
"Yangier-Quruvchi" bosh murabbiyi: "Mash’al", "Andijon", "Turon" va "Buxoro" - to‘rtta favorit. Ammo nima uchun "Yangier" emas?!
Bugun pro ligaga start berildi. Yangierda “Yangier-Quruvchi” o‘z maydonida “G‘ijduvon”ni qabul qildi. Avvaliga birinchi bo‘lib o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yuborgan maydon egalari keyinchalik irodalarini ko‘rsatdi va ikkita gol urib uch ochkoni qo‘lga kiritishdi – 2:1. Uchrashuvdan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Bekzod Qodirqulov jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
- Yangi mavsumga 12 yanvardan tayyorgarlikni boshlab, uch bosqichlik yig‘inlar o‘tkazdik, - deya gap boshladi, bosh murabbiy. - O‘zimiz ko‘zlagan hamma maqsadlarimizga erishdik. O‘rtoqlik uchrashuvlarini uyushtirdik va tajribali futbolchilarni jalb qildik. Eng keraklisi mavsumni yaxshi boshlay oldik. Tarkibga tajribali va Superliga havosidan bahramand bo‘lgan futbolchilarni chaqirdik. Tajriba va yoshlikni uyg‘unlashtirgan holda jamoani shakllantirdik.
- O‘yin haqida qanday fik bildira olasiz?
- Mavsum boshlangani bilan barchani tabriklayman. Chempionatning ilk turida bosim va hayajon bo‘ladi. Boz ustiga o‘z uyimizda o‘ynadik. Buni yigitlar his qilishdi. Birinchi golni kutilmaganda o‘tkazib yubordik va biroz o‘yinimizni izdan chiqardi. Birinchi taym oxirigacha gol urib tanaffusga chiqib ketganimiz bizni foydamizga bo‘ldi. Ikkinchi bo‘limda faqat hujum uyushtirishni uqtirgandik, buni yigitlar uddalashdi va g‘alaba qozondik.
- Qaysi chiziqda xatolar ko‘zga tashlandi?
- Xatolar har bir o‘yinda bo‘ladi. Faqat hujumlarni yakunlashda biroz oqsashlik bo‘ldi. Mavsum boshi bo‘lgani bois chiziqlar bo‘yicha futbolchilar o‘rtasida biroz tushunmovchilik bo‘ldi. Asta-sekin jamoamiz a’zolari yanada yaxshiroq o‘ynay boshlaydilar. Navbatdagi uchrashuvlarimiz “Andijon” va undan keyin “Mash’al”. Ikkalasi ham Superligadan tushgan, tajribali jamoalar. Tarkiblari legionerlar hisobiga kuchaytirilgan. Raqiblardan qo‘rqmagan holda xoh uyda, xoh safarda bo‘lsin faqat g‘alaba uchun kurashamiz.
- Maydonning holati ham o‘yinga ta’sir ko‘rsatdimi?
- To‘g‘ri, maydonimizning holati qoniqarli emasdi. O‘ylaymanki, ko‘p jamoalarning maydonlari u qadar yaxshi holatda emas. 2-3-turlardan keyin maydonimiz yanada yaxshilanadi. To‘pni saqlashda ozroq muammolar ko‘zga tashlandi.
- Ketgan o‘yinchilar o‘rnini to‘ldira oldingizmi? Yangi kelgan futbolchilardan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Bu kelgan futbolchilar faqat nom jihatdan emas, balki o‘yin bo‘yicha jamoamizga yordam bergani kelishgan. Yangi kelganlar 100 foiz ketganlarning o‘rnini to‘ldirdi, deb o‘ylayman. Hali mavsum uzoq va yana o‘zlarini ko‘rsatishga vaqt bo‘ladi, deb ayta olaman. Tajribasi bilan yordam berishadi.
- Superligaga chiqishga qaysi jamoalarning imkoniyati ko‘proq?
- “Mash’al”, “Buxoro”, “Andijon” va “Turon” ushbu to‘rttalik favorit. Lekin bu – futbol. Balki kutilmagan jamoalar ularning o‘rniga chiqib ketar. Misol uchun nimaga “Yangier” emas?!
Fikrlar