Gvardiola "Liverpul"ga qarshi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Abduqodir Husanovni ham tilga oldi
"Manchester Siti" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola "Liverpul"ga qarshi yirik g‘alabadan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va hamyurtimiz Abduqodir Husanovni ham tilga oldi.
Gvardiola ushbu g‘alabani o‘zining 1000-o‘yiniga berilgan "ajoyib sovg‘a" deb atadi va jamoasi ligadagi eng kuchli raqiblar bilan bellasha olishini ta’kidladi.
Shu bilan birga, u futbolchilarni hali ham yaxshilanishga chaqirdi. Uning fikricha, jamoa chempionlik uchun kurasha olishi uchun mavsum davomida o‘sishi zarur.
"Biz "Aston Villa" yoki mavsum boshida yutqazgan paytlarda ham men jamoada yaxshi muhit borligini aytgandim. Sababi nimada deysizmi? Bugun zaxirada kimlar borligini ko‘ring — hatto Abduqodir Husanov ham tarkibga kirmadi.
O‘tgan mavsumda bizda bu imkoniyat yo‘q edi. To‘rt marta qatorasiga Premer-ligada chempion bo‘lish bizga juda qattiq ta’sir qildi. Energiya etishmadi, jamoa avvalgidek emasdi, buni qabul qilish mumkin.
Shunday bo‘lsa-da, biz hech qachon taslim bo‘lmadik. Oxirgi 15–20 o‘yinda to‘qnashuvda eng yaxshi jamoa bo‘ldik.
Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan keyin jamoa yana o‘zgardi. Hamma birgalikda harakat qilmoqda, shu jumladan men ham. Shu sababli, biz yanada yaxshiroq bo‘lishni xohlayapmiz", — deya ta’rif berib o‘tdi ispaniyalik mutaxassis.

Uning ta’kidlashicha, chempionlik oktyabr yoki noyabrda emas, balki butun mavsum davomida o‘sib borgan jamoalar tomonidan yutiladi:
"Oktyabr yoki noyabrda chempion bo‘lmaysiz. Chempion bo‘lish uchun har oy o‘sishingiz kerak. Sentyabrda yoki oktyabrda birinchi o‘rinda bo‘lishingiz mumkin, lekin o‘z o‘yiningizni doim takomillashtirmasangiz, buni saqlab qololmaysiz".
Gvardiola so‘nggi o‘yinlarda jamoaning ayrim pallalardagi o‘yinidan qoniqmaganini ham yashirmadi:
"Menga "Bornmut" va "Liverpul"ga qarshi ikkinchi bo‘limlar yoqmadi, shuningdek "Dortmund"ga qarshi o‘yinning oxirgi yarim soati ham. Bu birinchi bo‘limdagi o‘yindan farq qilardi. Bu — bizning o‘sishimiz kerak bo‘lgan jihat.
Shu bilan birga, bu hafta biz uchun juda muhim bo‘ldi. "Bornmut" ligada ikkinchi o‘rinda edi, "Dortmund" EChLda xavfli jamoa, "Liverpul"ga qarshi esa bu haqiqiy sinov bo‘ldi. Biz ajoyib haftani o‘tkazdik", - dedi "shaharliklar" ustozi.

Ma’lumot o‘rnida, "Siti" bugun "Etihad"da "Liverpul"ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi va turnir jadvalida "Arsenal" bilan farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi. Bu so‘nggi sakkiz kundagi uchinchi yirik g‘alaba bo‘ldi — ilgari "Bornmut" va "Borussiya Dortmund" ham engilgan, jami 10 ta gol urilgan va atigi ikkita gol o‘tkazilgan.



Fikrlar