Shuhrat Rahmonqulov: "Surxon"da ish boshlashim kutilmaganda yuz berdi demagan bo‘lardim

  • 18.08.2019 12:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Qo‘qonlik taniqli futbol kishilaridan biri Shuhrat Rahmonqulovni muxlislarimiz yaxshi bilishadi. O‘z paytida ajoyib o‘yinlari bilan ishqibozlarning mehrini qozongandi. Keyinchalik esa Rahmonqulov «Paxtakor» klubi tizimida bolalar murabbiyi sifatida ishladi. Shundan keyin uning faoliyatida yana ayrim o‘zgarishlar yuz berdi. Yaqinda uning «Surxon»da ish boshlagani haqida xabar bergandik. Shu bois bu haqida uning o‘zidan aniq ma’lumot olish maqsadida bog‘langanimizda quyidagi fikrlarni bildirdi.

- Kuni kecha rasman klubda ish boshladim. Unga ko‘ra meni bosh direktor o‘rinbosari sifatida tayinlashdi. Hozircha «Surxon»da bosh direktor va uning o‘rinbosari ham ishdan bo‘shagan. Bungacha Alisher aka Rustamov ishlab kelayotgandi va uning o‘rnini men egalladim. Hozircha jamoada bosh direktor lavozimi ham bo‘sh qolgani sababli yaqin orada meni ushbu lavozimga ham tayinlashmoqchi. Lekin o‘zim bu masalada o‘ylanib turibman. Bungacha bosh direktor bo‘lib Bahrom aka ishlagandi.

Shuhrat Rahmonqulovning «Surxon»da ish boshlagani balki muxlislar uchun kutilmagan yangilik bo‘lib tuyulgan bo‘lishi mumkin. Bu haqida o‘zidan so‘raganimizda esa shuday dedi:

- Meni jamoada ish boshlashim u qadar kutilmaganda yuz berdi demagan bo‘lardim. Futboldagi mehnatlarim tufayli klub rahbariyati menga ishonch bildirishdi. Bu vaziyatda hech qanday tanish-bilishchilik bo‘lgani yo‘q. «Surxon»ga ham yordamim tegayotganini rahbariyat ko‘rib turgandi. Garchi klubning mashg‘ulot ishlarida qatnashmasam ham tashkiliy ishlarda yugurib yuribmiz. Aytmoqchimanki, rahbariyat qilayotgan mehnatlarimizni ko‘rib, baholagan holda keyin menga shu lavozimni taklif qilishdi.

Shu tariqa, qo‘qonlik mutaxassisning «Surxon» klubidagi faoliyati boshlandi. E’tiborlisi, u klubdagi rahbarlardan biriga aylandi. Shunday ekan, endilikda Rahmonqulov oldida turgan vazifalar ham ko‘paydi. Bu masala bo‘yicha uning o‘zi qanday ishlar bilan shug‘ullanayotganiga oydinlik kiritdi.

- Mening jamoadagi asosiy ishim ko‘proq hujjat ishlari bilan ham bog‘liq. Hozirda «Surxon»da ishlar juda ko‘p. O‘zingiz bilasiz, klub bu yil Superligaga qaytdi. Shuning uchun jamoa oldida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar anchagina. Masalan, tarkibda ham jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Yaqinda braziliyalik legionerlarni oldik. Ularning hujjatlarini ham to‘g‘riladik. Xullas, shu tariqa tashkiliy ishlar bilan yuribman.

Ma’lumki, yaqinda klubda bosh murabbiy sifatida ish boshlagan Baxtiyor Ashurmatov bir oy ishlaganidan keyin iste’foga chiqarib yuborildi. Bu esa muxlis va mutaxassislarda turli fikrlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shu o‘rinda Rahmonqulovdan ushbu vaziyatga ham munosabat bildirishini so‘radik.

- Jamoadagi muhit yaxshi. Baxtiyor Ashurmatov ishlagan paytda ham qoniqarli edi. O‘z maydonimizda «Nasaf»ga yutqazib qo‘yganimizdan keyin mahalliy muxlislar jiddiy norozilik bildirishdi. Natijada shundan so‘ng rahbariyat o‘ylab ko‘rib, murabbiyni iste’foga chiqarishga qaror qilishdi. Baxtiyor o‘zimizning ukamiz, yaxshi murabbiy. Lekin vaziyat bunday tus olishini hech kim kutmagandi. Ammo muxlislarning e’tiroz bildirgan videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Shundan so‘ng Ashurmatovga vaziyat to‘g‘ri tushuntirildi va u bilan do‘stona ravishda xayrlashildi. Albatta, Baxtiyor ham yaxshi jamoa tuzishga harakat qildi. Lekin rahbariyat qaror chiqarganidan so‘ng biz ham unga qarshi chiqa olmaymiz-da.

Xo‘sh, endi klubga yana yangi bosh murabbiy olib kelinadimi? Hozircha Ashurmatovdan keyin ushbu lavozimni vaqtinchalik Vladimir Andreev bajarib kelmoqda. Bosh direktor o‘rinbosari esa bu holatga quyidagicha fikr bildirdi.  

- Hozircha rahbariyat Vladimir Andreevga ishonch bildirib turibdi. O‘zbekiston Kubogida «Lokomotiv»ni engib chorak finalga chiqdik. Boya aytganimdek, hozircha Andreev bosh murabbiy vazifasini bajarib turibdi. Agar yana yangilik bo‘lsa, bu haqida albatta xabar beramiz.

Shuni aytish joizki, Rahmonqulov o‘tgan yili «Qo‘qon-1912»da faoliyat olib borgandi. O‘shanda u sobiq bosh murabbiy No‘’mon Hasanovga yordam berib kelayotgandi. Lekin shundan so‘ng uning biror joyda ish boshlagani haqida eshitmagandik. Nihoyat, endi «Surxon»da ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Ammo aslida o‘zining aytishicha, termizliklarning jamoasiga bugun yoki kecha kelmagan ekan.

- Ha, o‘tgan yili «Qo‘qon-1912» klubida ishlagandim. U erdan ketganimdan so‘ng menga ayrim jamoalardan takliflar bo‘lgandi. Yanvar, fevral va mart oylarida bo‘sh yurdim. Keyin aprel oyida «Surxon» rahbariyati meni jamoaga taklif qilib qolishdi. Shundan beri qo‘limdan kelganicha harakat qilib kelyapman. Boshida meni selektsioner murabbiy sifatida ishga olishdi. Shundan so‘ng sport direktori lavozimini berishdi. Hammasi bosqichma-bosqich yuz berib kelyapti. Hozirgi paytda esa bosh direktor o‘rinbosari sifatidagi ishim tufayli zimmamga jiddiy vazifa yuklatilgan. Endi men ko‘p narsaga javobgar bo‘ldim. Ishlashga ko‘zim etgani uchun ham rozilik berdim. Menga bildirilgan ishonchni qo‘limdan kelganicha oqlashga va «Surxon»ning mavqeini ko‘tarishga harakat qilamiz, - deydi Rahmonqulov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Murod Panjiev
18/08/2019 21:09
Узингизга ухшаган яхши уйинчиларни таклиф килишингиз керак эди сурхонга,сурхони хозирги ахволига каранг расво булиб ётибди анаву иккита бир тийинга кимат бразилиялик футболчилар урнига узимиздан яхши туртда уйинчи олиб келса буларди майли ишларингизга омад сурхони яна пролигага тушириб юбормасаларинг булди
Ilhomjon Ilhomjon
18/08/2019 14:13
Жуда мехнаткаш футболчи бўлган! янги ишларингизга омад ер бўлсин
Ilhomjon Ilhomjon
18/08/2019 14:12
Шуха сизга факат омад