda o‘z kasbiga bo‘lgan fidoyilik, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanmaslik, yangilikka intilish, va, albatta, tashabbuskorlik etishmasligi achinarli holat.
Bugun ana shu muammolarni hal etishga kirishganmiz. Oldimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning 2-yo‘nalishi, ya’ni yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasida o‘z qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishdek dolzarb va muhim vazifa turibdi. Bu yo‘lda bor imkoniyatimizni, kuch-g‘ayratimizni ishga solamiz, albatta.
Fikrlar