
Premer-ligada to‘p surgan eng yaxshi ispan futbolchilari (top-10)
Angliya Premer-ligasi ko‘p jihatlari bo‘yicha ekspertlar va muxlislar tomonidan dunyoning birinchi raqamli ichki chempionati sifatida tan olingan. Ushbu ligada to‘p surishni xohlamaydigan futbolchi deyarli topilmasa kerak. Liga shiddati, raqobati superyulduzlari va boshqa jihatlari bilan doim muxlislar e’tiborini qozonib kelgan.
“Tumanli albion”da frantsuz, ispan, nemis va italyan futbolchilari ham to‘p suradi va aynan ularning o‘yinini tomosha qilish uchun ko‘pchilik bu chempionatni kuzatib boradi. Ularning orasida frantsuz va ispanlar alohida ajralib turishi hech kimga sir emas. Bugun biz siz bilan Premer-ligada to‘p surgan eng yaxshi ispan futbolchilari top-10ligini tuzib chiqamiz. O‘ylaymizki, “qizil furiya” vakillarining APLdagi faoliyati sizga qiziq bo‘ladi. Boshladik!
#10: Santi Kasorla (“Arsenal” 2012-2018)
Ligadagi jami o‘yinlari: 129
Sovrinlar: 2 ta Angliya kubogi, 2 ta Angliya Superkubogi.
O‘ntalikka kirish uchun Kasorladan ham yaxshiroq variant sifatida Mikel Artetani, Pedro yoki Michuni misol qilib keltirishingiz mumkin, biroq ularning hech biri Santichalik o‘ziga xos emas edi. Mehnatkash ispan futbolchisi “Arsenal”ga kelishi bilanoq asosiy tarkibdan muqim o‘rin egallagan va deyarli har bir o‘yinda maydonga tushgan. U mavsum davomida nafis va zargarona paslari, tezkor qarshi hujumlari va muhim gollari bilan London klubining EChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritishida muhim rol o‘ynagan. Vaqt o‘tib, unga turli jarohatlar xavf sola boshlagan va o‘yin darajasi pasayib borgan, shunda Kasorla Premer-ligada boshqa to‘p sura olmasligini tushunib etgan va o‘z vataniga qaytib ketgan. “Vilyarreal”ga o‘tganidan so‘ng ham, uni yorqin xotiralar bilan esga oluvchi “Arsenal” muxlislari Santining bir yorqin o‘yinini hali-hanuz eslab yurishadi: Kasorla 2014 yilga Angliya Kubogi finalida “Arsenal”ning kambekiga sababchi bo‘lgan goliga mualliflik qilgan, jarima zarbasidan urilgan super gol esa o‘sha paytda bir qancha reytinglarning yuqori o‘rinlaridan joy olgan. “Arsenal” faxri!
#9: Xuan Mata (“Chelsi” va MYu 2011-hozirgacha)
Ligadagi jami o‘yinlari: 267 ta (hali davom etmoqda)
Sovrinlar: 2 ta Angliya Kubogi, Liga Kubogi, Angliya Superkubogi, 2 ta Evropa Ligasi va Chempionlar ligasi (“Chelsi” bilan 2011-12 yil).
2019 yilda MYu bilan shartnomasini yana 2 yilga uzaytirgan Mata Sulsherning yosh futbolchilarga asoslangan yangi jamoasiga o‘z tajribasini ulashish va ularga ustozlik qilish uchun Angliyada qoldi. Uning Premer-ligada o‘ynash uchun etarlicha tajribasi bor, ikki klub safida ham uzoq muddat asosiy tarkib o‘yinchisi sifatida maydonga tushgan. Klubining muvaffaqiyatlarida o‘zining o‘yinni o‘qiy olishi, ajoyib golli uzatmalari hamda jarimadan urgan super gollari bilan katta hissa qo‘shgan. Van Gal va Moyes qo‘l ostida zaxiraga mixlanib qolganiga qaramay, Mata baribir o‘zini ko‘rsatadi va kelgusi murabbiylar davrida jamoaning asosiy figuralaridan biriga aylanadi.
#8: Pepe Reyna (“Liverpul” 2005-2013 va “Aston Villa” 2020)
Ligadagi jami o‘yinlari: 297 ta
Sovrinlar: UEFA Superkubogi, Angliya Kubogi, Angliya Superkubogi va Liga kubogi.
Pepe Reyna “Liverpul”ga Eji Dudekdan keyin kelgan darvozabon hisoblanadi. U klubga kelgach, jamoaning himoya chizig‘ini bir qadar yaxshiroq darajaga ko‘tara olgan va quruq o‘yinlari bilan klubning muvaffaqiyatlarga erishishida muhim rol o‘ynagan. Debyut mavsumidayoq UEFA Superkubogi va Angliya kubogida zafar quchgan ispaniyalik posbon o‘sha mavsumda Premer-liga oltin qo‘lqopini ham qo‘lga kiritadi. Umumiy hisobda Mersisayd klubi uchun ichki chempionatda 285 o‘yindan 231 tasini quruq natija bilan yakunlagan darvozabonni reytingga kiritmaslik adolatdan bo‘lmas edi, shu sabab u ro‘yxatimizdan joy olmoqda.
2020 yil yanvarida “Milan”dan “Aston Villa”ga ijaraga berib yuborilgan Reyna uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, yana Angliyaga qaytadi, biroq uning bu safari omadli kechmaydi: 12 o‘yindan atigi 2 tasini quruq hisob bilan yakunlagan kiperga inglizlar ishonch bildirmaydi va ortga qaytarib yuboradi. Hozirda u “Latsio” a’zosi.
#7: Diego Kosta (“Chelsi” 2014-2018)
Ligadagi jami o‘yinlari: 89 ta
Sovrinlari: 2 ta Premer-liga, Liga kubogi.
Diego Kostaning “Chelsi”dagi faoliyati haqida gapirganda, uning o‘ta qo‘pol va qoidabuzar futbolchi ekanligini eslamaslikning iloji yo‘q. U deyarli har bir o‘yinda qo‘pol o‘yin namoyish etar va juda ko‘p kartochka olar edi. Ketma-ket 2 murabbiy bilan janjallashib qolganida jamoadan ketishga juda yaqin kelgan edi. Biroq uning gollari va samarali o‘yini bu kamchiligini biroz bo‘lsa-da, yopib ketardi. “Chelsi”ning so‘nggi 2 chempionlik mavsumida 20+ gol urgan va sovrin yutishga katta hissa qo‘shgan. Bezori hujumchi klubni janjalli tark etganiga qaramay, Premer-liga muxlislari uning gollari va o‘yinlarini haligacha xotirlashadi.
#6: Tsezar Aspilikueta (“Chelsi” 2012-hozirgacha)
Ligadagi jami o‘yinlari: 276 ta (hali davom etmoqda)
Sovrinlari: 2 ta Premer-liga, Angliya kubogi, Liga kubogi va 2 ta Evropa Ligasi.
Aspilikueta “Chelsi”ga kelguniga qadar “Osasuna” va “Marsel”da markaziy himoyada to‘p surgan va bu pozitsiyada unchalik omadi yurishmagan. Shunga qaramay, Mourino unga ishonch bildiradi va jamoasiga olib kelib, o‘ng qanot pozitsiyasida sinab ko‘radi. Ushbu eksperiment kutilmaganda super natija beradi va Tsezar bu pozitsiyaning birinchi raqamlilaridan biri bo‘lib oladi. U “Chelsi” bilan ko‘plab muvaffaqiyatlarga turli murabbiylar qo‘l ostida erishgan. Shunday bo‘lsa-da, jamoaga kelgan har bir yangi murabbiy unga ishonch bildirgan. Uzoq yillar davomida “aristokratlar”ning sardori vazifasini bajarib kelgan Aspilikueta ingliz futbolining rivojiga ham hissa qo‘shgan. U bu o‘rin uchun haqli!
#5: Xabi Alonso (“Liverpul” 2004-2009)
Ligadagi jami o‘yinlari: 143 ta
Sovrinlari: Angliya kubogi, Angliya Superkubogi, Chempionlar Ligasi va Evropa Superkubogi.
Ispaniyalik maestro “Liverpul” klubi muxlislarining rosmana ma’nodagi muhabbati edi. 2004 yilda u “Real Sosedad”dan Mersisaydga kelgach, o‘zining mehnatsevarligi, zargarona uzatmalari, tezkorligi va g‘aroyib gollari bilan barchaning e’tiboriga tushadi hamda Rafael Benitesning eng yaxshi shogirdlaridan biriga aylanadi. Alonsoning Xaver Maskerano va Stiven Jerrard bilan hosil qilgan uchligini o‘z vaqtida nafaqat klub muxlislari, balki Angliya va Evropaning ko‘plab mutaxassislari ham “dunyoning eng kuchli yarim himoya chizig‘i”, deya e’tirof etadi. Xabi kamdan kam yulduzlarga xos bo‘lgan juda kamtar va kamgapligi bilan ham ajralib turardi. Ispaniyalik futbolchi «Liverpul»dagi 5 mavsumida jami 200 dan ortiq bahsda maydonga tushadi va ketayotgan paytida ham muxlislarning sevimlisi bo‘lib qoladi. Ispan futboli afsonasi!
#4: Fernando Torres (“Liverpul” va “Chelsi” 2007-2014)
Ligadagi jami o‘yinlari: 212 ta
Sovrinlari: Chempionlar Ligasi va Evropa Ligasi.
Torres “Liverpul”da “Chelsi”dagiga qaraganda ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatgan, samaradorlik jihatidan ham statistika o‘z so‘zini aytadi. Fernando Premer-ligada shu qadar tezkor o‘yin namoyish etganki, mutaxassislar hattoki uning hujumdagi harakatini Mayk Taysonning boksdagi g‘azabiga ham qiyoslashgan. G‘ayritabiiy tezlik, kuch, ishtiyoq va aniqlik singari jihatlarni o‘zida jamlagan super hujumchi APL tarixidagi boshqa hujumchilardan farqli o‘laroq, yirik jussasi bilan ham tezlikka erishib, gollar ura olgan. Unda hujumchilarga xos sovuqqonlik bor edi, doim himoyachi va darvozabon kutmagan qarorlar chiqarib, darvozani ishg‘ol etardi va ba’zida shu harakatlari orqali Gabriel Batistutani ham eslatib yuborardi. U bir mavsum davomida biron marta 30 ta gol ura olmagan, lekin biribir undagi boshqa ustunliklar bu kamchiligini yopib keta olgan. Xullas, uning o‘yinini jonli ko‘rgan har bir odam uning nega bu o‘rindan joy olganini tushunadi, bu shubhasiz.
#3: David de Xea (MYu 2011-hozirgacha)
Ligadagi jami o‘yinlari: 323 ta
Sovrinlari: Premer-liga, Angliya Kubogi, Liga Kubogi va 3 ta Superkubogi, Evropa Ligasi.
Reytingimizdan o‘rin olgan 2-darvozabon. Ispanlar doimo darvozabonlari bilan maqtanib kela olgan. Ushbu darvozabon ham “Qizil furiya”ning faxriy a’zosi desak adashmaymiz. David de Xea o‘zining superseyvlari, qoyilmaqom reaktsiyasi va ko‘plab quruq o‘yinlari bilan o‘zini klub hamda muxlislar sevimlisiga aylantirgan.
De Xea deganda ko‘plab muxlislar xayoliga darhol superseyvlar keladi. Chunki u hammani mana shu ishiga juda o‘rgatib qo‘ygan. To‘g‘ri, ba’zi-ba’zida u bilan yirik “qovun tushirish”lar ham sodir bo‘lib turadi, lekin uning hech kim qila olmaydigan seyvlarni amalga oshirishi bu kamchiliklarini yopib ketadi.
So‘nggi mavsumlarda “Yunayted” muxlislari De Xeaning o‘yinidan qoniqish hosil qilmayapti: rahbariyat va murabbiydan uni tez-tez zaxirada qoldirish kerakligini va o‘rniga Romeroni ko‘proq tushirish orqali unda raqobat hissini uyg‘otish kerakligini ta’kidlashmoqda. Ularning fikricha, yulduzlik kasaliga chalingan David uchun yagona davo shu emish.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, deyarli barcha murabbiylar unga ishonch bildirishdan charchamayapti, De Xea esa bu ishonchni shunchaki oqlashi kifoya.
#2: Sesk Fabregas (“Arsenal” 2003-2011 va “Chelsi” 2014-2019)
Ligadagi jami o‘yinlari: 350 ta
Sovrinlari: 2 ta Premer-liga, Angliya Kubogi va Liga Kubogi, Evropa Ligasi (2018-19).
Sesk Fabregas faoliyati davomida 2 ta APL grandida deyarli birday faoliyat yuritgan kamdan-kam futbolchilardan biri hisoblanadi. “Arsenal”da uzoq muddat yaxshi sport formasida to‘p surganiga qaramay, deyarli umuman sovrin yutmaganligi bilan kishini hayratga soladi. Shunday bo‘lsa-da, u qoyilmaqom o‘yinlari bilan “Barsa” skautlari e’tiborini tortadi va 3 mavsum u erda sovrinlari sonini oshirib keladi. Londonning boshqa klubi - “Chelsi”ga o‘tgach, esa ana shu “Barsa”dagi ko‘nikmalaridan foydalangan holda klubning sovrinlarga erishishiga ko‘maklashadi va dastlabki 3 mavsumida 2 marta Premer-ligani yutishga muvaffaq bo‘ladi. “Chelsi”ga g‘oliblik ruhini va muxlislar ishonchini qaytarib bergan Fabregas APLdagi g‘ayritabiiy faoliyati davomida ko‘p narsalarga erishganiga qaramay, uni jimjitlik bilan tark etdi. U hozir “Monako”da to‘p surmoqda.
#1: David Silva (“Manchester Siti” 2010-2020)
Ligadagi jami o‘yinlari: 309 ta
Sovrinlari: 4 ta Premer-liga, 2 ta Angliya Kubogi, 5 ta Liga Kubogi va 2 ta Superkubogi
Premer-liga davrida “Siti” tarkibida David Silvachalik ko‘p sovrin yutgan futbolchini topish ilojsiz. U 10 mavsum ichida klub bilan 13 ta turli musobaqalar chempionligini tantana qilgan. Bundan tashqari, Silva o‘zining ajoyib pleymeykerligi, qoyilmaqom paslari, shedevr gollari hamda kuchli sardorligi bilan ham muxlislar qalbidan chuqur joy egallagan edi. Yaqindagina klubni tark etgan futbolchini nafaqat APLdagi ispanlar orasidagi eng yaxshisi sifatida bilishadi, balki Premer-ligadagi eng yaxshi legioner futbolchi, deb ham ta’riflashadi. U “Siti” uchun o‘z vaqtida almashtirib bo‘lmas super futbolchi maqomida bo‘lgan, Gvardiolaning yangi jamoasi yuragi vazifasini ham bajargan. 2010 yilda Yaya Ture bilan bir vaqtda kelib maydon markazida qat’iy tartib-intizom o‘rnatgan va ilk titullarni qo‘lga kiritishda o‘zgacha jonbozlik ko‘rsatgan. Silvaning hech qanaqa buzg‘unchi xarakteri bo‘lmagan va har doim jamoa uchun borini bergan, shu sabab bo‘lsa kerak, uni APLdagi eng yaxshi ispan futbolchisi, deb hisoblashadi.
Abdulla Mannonov tayyorladi
Fikrlar