
Superligadan nechta klub tushib ketadi? Nega o‘tish o‘yini bo‘lmaydi?
Superliganing bu mavsumi yakunlanishiga 2 ta tur qoldi. Ayni paytga kelib chempion, vitse-chempion nomi aniq. Endi 3-o‘rin sohibi yoki OChL saralashi yo‘llanmasi kimga nasib etishini bilish qoldi xolos.
Qolaversa, chempionatni nechta jamoa tark etadi? degan savol ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Ushbu savolga PFL vakili Diyor Imomxo‘jaev telegramdagi o‘zining sahifasida javob yozdi.
- Shu savol ko‘pchilikni adashtiryapti. Yodingizda bo‘lsa, yil avvalida format 12 ta klub uchun moslangandi. Va bunda 2 ta klub quyi ligaga tushib ketishi, yana biri esa o‘tish o‘yinida ishtirok etishi kerak edi.
Biroq qur’a marosimiga bir necha soat qolganida jamoalar soni 14 taga etdi. Shundan kelib chiqib, ligadan faqatgina 1 ta klub tushib ketadigan bo‘ldi (ya’ni, so‘nggi jamoa). Uning o‘rnini esa "Mash’al" egallashi aniq bo‘lib ulgurgan.
Nima uchun faqatgina bitta? Boisi, 12 talik formatda Pro-ligada da’vogarlar soni ko‘proq edi. "Surxon" va "Dinamo"ga chipta nasib qilgach, Superligada real to‘p sura oladigan jamoalar soni Pro-ligada kamayib ketdi. Ayni holatda Superliga talablari uchun "Mash’al" va "Sho‘rtan" klublarigina javob bera olishardi. Qolgan jamoalarda litsenziyalash talablari bilan bog‘liq muammolar bor. O‘z-o‘zidan, da’vogarlar sonidan yo‘llanmalar soni kamroq bo‘lishi kerak, boshqachasiga raqobat qilib bo‘lmasdi, - deya yozdi Diyor Imomxo‘jaev.
Fikrlar