
Muhammadanas Hasanov: "Lokomotiv" bilan yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishim kerak"
“Qo‘qon-1912” klubidan “Lokomotiv”ga taklif qilingan Muhammadanas Hasanov “temiryo‘lchilar” bilan ikki yillik shartnomaga imzo chekdi. Barcha rasmiyatchiliklar hal bo‘lganidan so‘ng “Loko” matbuot xizmati yangi futbolchining fikrlari bilan qiziqib ko‘rdi.
- “Lokomotiv” haqida fikrlaringiz. Bizning klubga o‘tish jarayoni qanday kechdi?
- Avvalambor, barchangizni kirib kelgan yangi yil bilan tabriklayman. Mavsum oldidan bir necha klublardan yaxshi takliflar bo‘lgandi. Barchasini ko‘rib chiqdim va “Lokomotiv”ning taklifini qabul qildim. Boshqa klublarning rahbarlariga ham minnatdorchilik bildiraman.
- “Lokomotiv” siz uchun alohida chorlov bo‘la oladimi?
- “Lokomotiv”ning o‘yinlarini ancha vaqtdan buyon kuzatib boraman. So‘nggi yillardagi sovrinlar barchasidan dalolat. Albatta, bu men uchun alohida chorlov bo‘la oladi. Aytishim mumkinki, “Lokomotiv”ga o‘tish – faoliyatimdagi burilish nuqtasi bo‘lishini kutyapman.
- O‘zbekistonning 3 karra chempioni tarkibida o‘ynash qanchalik darajada bosim beradi?
- O‘zbekiston chempionatida barcha jamoalarda bosim bor. Albatta, muxlislar “Lokomotiv”dan doimo yuqori natijalarni talab qiladi. Shu sababli bu erning ham bosimi bor. Buni tezroq engib o‘tishga harakat qilaman.
- “Lokomotiv”dagi raqobat haqida nima deya olasiz?
- Har bir jamoada raqobat yuqori darajada bo‘ladi. Hammamiz bilamizki, raqobat futbolchining o‘sishiga sabab bo‘ladi. Bu doimo futbolchining foydasiga xizmat qiladi.
- Ushbu mavsumda “Lokomotiv” tarkibida o‘zingizga qanday maqsad qo‘ygansiz?
- “Lokomotiv” bilan yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishim kerak. Klub rahbariyati futbolchilarga qo‘yilayotgan vazifalarni o‘zgartirmaydi. Shu sababli ushbu mavsumda yuqori tempda o‘yin ko‘rsatishni istayman.
Fikrlar