
Qanday qilib 12 yoshda Maurisio Ginnesning «rekordlar» kitobidan o‘rin egalladi?!
Ginnesning rekordlar kitobida bir nechta futbolchining nomini ko‘rish mumkin. Pele futbol tarixida eng ko‘p gol kiritgan futbolchi bo‘lsa, Paolo Maldini eng yoshi katta charm to‘p ustasiga aylangan. Frants Bekkenbauer esa, mundialda futbolchi va murabbiy sifatida g‘alaba qozongan yagona shaxs sanaladi. Taniqli futbolchilar orasida boliviyalik hujumchi Maurisio Baldiveso ham mavjud. U ushbu kitobga eng yosh futbolchi sifatida kiritilgan.
Professional futboldagi debyut
Qahramonimiz o‘zining debyut o‘yinida 12 yosh 360 kunlik edi. 2009 yilning 19 iyul sanasida «Aurora» klubida kadrlar bilan muammo yuzaga keldi. Jarohat olganlar soni 12 taga etgani uchun ham murabbiy yoshlar jamoasidagi futbolchilarga e’tiborini qaratdi. «La Pas»ga qarshi muhim bahsda «Aurora» bosh murabbiy Xulio Sezar Baldiveso o‘zining 12 yoshli o‘g‘lini 84-daqiqada «jangga» tashladi. 10-raqamda maydonga tushib kelgan futbolchi o‘zi bilmagan holda Ginnesning rekordlar kitobidan joy egalladi. Shu kunga qadar, hech kim 12 yoshda professional futbol uchrashuvida ishtirok etmagan edi. E’tiborlisi shundaki, Baldivesolarning kichigi o‘zini maydonda yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Bir necha bor to‘pga tegindi va xavfli jarima zarbasini ishlab berdi.
«La Pas» himoyachisi Romulo Alaku 12 yoshli bolakay o‘zini aldab o‘tganini hazm qila olmadi va unga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. «Aurora»ning uy stadioniga yig‘ilgan muxlislar o‘rtasida shovqin ko‘tarildi. Debyut qilgan futbolchini maydondan tashqariga olib chiqildi, ammo Maurisio yana maydonga qaytishga o‘zida kuch topdi. O‘sha bahsdan so‘ng, «Aurora» bosh murabbiyi raqibni keskin tanqid qildi.
Xulio Sezar o‘z o‘g‘lini tez-tez maydonga tushirmoqchi edi, ammo klub rahbarlari bunga qarshilik qildi. Oqibatda, mutaxassis klubni tark etdi. O‘zi bilan futbol olamidagi eng yosh debyut qilgan o‘g‘lini ham olib ketdi.
Yosh futbolchi «Real» Madrid yoki «Manchester Yunayted»da to‘p surishni orzu qilar edi, biroq real voqelik o‘zgacha ko‘rinish oldi. Oradan ikki yil o‘tgach, Maurisio otasi bilan birgalikda «Aurora»ga qaytib keldi. 2012 yilda futbolchining otasi iste’foga chiqarildi, qahramonimiz esa asosiy tarkib uchun kurash olib borish maqsadida klubda qoldi. Oqibatda, 2012/13 yilgi mavsumda klub uni Boliviya chempionati uchun qaydnomaga kiritdi.
2013/14 yilgi mavsumda qahramonimiz otasi boshqaruvidagi «Real» Potos klubi bilan shartnoma imzoladi. Yangi jamoada yosh futbolchini juda iliq kutib olishdi, ammo kutilgan natija yuz bergani yo‘q. Bu paytga kelib, Maurisio 16 yoshga to‘lgan va bemalol professional futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan edi. Afsuski, bu safar ham omad unga kulib boqmadi. Otasi ishdan ketgach, klub u bilan shartnomani bekor qildi. Baldivesolar birgalikda uchinchi bor «Aurora»ga qaytib kelishga qaror qildi. Bu safar yosh futbolchi klubning asosiy tarkib a’zosiga aylandi. «Aurora»dagi 3-urinish ancha omadli chiqdi. Yosh Baldiveso 19 ta o‘yinda 3 ta gol kiritdi va «Xorxe Vilsterman» klubi bilan shartnoma imzoladi.
Ushbu shahardagi eng kuchli klubga o‘tgach, Maurisio asosiy tarkibdan muqim o‘rin egallay olmadi. To‘g‘ri, 20 yoshgacha bo‘lganlar orasida Boliviya yoshlar terma jamoasida to‘p surdi, ammo bu u erishgan eng katta yutuq bo‘lib qoldi. Ekvador yoshlariga qarshi o‘yinda 45 daqiqa to‘p surgan hujumchi boshqa milliy jamoa libosini kiymadi. 2016 yilga kelib, u «Xorxe Vilsterman» safida Klausura chempionligini qo‘lga kiritdi, biroq atigi 2 o‘yinda maydonga tushdi xolos. Chempionlikdan so‘ng, uni «San Xose» klubi o‘z safiga qo‘shib oldi. Afsuski, u erda omad kulib boqmadi. Qahramonimiz tarixda faqat Ginnesning rekordlari kitobidan o‘rin egallagani uchun qoladiganga o‘xshamoqda. Gap shundaki, 24 yoshli futbolchi 2018 yildan beri klubsiz. Katta ehtimol bilan u professional futbolga qaytmoqchi emas. Shunga qaramay, qahramonimizning futbol karerasi omadsiz kechdi, deb bo‘lmaydi. U qisqa faoliyati davomida futbol tarixida abadiy qolishni uddaladi.
Fikrlar