
“The-afc.com”: Chorak finalning eng yaxshi himoyachilari
Maqolada hamyurtimiz Egor Krimets ham e’tirof etilgan va biz ushbu materialni o‘zbek tilida e’tiboringizga havola etamiz.
4 ta kuchli jamoa orasidan faqat bittasi 19 dekabr sanasida bo‘lib o‘tadigan finalga yo‘llanma olishi mumkin. Bu ko‘p jihatdan himoya chizig‘ida harakat qiladigan futbolchilarga bog‘liq.
Sulton Al-G‘annam (“Al-Nassr”)
O‘ng qanot himoyasida Al-G‘annam namoyish etayotgan kuchli o‘yin samarasi o‘laroq, “Al-Nassr” “D” guruhini peshqadam sifatida yakunladi. OChL restartidan buyon saudiyaliklar atigi 1 ta gol o‘tkazib yubordi.
Qit’a miqyosida o‘z pozitsiyasidagi eng yaxshilardan biri hisoblanadigan Sulton 2018 yilda jamoaga “Al-Faysali”dan kelib qo‘shilgan. O‘sha mavsumning o‘zidayoq, jamoasi bilan mamlakat chempionligini qo‘lga kiritadi. Mana ikki yildirki, jamoasi bilan OChL chorak finalida o‘ynamoqda.
U raqiblardan to‘pni olib qo‘yish bo‘yicha “Al-Ayn” futbolchisi Tsukasa Shiotanidan (17) keyingi ko‘rsatkichni qayd etib turibdi (15). Uning hujumdagi harakatlari ham tahsinga sazovor. 3 ta golga hammualliflik qilish orqali OChL assistentlari ro‘yxatini boshqaryapti. Muvaffaqiyatli kross uzatmalar soni bo‘yicha ham himoyachilar orasida karvonboshilik qilmoqda (4 ta).
Lukas Lima (“Al-Ahli”)
“Al-Ahli” o‘z tarixida 5-marotaba chorak finalda o‘ynamoqda. Bu qolgan 3 jamoanikidan ko‘p, demakdir. Himoyadagi mustahkamlikni chap qanot vakili hisoblangan Lima yanada oshirib bermoqda.
3 yillik “Nant”dagi faoliyatdan so‘ng, Lukas Limaning yo‘llari Saudiyaga tushdi. 2019 yilda Jiddaga ko‘chib kelgan futbolchi “Shabab Al-Ahli”ga qarshi nimchorak final bahsida penaltilar seriyasi qahramonlaridan biriga aylandi.
Lima 34 ta duelda g‘alaba qozona olgan va bu “Al-Ahli”dagi eng yaxshi ko‘rsatkich. Abdulrahmon G‘aribdan so‘ng aynan braziliyalik chap qanot himoyachisi eng ko‘p dribling ishlatgan futbolchi hisoblanadi (17).
Shojai Xalilzoda (“Persepolis”)
Jamoa sardori va markaziy himoya etakchisi Sayid Jalol Husaynining yoshi o‘tib borayotgani sari eronliklar kelajakni aynan Xalilzoda atrofida qurmoqchi. Uning yuqori darajadagi o‘yini himoyadagi harakatlari bilangina chegaralanmaydi. Shojai jamoasi uchun muhim gollarni kiritib turishi bilan ham qadrli.
Saudiyaning “Al-Ahli”siga 2 ta gol urgan himoyachining 3-turda yo‘llagan chalqancha zarbasi guruh bosqichining bezagiga aylandi. “Sharja” ustidan qozonilgan yirik hisobdagi g‘alabada ham Xalilzoda hisobni ochib bergandi.
“Persepolis” futbolchisi chorak finalgacha 630 daqiqa to‘liq harakat qilgan 2 ta futbolchining biri bo‘lib turibdi (ikkinchisi Jaloliddin Masharipov).
Egor Krimets (“Paxtakor”)
Toshkentliklar chorak finalgacha atigi 1 ta gol o‘tkazgan holda etib keldi. 2009 yildan beri birinchi marotaba chorak finalga chiqqan jamoaga Egor Krimetsning mehnati ko‘p singyapti.
28 yoshli futbolchi O‘zbekiston miqyosida “Paxtakor”dan boshqa klubda o‘ynamagan. 2013-2016 yillar mobaynida “Beytszin Goan”da o‘ynaganini inobatga olmasak, ushbu klubni o‘zining uyi desak ham bo‘ladi. O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ham 38 ta uchrashuvda maydonga tushishga ham muvaffaq bo‘lgan.
Faqat bitta futbolchi Krimetsdan ko‘proq zarbalarni bloklay olgan (5). Shuningdek, u to‘p uzatmalar soni bo‘yicha Odiljon Hamrobekovdan (423) keyingi ikkinchi natijani qayd etmoqda (422).
Fikrlar