Eldor Shomurodov: "Vaziyatlarimizdan foydalanganimizda bemalol 2 tadan ko‘p gol ura olar edik"
"Istanbul Bashakshehir" hamda O‘zbekiston milliy terma jamoamizning hujumchisi va etakchisi hisoblangan Eldor Shomurodov Misrga qarshi to‘qnashuvdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Birinchi bo‘limda katta ustunlik biz tomonda bo‘ldi. Vaziyatlardan foydalanganimizda 2 tadan ham ko‘proq gol ura olar edik. Birinchi bo‘limdagi g‘alabadan so‘ng ikkinchi bo‘limda himoyaga ko‘proq e’tibor berdik. Shuningdek, ular ham o‘yin rejasini o‘zgartirdi va shu sabab ham tashabbusni berib qo‘ydik. Biroq, asosiysi - gol o‘tkazmadik!
Nazarimda, qulay imkoniyatlarni golga aylantira olmaganimiz - eng katta xatomiz bo‘ldi. Ammo eng muhim jihatlardan biri - vaziyatlar yaratishdir. Biz esa bu narsani bu uchrashuvda amalga oshira oldik. Bu Oston bilan ham, Azizbek bilan ham bir-birimizni yaxshi tushunayotganimizdan dalolatdir.
Albatta, pressing qilishga harakat qildik. Bilasiz, har xil o‘yin bo‘ladi. Aytganimdek, dastlabki bo‘limda pressing amalga oshirib, tashabbusni o‘z qo‘limizga olib, harakat qildik va ikkinchi bo‘limda ko‘proq himoyaga e’tibor qaratdik. Menimcha, zamonaviy futbolda barcha narsaga tayyor turish kerak: himoyada ham, hujumda ham. Chunki ba’zi o‘yinlarda pressing qilishingizga to‘g‘ri keladi, ba’zida esa raqib kuchli bo‘lgani bois, himoyadan harakat qilishga to‘g‘ri keladi. Shu sabab, barcha narsaga tayyor turishimiz zarur.
Eronga qarshi har doimdagidek g‘alaba qozonish uchun harakat qilamiz", - deya terma jamoamiz sardori hisoblangan Eldor Shomurodov o‘z fikrlarini yakunladi.



Fikrlar