"Bu erda to‘p surish qiyin bo‘ladi deb o‘ylagandim" - Bogdan Milich "Andijon"dagi ilk goli, birinchi g‘alaba va to‘purarlik uchun nechta gol urmoqchiligi haqida dangal gapirdi

  • 14 mart, 2022, 20:37
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Andijon” klubi “Bobur arena” stadionida “Yangier-Quruvchi”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda 2:0 hisobida ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritganidan xabardorsiz. E’tiborlisi, andijonliklarning pro ligadagi dastlabki gol chernogoriyalik hujumchi Bogdan Milich hisobiga yozildi.

Ma’lumki, ushbu legioner joriy mavsum avvalida jamoa safiga qo‘shildi. 34 yoshli ko‘pni ko‘rgan futbolchining tajribasiga shubha yo‘q. Boisi, Milichning shu kungacha bosib o‘tgan yo‘liga qarar ekanmiz, Osiyo va Evropada iz qoldirganiga guvoh bo‘lamiz. Demak, u to‘p surgan klublarga qarang: “ADO Den Xaag” (Niderlandiya), “Krilya Sovetov” (Rossiya), “Viktoriya” (Chexiya), “Spartak-Nalchik” (Rossiya), “Kvangju” (Janubiy Koreya), “Suvon” (Janubiy Koreya), “Rudar” (Chernogoriya), “Mladost” (Chernogoriya), “Osasuna” (Ispaniya), “Trenganu” (Malayziya), “Saypa” (Eron), “Iskra” (Chernogoriya).  

Mana shunday katta tajribaga ega bo‘lgan hujumchi endi “Andijon” sharafini munosib himoya qilishga bel bog‘lagan va mahalliy muxlislarning ishonchini qozonishni boshlab yubordi. Milich “Yangier-Quruvchi”ga qarshi uchrashuvdan keyin dastlabki intervyusini berdi.

- Bogdan, g‘alaba bilan tabriklayman. Ushbu stadiondagi birinchi o‘yiningiz va ilk golingizni urdingiz. Taassurotlar qanday?

- Oldimizdagi vazifa yutqazmaslik va g‘alabamiz bilan muxlislarimizni kayfiyatini ko‘tarish edi. Asosiysi, yomg‘ir yog‘ib turganida bunday maydonda yaxshi o‘ynadik. Bu o‘zimizning stadionimizda muxlislarimiz qarshisidagi birinchi o‘yinimiz edi. Lekin yomg‘ir yoqqanligi hamda ob-havoning noqulayligi sababli o‘yin juda og‘ir kechdi. Ammo biz birinchi taymda gol urdik va ishonchni oshirdik. Shu sababli vazifamiz ancha engillashdi. Bizda yana imkoniyatlar bo‘ldi, gol urishga. 2:0 hisobidagi g‘alaba xuddi o‘zimiz o‘ylagandek bo‘ldi. Ammo yana gollar urishimiz ham mumkin edi. Ko‘rdingiz, ko‘plab vaziyatlarni yaratdik. Vaqti kelganda o‘zimiz ham yaxshi himoyalandik va “Yangier”ga imkoniyat qoldirmaslikka harakat qildik. Ba’zida esa imkoniyatlardan foydalanishni istaganimizda o‘xshamay ham qoldi. Endi safarda bo‘ladigan uchrashuvga tayyorlanamiz.

bogdan2

- Demak, umumiy ma’noda aytganda, siz o‘yindan ham, natijadan ham qoniqdingiz, to‘g‘rimi?

- Ha, men o‘yindan ham, natijadan ham qoniqdim. Lekin ayrim vaziyatlar borasida o‘yinimizni yana yaxshilashimiz kerak bo‘lgan jihatlar ham bor. Ayrim kamchiliklarimiz yo‘q emas. To‘pni yo‘qotib qo‘ygan holatlar ham yuz berdi. Ayniqsa, dastlabki 20 daqiqada to‘pni ko‘p yo‘qotib qo‘ydik. Shuningdek, o‘sha vaqtlarda ko‘proq himoyalanishimizga ham to‘g‘ri keldi. O‘sha 20 daqiqadan keyin hammasi yaxshi tomonga o‘zgardi.

bogdan1

- Ayting-chi, pro liganing saviyasi sizga yoqyaptimi yoki...

- Albatta, yaxshi. Bu erda to‘p surish qiyin bo‘ladi deb o‘ylagandim. Chunki Qozog‘istonda ham o‘ynaganman. Shuning uchun bu erda ham Qozog‘istondagiga o‘xshaydi deb o‘ylagandim. Lekin bu erda ancha boshqacha ekan. To‘p bilan ham ko‘p muomalada bo‘lishadi. Eng asosiysi, bu erdagi birinchi golimni urdim. Bundan keyin ham har bir uchrashuvda gol urishga harakat qilaman va shunga tayyorgarlik ko‘raman.

bogdan3

- Bu mavsumda to‘purar bo‘lishga va’da bera olasizmi?

- Meni asosiy vazifam gol urish. Hujumchi bo‘lganimdan keyin ishim shu-da! Men har bir o‘yinda 100 foiz kuchimni berib, jamoamning g‘alabasi uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilishga va’da berganman. Lekin o‘yinlar chog‘ida kimlar gol uradi, bunisini vaqt ko‘rsatadi.

- Gollaringizni hisobini ochib oldingiz. Masalan, mavsum mobaynida nechta gol urishni o‘ylab turibsiz?

- Bilmadim, 10-15 ta. Agar imkoni bo‘lib qolsa, 20 tagacha gol urishga harakat qilaman. Muhimi, jamoamizning g‘alabasi hammasidan ustun.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Havas Boltaboev
15/03/2022 20:04
Молодец Богдан Удачи тебе и в каждой игре забивал голы !!!!!!!!футбольному клубу Андижон желаю только победы и удачи !!!!!!!!!!!!!