Sergey Kovshov: «Sho‘rtan»ga natija ko‘rsatish uchun kelganman

  • 3 aprel, 2019, 21:41
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

G‘uzorning «Sho‘rtan» klubi bu yil ham pro-liganing «A» guruhida qatnashadi. Xabaringiz bo‘lsa, u erda yana murabbiy o‘zgargan. O‘tgan yili jamoani Yorqin Nazarov boshqargandi. Bu yildan e’tiboran esa «Sho‘rtan»ga Sergey Kovshov bosh murabbiylik qilmoqda. Bungacha bir qator klublarda ishlagan mutaxassisning navbatdagi qadami qanday bo‘larkin? U muammolar girdobida qolgan «Sho‘rtan» bilan natija ko‘rsata oladimi? Murabbiy bilan suhbatda shu va yana boshqa savollarga javob oldik.

- Sergey Gennedevich, sizning «Sho‘rtan» klubida ish boshlashingiz qanday yuz berdi? Bunga kim sababchi bo‘ldi?

- «Sho‘rtan» klubida ish boshlashim tabiiyki rahbarning taklifiga binoan amalga oshdi. Zavod direktori Shokir Davlatovich Jabborov meni bosh murabbiylikka taklif etdi. Rahbarning qo‘lida 4-5 ta murabbiyning nomzodi bo‘lgan. Har qanday rahbar ham jamoaga bosh murabbiyni tayinlash borasida bir qator nomzodlarni o‘rganib chiqadi. Ularning orasidan esa meni tanladi. Natijada menga qo‘ng‘iroq qilib, hamkorlik qilish taklifini o‘rtaga tashladi. Bilasiz, «Sho‘rtan» jamoasida oldin ham ishlab ketganman va bu men uchun begona emasdi. Yana bir bor G‘uzorda ish boshlaganimdan xursandman.

- «Sho‘rtan»dagi ishni avvalo nimadan boshladingiz?

- Bilasizmi, G‘uzorga kelganimda jamoaning o‘zagi bor edi. Shu bois bu erga kelib katta o‘zgarishlarga qo‘l urganim yo‘q. Faqat tarkibda ayrim pozitsiyalarga 3-4 ta o‘yinchilarni chaqirdim. Darvozabon, himoyachi, yarim himoyachi va hujum chizig‘iga futbolchilarni oldik. Biz bu erda asosiy e’tiborni mahalliy yoshlarga qaratyapmiz.

- Yangi mavsumga ko‘rilgan tayyorgarlikdan qay darajada qoniqish hosil qildingiz? Ya’ni, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Tayyorgarligimizning birinchi bosqichini G‘uzorda o‘tkazdik. Shundan keyin Toshkentga ketdik va u erda futbolchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, bir qator nazorat uchrashuvlarida qatnashdik. Murabbiy sifatida jamoamning ko‘rsatgan o‘yinlaridan qoniqdim. Muhimi, jamoamizda o‘yin sur’ati bor. Iqtidorli yoshlarimiz hujumkor o‘yin ko‘rsatishayotgani meni quvontiryapti. Ularning ishga bo‘lgan munosabati ham menga yoqyapti. Nazorat bahslarida «Surxon» bilan durang o‘ynadik. «Oq-tepa»ni 2:1 hisobida mag‘lub etdik. Toshkentda shug‘ullanayotgan nigeriyalik futbolchilardan iborat jamoani 4:2 hisobida taslim etdik. Xullas, Toshkentdagi tayyorgarligimiz yaxshi o‘tdi. Futbolchilar mening nimani xohlayotganimni yaxshi tushunishyapti. Shuning uchun o‘z o‘yinchilarimga ishonaman. Ular bilan ishlash jarayonlarida qiynalganim yo‘q. Men uchun ortiqcha muammolar ko‘zga tashlanmayapti.

- «Sho‘rtan»da doimiy ravishda murabbiylarning almashtirilishiga ko‘p bor guvoh bo‘lamiz. Odatda har yili va kerak bo‘lsa yilda 2-3 marotaba bosh murabbiy o‘zgartiriladi. Mana, yangi mavsumda jamoaga bosh murabbiy sifatida sizni tayinlashdi. Bunday jarayon sizni havotirga solmaydimi?

- To‘g‘ri aytdingiz, «Sho‘rtan»da murabbiylarning tez-tez almashtirilishiga o‘zim ham guvohman. Chunki har qanday rahbariyat natija ko‘rsata olmagan murabbini ishdan bo‘shatadi. Bularning hammasiga normal qarayman. Iste’fo – bu murabbiylik faoliyatining bir qismi. Men bu erga natija ko‘rsatish uchun kelganman. Bizda buning uchun barcha imkoniyat bor. Ixtiyorimda yaxshi jamoa yig‘ilgan. Rahbariyat bizni moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlab, vaqtida oylik maoshlarini berib tursa ishimiz ancha engillashadi va bizning Superligaga chiqish imkoniyatimiz ehtimoli yanada oshadi. Men iste’fodan qo‘rqmayman. Birinchi marta murabbiylik qilayotganim yo‘q. Tushunaman, natija bo‘lmaganidan keyin bunga faqat bosh murabbiy javobgar hisoblanadi. Agar natija ko‘rsatsangiz ishlayverasiz.

- Lekin oxirgi paytlarda klubdagi muammolar hech kimni befarq qoldirgani yo‘q. Turli qarzdorliklar «Sho‘rtan»ning mavqeiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi paytga kelib vaziyat qanday? Jamoa Superliga yo‘llanmasi uchun kurashishga qodirmi?

- Eshitishimcha, murabbiy va futbolchilardan bo‘lgan qarzdorliklar deyarli hal qilingan. Chempionat davomida barcha qarzdorliklar bartaraf etiladi. Bizning oldimizga esa Superligaga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Shuning uchun ham bemalol ushbu maqsad uchun kurashyapmiz.

- Pro-ligada bu yil ham jamoalar «A» va «V» guruhlariga bo‘lingan holda ishtiroklarini davom ettirishadi. Ammo hali «V» guruhida nechta jamoa qatnashishi aniq emas. Sizningcha, pro-liga musobaqasining hozirgi formati qanchalik o‘zini oqlashi mumkin?

- Har kimning o‘z fikri bor. Jamoalarni «A» va «V» guruhlariga ajratmasdan 16 ta klub ishtirokida musobaqa o‘tkazilsa yanada qiziqarliroq bo‘lardi. Ana shunda jamoalar har bir klub bilan o‘ynab, o‘z kuchini namoyish etardi.

- Yaqinda pro-liganing «A» guruhi uchun qur’a tashlandi. Bu borada fikringiz qanday?

- Qur’a juda yaxshi o‘tdi. Lekin sizning jamoangiz mavsumga har tomonlama tayyor bo‘lsa, u holda qur’aning qanday kelishining farqi bo‘lmaydi. Jamoa jismoniy va texnik tomondan mavsumga tayyormi, unda kim bilan qachon o‘ynashning nima farqi bor? Hammasi o‘z jamoangizga bog‘liq. Shuning uchun men raqib tanlamayman. Birinchi navbatda o‘z jamoamning tayyorgarligiga jiddiy e’tibor qarataman.

- Sizning murabbiylik faoliyatingizni doimiy ravishda kuzatib boramiz. Asosan qiyin ahvolga tushib qolgan jamoalarda ishlaganingizga guvoh bo‘lganmiz va «Sho‘rtan»dagi faoliyatingiz ham bundan mustasno emas…

- Aslida hamma joyda ishlash oson emas. To‘g‘ri, moliyaviy tomondan qiyinchilikka tushib qolgan jamoalarda ko‘proq ishladim. Lekin «Sho‘rtan»da hammasi yaxshi, bu erdagi barcha shart-sharoitlar Superliga talablariga javob beradi. To‘g‘ri, qiyinchiliklar bo‘ladi, ammo men doim hammasiga sabr qilib, chidab ishlayman. Masalan, Mirjalol Qosimov qiyin sharoitda qolgan «Bunyodkor»da ishladi. Hozir esa Vadim Abramov ham deyarli shunga o‘xshash holatda ishlayapti. Shunday ekan, ularga ham oson emas. Murabbiy qaerda, qanaqa sharoitda ishlamasin, baribir natija ko‘rsatish uchun ishlaydi. Asosiysi, mehnatdan qochmasligi va qiyinchiliklardan qo‘rqmasligi kerak.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!