
Ringlarni titratgan zalvorli zarbalar
O‘zbekiston bugungi kunda barcha sohalarda jadal rivojlanib kelayotgan mamlakat hisoblanadi. Bu borada sportchilarimizning ham hissasi katta. Xususan, bugungi kunda mamlakatimiz atletlari jahon arenalarida vatanimiz sharafini himoya qilib, mamlakatimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarmoqdalar.
Birgina boks sohasida vakillarimizning yutuqlari maqtasa arzigulik. Hozirda o‘zbek havaskor boks maktabi dunyoda 1- o‘rinda e’tirof etilmoqda. A’zal-a’zaldan boks sport turi bo‘yicha yurtimizda ulkan nomlar etishib chiqqan. Xususan Markaziy Osiyo chempioni, Osiyo chempioni, jahon chempioni, professional boksda superog‘ir vaznda WBA kamari sohibi Ruslan Chagaev. 2 karra Osiyo chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni, Sidney olimpiadasi chempioni Muhammadqodir Abdullaev.
Professional boksda birinchi O‘zbekistonlik chempion, o‘zining WBO kamarini 17 bora muvaffaqiyatli himoya qila olgan Artur Grigoryan va boshqa ko‘plab bokschilarimiz shular jumlasidandir. Hozirgi kunda ham bu bokschilarimizga munosib yoshlar etishib chiqmoqda.
Keling havaskor bokschilarimizning yorqin g‘alabalarini esga olamiz. 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlari o‘zbek boksi tarixidagi eng katta tub burilish bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu musobaqada jami 13 medalni qo‘lgan kiritgan bo‘lsa, shulardan 7 tasi bokschilarimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Musobaqalarda 49 kg vazn toifasida ishtirok etgan Hasanboy Do‘smatov birinchilardan bo‘lib oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, keyinchalik amaldagi jahon chempionlarini va Olimpiada chempionlarini mag‘lubiyatga uchratgan, 52 kg vaznda Shahobiddin Zoirov, 64 kg da Fazliddin G‘oyibnazarov Olimpiya chempionligini qo‘lga kiritdi. 69 kg vaznda Shahram G‘iyosov va 75 kgda Bektemir Meliqo‘ziev kumush medalni, 56 kgda Murodjon Ahmadaliev va -91 kg vaznda Rustam To‘laganov bronzani qo‘lga kiritib, bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘tarishgan edi. O‘sha yili Hasanboy Do‘smatov "Yilning eng yaxshi bokschisi" deb topilgan va buning ustiga "Vela Barker" sovrinini ham qo‘lga kiritgandi. Keyinchalik, 2017 yili Toshkent mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida vakilllarimiz 9 ta oltinni qo‘lga kiritib, mutloq rekordni qayd eta olgandilar.
Oradan bir oz muddat o‘tib, olmon yurtida tashkil etilgan jahon chempionatida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza bilan umumjamoa hisobida Kubadan keyin 2-o‘rinni qo‘lga kiritishdi. Bunday bokschilar bilan bir qancha mashhur promouterlik kompaniyalar ishlashni xohlaydi albatta... Garchi, professional boksda hozirda chempionlik darajasiga chiqish qiyin bo‘lsada, bir qancha charmqo‘lqop ustalarimiz bunga yaqin kelib ulgurishdi. Havaskor yo‘nalishdan farqli ravishda professional boksda 17 vazn toifasida 4 ta tashkilot (WBA, IBF, WBC, WBO) chempionlik kamarlari uchun bosqichma-bosqich reyting va da’vogarlik janglaridan so‘ng, chempionlik uchun ringga ko‘tarilish imkoniyatini qo‘lga kiritishadi.
Hozirda, Shahram G‘iyosov, Isroil Madrimov, Murodjon Ahmadaliev, Bektemir Meliqo‘ziev, Hasanboy Do‘smatov kabi bokschilarimiz Rossiyaning "Mir Boksa" (World of Boxing) kompaniyasi bilan, Fazliddin G‘oyibnazarov va Qudratillo Abduqahhorov dunyoga mashhur "Top rank", Shohjahon Ergashev AQShning "Salita Promotion", Azizbek Abdug‘ofurov Angliyaning "Quensberry Promotion", Bahodir Jalolov va Elnur Abduraimov esa "Dibella Entertainment" promouterlik kompaniyalari, Rustam To‘laganov, Odil Arslonov, Shukujon Rahimov va Ulug‘bek Mubinov Rossiyaning "Patriot Boxing" mijozi hisoblanishadi.
Ularning professional faoliyatiga birma-bir to‘xtalib o‘tsak:
Super o‘rta vaznda (76 kg) bokschimiz Azizbek Abdug‘ofurov bugungacha 13 jang o‘tkazib, barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratdi. U hozirda WBC Silver kamari sohibi va WBC reytingida 2-o‘rinda bormoqda. Kelasi yili uning chempionlik jangiga chiqishini umid qilib qolamiz. Ushbu vazndagi yana bir iqtidorli bokschimiz 2 karra Olimpiada o‘yinlari sovrindori (O‘smirlar Olimpiadasi ham nazarda tutilgan), jahon chempionati finalchisi, 2 karra Osiyo chempioni Bektemir Meliqo‘ziev ham proffessional boksda shu yilning o‘zida 4 jang o‘tkazib, barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan. U "Golden Boy Promotion" bilan shartnomaga ega va 2020 yili kamar uchun ringga ko‘tarilishi kutilmoqda. Uning keyingi jangi 14 fevral kuni AQShda Antonio Peribanga qarshi bo‘lishi kutilmoqda.
Super yarim o‘rta (69 kg) vaznda boshqa bir hamyurtimiz Isroil Madrimov anchagina shov-shuvli janglar o‘tkazdi. Hozirgacha, u 4 ta jang (barchasi 10 raundlik) o‘tkazib, muddatidan avval g‘alabalarga erishgan. 1-jangidayoq WBA Intercontinental kamariga ega chiqdi. 2-jangida o‘zidan ancha tajribali proffessional ringda 26 ta jang o‘tkazib, ularning 24 tasida g‘alabaga erishgan Frenk Roxasni chuqur nokautga uchratdi. Hozircha so‘ngi bo‘lib turgan Alexandro Barreraga qarshi kechgan to‘qnashuvda esa afsonaviy Gennadiy Golovkin bilan bir kechada 2-asosiy jangda ringga chiqib ancha obro‘ qozondi. Hozirda, u WBA reytingida 3-o‘rinda bormoqda. U 29 fevralda Charli Navarroga qarshi WBA Eliminator jangida ringga chiqadi.
Yarim o‘rta vazn (66 kg) toifasidagi vakilimiz Qudratillo Abduqahhorov ham 17 jangdan, barchasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan. 2019 yil u uchun ancha omadli yil bo‘ldi. Mart oyida Qudratillo IBF chempionlik kamari uchun saralash jangida ishtirok etdi va yaponiyalik Keyta Obaradan ustun kelib, hozirda engilmas IBF chempionlik kamari sohibi Errol Spens bilan chempionlik uchun jang qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Keyingi jangida u sobiq jahon chempioni amerikalik Luis Kollazoni hakamlarning bir ovozdan qarori bilan ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va kamar da’vogarligiga munosib ekanligini yana bir bora isbotladi. Ammo oktyabr oyida Errol Spens avtohalokatga uchragani bois Qudratillo keyingi jangini 2020 yilning 22 fevralida IBF ning vaqtinchalik chempionlik kamari uchun rossiyalik Sergey Lipinets bilan o‘tkazish ehtimoli bor.
Super engil vaznda (63 kg) birdaniga 2 bokschimiz yuqori reytinglarni band etishgan. Ular Shahram G‘iyosov va Shohjahon Ergashevdir. Shahram G‘iyosov oxirgi jangida sobiq jahon chempioni Darley Peresni 40 soniya ichida nokautga uchratishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi. U hozirga qadar o‘tkazgan 9 jangidan 7 tasida raqiblarini muddatidan avval taslim etishga erishgan. Hozirda Shahram G‘iyosov WBA reytingida 7-o‘rinda qayd etilgan. Nokautchi bokschimiz Shohjahon Ergashev 18 jangining 16 tasida raqiblarini ringga qulatgan. Oxirgi uch jangida anchagina kuchli raqiblari Maykl Foks (21 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat) va Abdiel Ramiresni (24 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat) va Andrian Estrellarsni mag‘lub etishga erishdi.
Ikkinchi superengil vazn (55,3 kg) hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliev IBF va WBA kamarlari uchun Daniel Roman bilan bor-yo‘g‘i 7 jangidan so‘ng erishdi. Jang 30 yanvar kuni AQShda bo‘lib o‘tdi va Ahmadaliev ochkolar hisobida raqibidan ustun keldi.
Bundan tashqari, Bahodir Jalolov va Elnur Abduraimov ham bir qancha janglar o‘tkazdi va g‘alabaga erishdilar.
Bu hali hammasi emas. 2019 yilning 9-21 sentyabr kunlari Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida ham vakillarimiz munosib ishtirok etishdi va 3 ta oltin (+91 kg Bahodir Jalolov, 56 kg Mirazizbek Mirzahalilov, 52 kg Shahobiddin Zoirov), 1 ta kumush (81 kg Dilshodbek Ro‘zmetov) va 1 ta bronza ( 69 kg Bobousmon Boturov) medalga ega chiqqan holda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallashdi. Bokschilarimiz va murabbiylar O‘zbekistonda munosib kutib olindi va katta miqdorda pul mukofotlari hamda 1-o‘rin sohiblariga "Treker", ikkinchi va uchinchi o‘rin egalariga "Jentra" avtomobillari sovg‘a qilindi. Hozirda, ular 2020 yilgi Tokio olimpiadasi uchun tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Ularga ulkan omad va zafarlar tilab qolamiz.
Muallif: Jalol Axmedov.
Fikrlar