
Denis Istominning raqibi haqida nimalar bilamiz yoki Mariya Sharapova Grigor Dimitrovni nega haydab yuborgan?
Melburnda davom etayotgan Avstraliya ochiq chempionatining to‘rtinchi bosqichida o‘zbekistonlik tennischi Denis Istomin jahon reytingida 15-pog‘onani egallab turgan Grigor Dimitrov bilan kuch sinashadi.
Bolgariyalik raketka ustasi faoliyatida davomida Professional tennischilar uyushmasi - ATR musobaqalari taqvimidagi beshta turnirda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan. Grigor ilk sovrinini 2013 yili Stokgolmdagi musobaqada qo‘lga kiritgan. Keyingi yil esa Dimitrov uchun rosa omadli bo‘ldi va London, Buxarest, Akapulko turnirlarida g‘olib chiqdi. Shuningdek, "Katta dubulg‘a" turkumidagi Uimbldon turnirida yarim finalda o‘ynadi.
2015-2016 yillarda esa tennischi shaxsiyo hayotidagi muammolar tufayli yuqori natijaga erisholmadi. Gap shundaki, Grigor Dimitrov rossiyalik mashhur tennischi Mariya Sharapova bilan turmush qurish arafasida edi. Qariyb uch yil uchrashib yurgan yulduzli juftlik 2015 yili to‘y qilmoqchi edi.
Biroq, o‘sha yilning yozida munosabatlarga darz ketdi. Ma’lumotlarga qaraganda, Mariya Grigorning xonimlarga "suyagi yo‘qligidan" bezib, uni haydab yuborgan. Grigor hamma qizlar bilan munosabatini uzishga va’da qilgan bo‘lsa ham Mariya unga ishonmadi.
2017 yilgi mavsum Grigor Dimitrov uchun omadli boshlandi. Avstraliya ochiq chempionatidan oldin Brisbenda tashkil etilgan turnirda faoliyatidagi beshinchi sovrinni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisi Denis Istomin faoliyati davomida Grigor Dimitrov bilan ikki marotaba to‘qnash kelgan. Dastlab, Frantsiyadagi "Besancon Challenger-2009" turnirida hamyurtimiz raqibini 3:6, 6:2, 7:6 hisobida dog‘da qoldirgan. 2014 yili Xitoydagi "Shanghai Rolex Masters" musobaqasida Grigor 6:3, 6:3 hisobida zafar quchgan.
Avstraliya ochiq chempionatining to‘rtinchi bosqichidagi uchrashuv tennischilarning o‘zaro uchinchi raqobati bo‘ladi. Bo‘lajak bellashuvda Denis Istominga omad va g‘alaba tilaymiz!
Fikrlar