
Bekzod Nurmatovning fojeasiga MMA federatsiyasining yo‘qligi ham sabab bo‘ldimi?(Mulohaza)
Bir necha kun avval ajoyib sportchimiz Bekzod Nurmatov bu yorug‘ olamni tark etdi. Qaerda va qachon, qay tarzda bu holat ro‘y berganligi deyarli butun OAVda yoritilganligi uchun batafsil to‘xtalib o‘tishni lozim topmadim.
Kasalliklikni davolash uchun avval uning kelib chiqish sababi o‘rganilganidek, bugun biz ham bu noxush holatning ro‘y berish sabablari haqida mulohaza qilib ko‘ramiz.
Qolaversa, ushbu voqeylik tufayli MMAga nisbatan aks xulosalar ham paydo bo‘lmoqda. Ba’zi bu yo‘nalishdan umuman xabari bo‘lmaganlar esa ushbu sport turini "boi bez pravil" ya’ni " qoidasiz jang" deb atashmoqda. Ammo, aytish kerakki, MMAda bir qator qonun-qoidalar mavjud. Qolaversa, u eng xavfli sport turlari orasida kuchli uchlikdan ham o‘rin olmagan.
Yurtimizda hali- hanuz MMA federatsiyasi ochilmagan. Federatsiya ochilishiga ruxsat yo‘q ekan, nima uchun mazkur yo‘nalishda jang qilayotganlarni ushlab qolisholmayapti?! Bu sport turiga bo‘lgan qiziqishni baribir cheklay olishmaydi-ku. Aksincha, yurtimizda MMA yildan -yilga ommalashib bormoqda.
Yurtdoshlarimiz Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya Respublikalarida o‘tkazilayotgan turli promoushen turnirlarida ishtirok etib kelishmoqda.
Mayli, ajoyib jangchlarimiz talaygina va ular g‘alabali yurishlari bilan barchamizni xursand qilmoqda. Lekin saviyasiz, shunchaki pul uchun tushayotganlar ham yo‘q deb o‘ylaysizmi? Ko‘ryapmiz, guvoh bo‘lmoqdamizki, bundaylar ham ko‘plab topiladi.
Natijada esa achinarli mag‘lubiyatlarga uchrab, qaysidir ma’noda kulguga ham qoldik. Agar federatsiya bo‘lganida edi, barchasi nazoratga olingan bo‘lardi. Litsenziyasiz hech qanday turnirlarda ishtirok etish bo‘lmasdi. O‘zbekiston chempionati va boshqa musobaqalar orqali kuchlilar saralanar, saviyasi hamda salohiyatiga qarab jang kechalarida ishtirok etishga ruxsat berilar edi.
Aynan ushbu omil bevosita Bekzod Nurmatovning fojeasiga ham bog‘liq deb hisoblayman. Albatta, bu shaxsiy fikrim.
Bekzodni shaxsan juda yaxshi tanir edim. Qadrdonim bo‘lardi. Oxirati obod bo‘lsin. Uning jismoniy holati va mahorati borasida faqat iliq fikrlarni bildirish mumkin. O‘sha jangda ham u yutqazmagandi.10:9, 10:9 uchinchi raundda 8:10 ko‘rinish oldi. Faollik evaziga Beslanga g‘alabani taqdim etishdi. Xo‘sh, bu erda federatsiya bilan qanday bog‘liqlik bor, deb o‘ylashingiz mumkin. Albatta bor. Agar rasman federatsiya bo‘lganida edi, jangchilarimizning haq-huquqlarini munosib himoya qila olardi. Nohaqliklar nisbatan kamroq bo‘lardi. Bunday noxolisliklar Nursulton Ro‘ziboevning Qirg‘izistondagi jangida ham kuzatilganligining guvohi bo‘ldik. Albatta, bu nisbiy tushuncha...
Eng asosiysi esa, yurtimizdagi turli xil turnirlardan avval federatsiya tomonidan tibbiy ko‘rik o‘tkazilishidir... Shunday ko‘riklar natijasida sportchilarimiz organizimida rivojlanib kelayotgan ba’zi bir zo‘riqishlarni oldi olingan bo‘lardi. Tomografiya bu sport turi uchun juda muhim sanaladi.
Bekzodga ushbu jangdagi mag‘lubiyat ham qisman ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Aslida, u bundanda murakkab janglarda ishtirok etgan. Demoqchimanki, bu fojea birgina mazkur jangga bog‘liq emas. Bu bir qator musobaqalar mobaynida shakllanib kelgan, nazarimda... To‘g‘ri, har bir turnirdan avval tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Bunga aslo shubha qilmaymiz. Lekin aynan shunday holatlarga mas’ul bo‘lgan tashkilot bo‘lsa, yanada mukammal nazoratga olingan bo‘linardi. Ma’suliyat ham kuchli bo‘lardi.
To‘g‘ri, MMA bu o‘ziga hos biznes! Jahon tajribasiga e’tibor qaratsak, federatsiyadan ko‘ra, promouterlik tashkilotlarining, promoushenlarning o‘rni katta va muhim. Lekin, bizga sportchilarni to‘la nazoratga olish uchun federatsiya kerak bo‘ladi deb o‘ylayman.
Bir so‘z bilan aytganda, MMAni noto‘g‘ri talqin qiluvchilar uchun so‘zimiz quyidagicha: MMA federatsiyasi ochilishi va shunday turnirlarning yurtimizda o‘tishining ham o‘ziga yarasha ijobiy tomonlari bor.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek, bu shunchaki shaxsiy qarashlarim holos. Xulosa o‘zingizdan...
Fikrlar