Shohruh Gadoevning Koreyadagi hayoti va ertangi kun umidlari

  • 8 iyun, 2019, 10:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Janubiy Koreyaning «K2» ligasida to‘p surayotgan futbolchilarimiz orasida qashqadaryolik yarim himoyachi Shoxruh Gadoevning ham borligini o‘quvchilarimiz yaxshi bilishsa kerak. Iqtidorli o‘yinchi ayni paytda «Tedjon Sitizen» jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Shuningdek, u bilan birga yana bir hamyurtimiz Sanjar Tursunov ham mazkur klubda to‘p surib kelmoqda. Odatda xorijda to‘p surayotgan legionerlarimizning u erdagi hayoti va faoliyati bilan imkon qadar yaqindan tanishishga harakat qilib kelamiz. Og‘ir jarohatdan keyin qayta tiklanib faoliyatini davom ettirayotgan Shoxruhning legioner maqomiga aylangani esa albatta ijobiy holat. Xo‘sh, uning Janubiy Koreyadagi hayoti qanday kechmoqda? Ma’lum bo‘lishicha, u farzandlik bo‘lgan.

- Xudoga shukrki, Koreya hayotiga ko‘nikib ketdik. Har holda o‘tgan yilgiga qaraganda, bu yil ancha moslashib oldik deya olaman, - deya gap boshladi, Gadoev. - To‘g‘ri, hali bu borada 100 foiz deya olmasam-da, 75 foiz deb aytishim mumkin. Janubiy Koreyaga o‘tgan yilning mart oyida kelgandim. Uch oydan keyin esa farzandlik bo‘ldik. Rostini aytsam, boshida kelgan paytlarimda bir o‘zim begona mamlakatda qiynalgandim. Birinchi navbatda taom masalasida muammolarga duch keldim. Baribir bu erda o‘zimizdagi kabi mahsulotlar yo‘q edi. Shuningdek, Koreya hayotiga moslashishim ham oson kechmadi. Farzdanlik bo‘lganimizdan keyin esa oilamni ham olib keldim.

Shu o‘rinda ham yurtimiz «Tedjon Sitizen» klubidagi faoliyati haqida ham to‘xtalar ekan, shunday dedi:

- Klubdagi ishlarimga keladigan bo‘lsak, a’lo darajada deya olmasam-da, harqalay yaxshi, yomon emas. Chempionat boshlarida to‘liq o‘ynaganim yo‘q. G‘alaba qozongan uchrashuvlarimizda zaxiradan maydonga tushib o‘ynab turdim. Buning o‘rtasida kichik jarohat oldim va buni davolatish uchun vaqt kerak bo‘ldi. Mana, endi yana o‘yin amaliyotiga ega bo‘lyapman.

Gadoev Janubiy Koreya chempionatida ikkinchi yilini o‘tkazmoqda. Har qanday futbolchining esa bir jamoada o‘ynayotganida o‘ziga yarasha maqsad va vazifalari bo‘ladi. Bu borada Shoxruhning o‘zi istayotgan rejalari qanday?

- Janubiy Koreyada ikkinchi mavsumimni o‘tkazyapman. Albatta, bu erga o‘zimga yarasha maqsadlar bilan kelganman. Men legionerman, shuning uchun har doim o‘zimni ko‘rsatish uchun bor kuchimni ishga solishga harakat qilyapman. Koreyadagi maqsadim esa «K» ligasida to‘p surish. Hech bo‘lmaganda kuchliroq klubga o‘tish niyatim bor. Bu erga kelib ancha narsani ko‘rdim va o‘rgandim. Ham jismonan, ham ruhiy tomondan. Yana bir asosiy niyatlarimdan biri shuki, legioner bo‘lib milliy terma jamoaga qaytishni xohlayapman va albatta bu istagimga erishaman. Meni xursand qilayotgani shuki, Janubiy Koreyaga kelganimdan keyin o‘zimizdan salbiy taassurot qoldirmadik. Aksincha, bizdan so‘ng yana o‘zbekistonlik futbolchilar ko‘paya boshlashdi. To‘g‘ri, bizgacha ham bu chempionatda Bahodir Nasimov, Bahodir Pardaev kabi futbolchilarimiz ham o‘ynab ketishgan. Ammo men ularni yomonlamoqchi emasman. Biroq ular ketishganidan so‘ng Koreyada o‘zbekistonlik futbolchilarning to‘p surishi borasida biroz to‘xtalish bo‘lgan. O‘sha paytlarda koreyaliklarning bizning o‘yinchilarimizga extiyoji kam bo‘lgan, nazarimda. Janubiy Koreyada faoliyatimni boshlaganimdan keyin esa asta-sekin boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarni ham taklif qilishni boshlashdi. Aynan shu tomonlama juda xursandman. Rosti, hamyurtlarimizning legioner sifatida boshqa mamlakatlarda ko‘proq o‘ynashlarini xohlayman. Bunga esa o‘z bo‘lsa-da, o‘z hissamni qo‘sha olsam, bundan faqat xursand bo‘laman. Qolaversa, boya aytganimdek, yana milliy terma jamoaga qaytmoqchiman.

Chindan ham oxirgi paytlarda Koreyada o‘zbekistonlik futbolchilarga e’tibor oshib, ularning soni endilikda bir nechtani tashkil etmoqda. Boshqa mamlakat chempionatida hamyurtlarimizning ko‘payayotgani esa o‘sha erdagi futbolchilarimiz uchun ham qo‘l kelishi aniq.

- Albatta, Koreyada o‘zbekistonlik futbolchilar ko‘payib borayotgani faqat xursand qiladi. Mavsum boshida federatsiyada yig‘ilganimizda hammamiz ko‘rishib, gaplashdik. Keyin esa chempionat boshlanib ketdi. Ha, hozir ham gaplashib turibmiz, ammo hali bafurja uchrashishga vaqt bo‘lmayapti. Koreyada o‘zbekistonlik o‘yinchilarga bo‘lgan qiziqish borligi haqida eshitib turibmiz. Yana ayrim futbolchilarimizning bu erga kelishlari ham kutilayotgandi. Biroq nimadir bo‘lib, bu transferlar amalga oshmay qoldi, - deydi Shoxruh Gadoev.

Shuningdek, futbolchimiz bugungi o‘zbek futboli va legionerlar haqida gapirdi.  

- Ammo, rostini aytadigan bo‘lsam, o‘zbek futboli va uning atrofidagi voqealarni doim ham kuzatib borayotganim yo‘q. Ha, o‘zimizning chempionatimiz ham asta-sekin kuchayib boryapti. Aytmoqchimanki, o‘zbek futbolchilari qancha ko‘p xorijda o‘ynashsa, bu terma jamoalarimizga ham shunchalik foydasi tegadi. Ko‘ryapsiz, jahon chempionatiga chiqish biz uchun orzuligicha qolmoqda. Legioner sifatida o‘zini ko‘rsatib o‘ynayotgan hamyurtlarimiz ortib borsa, bundan faqat futbolimiz yutadi.

Ma’lumki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper Shoxruhni bir marta yig‘inga chaqirgandi. Biroq o‘rtoqlik uchrashuvida zaxirada qolgandi va shundan beri uni termaga taklif qilayotgani yo‘q. Bu haqida uning o‘zi quyidagicha fikr bildirdi.

- O‘shanda milliy terma jamoaga chaqirilganimdan juda xursand bo‘lgandim. Yaxshi kayfiyat bilan borgandim. O‘sha paytda klubim 2-yoki 3-o‘rinda ketayotgandi. Meni termaga taklif qilishganida, borib o‘ynasam kerak, deb o‘ylagandim. Afsuski, maydonga tushmadim. To‘g‘ri, Toshkentga borib, o‘ynamay yana qaytish - bu legioner sifatida og‘ir botishi mumkin. Balki murabbiyning taktikasiga tushmagandirman. Lekin bunisi menga qorong‘u. Har bir mutaxassisning futbolga bo‘lgan qarashlari bor.

Gadoevning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? O‘z klubi bilan asosiy ligaga chiqish imkoniyatlari qanday? Bu xususida quyidagicha munosabat bildirdi.

- Meni hali o‘z jamoam bilan shartnomam bor. Mavsum tugaganidan keyin esa o‘ylab ko‘raman. O‘tgan yili yaxshi o‘yinlarimiz ko‘p bo‘ldi. Ammo alam qiladigani shu bo‘ldiki, biz pley-offga etib borgandik va ishimizni oxirigacha etkazib qo‘ymoqchi edik. Ammo pley-offda qolib ketganimiz achinarli bo‘lgandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Фуркат Мирзаев
11/06/2019 23:50
Хакикий насафчи шохрух Гадоев гап йук ука омад сенга каршилик мухлисларинг