SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (4-son)

  • 25 noyabr, 2022, 16:14
  • Bekzod Isayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

O‘rtoqlik o‘yinida O‘zbekistonga engilgan Kamerun jahon chempionatini mag‘lubiyat bilan boshladi. Afrikaning bu jamoasi ham 1-turda gol ura olmadi.

Suares boshchiligidagi Urugvay Janubiy Koreya darvozasiga yo‘l topa olmadi. Uchrashuvda xavfli vaziyatlar deyarli sodir etilmadi. Shuning uchun darvozalar daxlsizligi saqlanib qolindi.

Portugaliya nihoyat jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi. Ammo bu oson bo‘lmadi. Oxirgi daqiqalarda portugallar g‘alabani durangga almashishi mumkin edi. Baxtga qarshi ganalik futbolchi darvozaga zarba bera olmadi.

Braziliya yulduzlarga shu qadar boyki, raqiblar qaysi futbolchidan xavf kutishni bilmaydi. Lekin bu tur Risharlisonga ataldi. U jamoasining g‘alabasini ta’minlash bilan birga, turning eng chiroyli goliga ham mualliflik qildi.

Quyida mana shu o‘yinlar haqida fikr yuritamiz.

Shveytsariya - Kamerun 1:0

Jahon chempionatining navbatdagi bahsi Shveytsariya hamda Kamerun terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Evropa va Afrika termalarining o‘zaro to‘qnashuvida "ko‘hna qit’a" vakillari kichik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi - 1:0.

48-daqiqada Shakirining qanotdan oshirib bergan ajoyib uzatmasidan so‘ng Embolo to‘pni raqib darvozasiga joylab qo‘ydi. Bu gol o‘yinda yagonaligicha saqlanib qolindi va Murat Yakin shogirdlari ilk turda muhim 3 ochkoga ega chiqdi.

Bellashuv davomida Shveytsariya va Kamerun jamoalari umumiy hisobda 15 ta zarba berdi. Ulardan 8 tasi darvoza tomon aniq bordi. 3 tasi evropaliklar va 5 tasi afrikaliklar foydasiga.

Muhim faktlardan biri sifatida Shveytsariyaning so‘nggi 6 mundialdagi ilk tur o‘yinlarida mag‘lubiyatga uchramay kelayotganini aytib ketishimiz mumkin. Oxirgi marta ular 1966 yilda Germaniyaga 1-tur doirasida mag‘lub bo‘lgandi. Shundan so‘ng 3 g‘alaba va 3 durang qayd etilgan.

Kamerun Jahon chempionatlaridagi oxirgi 8 uchrashuvning barchasida mag‘lubiyatga uchradi. Bu borada antirekord Meksikaga tegishli. Shimoliy amerikaliklar 1930-1958 yillar davomida o‘tkazilgan dunyo birinchiligida 9 o‘yinlik mag‘lubiyatli seriya qayd etgan.

Qolaversa, Ganadan tashqari Afrikaning qolgan barcha jamoalari 1-turda gol ura olmadi. Ganaliklar ilk bahsda Portugaliya bilan mardonavor kurashib, yakunda 2:3 hisobida engildi.

Shu tariqa, Evropaning go‘zal landshaftiga ega termasi mundial guruh bosqichini muvaffaqiyat bilan boshladi. O‘zbekistonga engilgan Kamerun esa dastlabki turda kichik hisobda mag‘lubiyatga uchradi.

 

Urugvay - Janubiy Koreya 0:0

Qatar mamlakatida o‘tayotgan Jahon chempionati 1-turidan o‘rin olgan bahslar davom ettirildi. Ulardan birida Urugvay Janubiy Koreya bilan kuch sinashdi. Ushbu bellashuvda jamoalar nursiz durangga imzo chekdi.

Bellashuv davomida jamoalar umumiy hisobda 17 ta zarba berdi. Ulardan atigi bittasi darvoza tomon aniq bordi. Bahsdagi yagona aniq urinish Janubiy amerikaliklar tomonidan sodir etildi.

Qizig‘i, Urugvay guruh bosqich o‘yinlarida 465 daqiqadan beri gol o‘tkazmay kelmoqda. So‘nggi bor terma 2014 yilda Angliyadan gol qabul qilib olgandi. O‘shanda Ueyn Runi Janubiy Amerika vakillarini ranjitgandi.

Shuningdek, 36 yosh-u 281 kunligida Diego Godin Urugvay tarkibida harakat qilgan jamoa tarixidagi eng yoshi katta futbolchisi bo‘ldi.

Ilk turda ikki jamoa ham gol urish uchun yaxshigina ter to‘kdi. Ammo bahs nursiz durang bilan yakun topdi. Jamoalar ilk turda 1 ochkoga ega chiqdi.

 

Portugaliya - Gana 3:2

1-turdan o‘rin olgan Portugaliya va Gana terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinning birinchi bo‘limi sokin o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi 45 daqiqalikda maydon chinakamiga “yondi”. Oxirgi daqiqalargacha kurash kechdi. Chunki bellashuvda intriga saqlanib qolgandi.

64-daqiqada Krishtianu Ronaldu jarima maydoni ichida yiqitildi va jabrlanuvchining o‘zi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Andre Ayyu muvozanatni tikladi. Keyin tezkorlik bilan portugallar ikkita gol bilan javob berdi. Dastlab Felish sherigi etkazib bergan to‘pni sovuqqonlik bilan darvozaga yo‘lladi. Ushbu o‘tkazib yuborilgan goldan hali o‘ziga kelmagan Gana yana bir golni qabul qilib oldi. Bu gal Leau o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

Uyinning so‘nggi daqiqalarida Bukari o‘zining goli bilan hisobni qisqartirdi. Bukari golni Ronaldu uslubida nishonladi va bu Krishtianuga yoqmadi. 

Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada portugaliyaliklar posboni muxlislar va jamoadoshlarining yuragini tushirdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Vaziyatni o‘zingiz tomosha qiling.

Portugaliya terma jamoasi 16 yildan buyon ilk marotaba jahon chempionatini g‘alaba bilan boshladi. So‘nggi bora portugallar 2006 yilgi mundialning 1-turida Angolani 1:0 hisobida taslim etgandi. O‘shanda ular yarim finalga qadar etib borib, final arafasida Frantsiyaga imkoniyatni boy bergandi.

"Opta" statistik nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Joau Felish Portugaliya tarkibida jahon chempionati doirasidagi bellashuvlarda gol urgan uchinchi eng yosh futbolchiga aylandi. Felish 23 yosh-u 13 kunligida muvaffaqiyatga erishdi.

1966 yilgi jahon chempionatida Portugaliya terma jamoasi safida gol urgan Antonio Simoesh 22 yosh-u 217 kunlik va 2006 yilgi mundialda to‘p kiritgan Krishtianu Ronaldu 21 yosh-u 132 kunlik bo‘lgandi.

photo_2022-11-25_14-18-43

Qayd etish lozim, jamoa sardori Krishtianu Ronaldu mazkur bellashuvning eng yaxshi futbolchisi, deya e’tirof etildi. "Sofascore" nashri talqiniga ko‘ra esa eng yuqori ballga Bruno Fernandesh (6.3) loyiq deb topildi.

Ronaldu 5 ta mundialda gol urgan tarixdagi birinchi futbolchiga aylanib, rekord o‘rnatdi. Shuningdek, Ronaldu ettinchi marta o‘yinning eng yaxshisi bo‘ldi, bu ham rekord. Bu mukofot jahon chempionatlarida 2002 yildan ta’sis etilgan. Lionel Messi va Aren Robben Krishtianudan bittaga ortda qolmoqda.

 

Braziliya - Serbiya 2:0

1-tur doirasidagi so‘nggi bahsda Braziliya Serbiyaga qarshi maydonga tushdi. Qiziqarli va turning, ehtimol musobaqaning eng chiroyli goli kiritilgan o‘yinda "pentakampeonlar" ishonchli hisobda g‘alaba qozondi - 2:0.

Dastlabki daqiqalar keskin hujumlar ostida boshlandi. Har ikki jamoa ham to‘pni ko‘proq nazorat qilishga urunib, raqib darvozasi oldidan bir qancha xavfli vaziyatlar hosil qildi. Biroq ilk bo‘limda muxlislar gol ko‘rishmadi.

Ikkinchi taym janubiy amerikaliklar ustunligi ostida boshlandi. Vinisius chap qanotdan darvoza tomon zarba yo‘lladi, biroq serblar posboni to‘pni qaytarib yubordi. Qaytgan to‘p Risharlisonga kelib tushdi. "Tottenxem" hujumchisi esa to‘pni darvozaga kiritdi.

73-daqiqada Risharlison yana katta sahnaga chiqdi. U Vinisiusning ajoyib uzatmasidan keyin to‘pni o‘ziga to‘g‘rilab oldi va chalqancha usulda super gol urdi.

80-daqiqada Neymar o‘z o‘rnini Antoniga bo‘shatib berdi. Chunki Neymarga nisbatan serbiyalik futbolchilar 9 marotaba qo‘pollik ishlatgandi. Shu bois PSJ yulduzi jarohat olgani uchun almashtirildi.

Qolgan daqiqalarda ikki jamoa ham boshqa gol ura olmadi. Braziliya birinchi turdan keyin 3 ochko to‘plagan holda o‘z guruhida etakchiga aylanib oldi.

Shu tariqa, Braziliya ketma-ket 8-o‘yinda zafar quchdi, mag‘lubiyatsiz seriya esa 16 uchrashuv etdi. 2021 yilning iyul oyida Argentinaga qarshi o‘tkazilgan Amerika kubogi finalidan so‘ng braziliyaliklar 13 ta g‘alaba, 3 ta durangga erishdi. To‘plar farqidagi ko‘rsatgich ham a’lo darajada: 28-2.

Ushbu link orqali Jahon Chempionati kundaligi 4-sonining video variantini tomosha qiling 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!