Mahmud Muradov: Dunyoning eng zo‘r jangchilari men o‘tmoqchi bo‘layotgan "Bellator" turnirida faoliyat olib borishadi
Yaqinda aralash yakkakurash janglarida (MMA) faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik Mahmud Muradov (13-6) Chexiyada poytaxti Pragada o‘zining navbatadagi jangida zafar quchib, chempionlikni qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytib, bu o‘z oila a’zolari, muxlislari bilan bo‘lishish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Vaqt tig‘iz bo‘lishiga qaramasdan, sportchimiz SPORTS.uz internet axborot portalida mehmon bo‘lib, intervyu berishga vaqt topdi.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud ayni damda uchta chempionlik kamariga egalik qilmoqda. Shulardan biri XFN kamari.

Ma’lumot uchun: X Fight Nights MMAning yangi, professional va o‘z-o‘zini moliyalashtiradigan ligasi himoblanadi. XFN arenalarida jahon darajasidagi eng yaxshi jangchilar o‘zaro to‘qnash keladilar. XFN sportda endi porlayotgan yulduzlar ajoyib imkoniyat hamdir.
- Mahmud Muradov chempionlik kamariga ega chiqdi (Foto)
- Chempion Maxmud Murodov Toshkentga etib keldi (foto)
- Asian Fight 2017 ishtirokchisi Mahmud Muradovning promoroligi bilan tanishing (video)
– So‘nggi janglarning birida jarohat tufayli mag‘lub bo‘lganingizni ko‘rdik. Bu orada ko‘pchilik sizning boshqa ringga qaytmas ekan deb ham o‘ylashdi. Bunga nima sabab bo‘lgan edi?
– Jarohat olgan jangim menga ruhiy tomondan katta ta’sir qildi. O‘sha to‘qnashuvda aynan shu jarohatim sabab mag‘lub bo‘ldim, ammo u jang davomida ustunlik qildi. Umuman olganda so‘nggi ikki yarim yil davomida bironta raundda mag‘lub bo‘lmaganman. David Ramiresga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan edim, o‘zimga ishonchim kuchli edi. Mag‘lubiyatsiz seriyam ham bor edi. Ramires bilan to‘qnashuvning birinchi raundi 15-soniyasida u chov (pax) qismimga zarba berdi. Himoyalovchi vosita ham sinib ketdi. Shunga qaramay jangni davom ettirdim. Keyin esa o‘mrovimni mo‘ljalladi. Bu esa o‘z navbatida uning ham sinishiga olib keldi. Shundan so‘nggina jangni davom ettira olmasligimni his qildim. Hatto qo‘limni ko‘tara olmay qoldim. Bu meni juda ranjitdi. Afsusda edim. Bu borada shifokorlar ko‘rik o‘tkazishdi va menga kamida sakkiz oy tiklanish uchun kerakligini aytishdi, lekin menda jang qilishga ishtiyoqim balandligi sababli bir oy muddatda tiklandim.

– Hozir ham ushbu jarohat o‘z ta’sirini ko‘rsatadimi?
– Hozirda ham jarohatimning o‘rni bilinmoqda. Sababi jarrohlik amaliyoti natijasida o‘mrovga maxsus spitsalar o‘rnatilgan. Shundan so‘ng men navbatdagi Shota Gvasaliaga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘ra boshladim. O‘zim uchun avvalo jarohatdan so‘ng jang o‘tkazishim zarur edi. Ruhiy jihatdan ham o‘zimga kelishim zarur bo‘ldi. Ba’zilar meni ringga qaytishimga ishonishmadi hatto. Yaratgan ming bor shukrki, yonimdagi do‘stlarim, yaqinlarim, muxlislarim, yurtdoshlarim qo‘llab-quvvatlab xatlar yozishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda men tanimagan insonlar ham qo‘llashdi. Yaxshiyamki, men Shotani mag‘lubiyatga uchratdim. O‘shanda jang men istagandek, mening stsenariyim ostida o‘tdi. Umuman olganda bu jang natijasidan ham, uning borishidan ham ko‘nglim to‘ldi. Ertasi kuniyoq mashq zaliga bordim-u ishga kirishdim. Sababi Ramires bilan revansh jangim bo‘lishi kerak edi. Uyquga ketishdan avval ham, erta uyqudan turgandan so‘ng ham fikru hayollarim bilan kurashib, faqat g‘alaba qozonish ustida bosh qotirardim, ammo revanshga uch xafta qolganda raqibim jang qilishdan bosh tortdi.
– Mening fikrimcha, u tayyorgarligim va ishtiyoqimni ko‘rdi hamda o‘ziga kerakli xulosa chiqarib oldi. Tayyorgarlikni AQSh, Polsha, Slovakiyada o‘tkazgan edim. U esa jangni bekor qildi. Bunga oyog‘idagi jarohatni sabab qilib ko‘rsatdi, biroq o‘sha kunning ertasiga men uning instagramida uning jangga tayyorgarlik ko‘rayotganiga ko‘zim tushib qoldi. O‘sha rasmlarni saqlab menejerimga yo‘lladim. Ma’sul xodimlar David bilan aloqaga chiqishdi va u o‘sha rasmlarni o‘chirib tashladi. Qonun-qoida bo‘yicha jang bir oy oldin bekor qilinishi kerak.

– Keyingi raqibni qanday topdingiz?
– Bu orada tashkilotchilar uning o‘rniga boshqa tajribaliroq va mahoratli raqibga qarshi meni taklif qilishdi. O‘sha vaqtda raqibim boshqa yirik tashkilotda amaldagi jahon chempioni edi. Uning jang qilish uslubi maqtovga sazovor. Tezkor va raqiblariga nisbatan faqat oldinga intiladi, o‘z ustunligini jang avvalida ko‘rsatishga urinadi. Uning jangni olib borish tezligi yuqori. Bu esa raqiblariga noqulayliklar yaratib beradi, lekin men bilan jangda o‘zimning nimalarga qodirligim va g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimni ko‘rsatdim va zafar quchdim. U menga munosib raqiblik qildi. Keyin shifokorning qabuliga bordim. U esa mana endi to‘laqonli mashg‘ulotlarga kirishishim mumkinligini taklif qildi (kuladi). Men esa unga jangimdan videolavhani namoyish qildim. U hayratga tushdi va agar jarohat olganimda nima qilar eding deb mendan so‘radi. Hazil aralash sizning oldingizga kelar edim deb javob qaytardim.
– Qachon jarohatlar o‘z ta’sirini yo‘qotadi? Bu haqda shifokorlar biror muddat aytdimi?
– Ha, albatta. Mening to‘liq sog‘lig‘imni tiklash uchun yarim yil vaqt ketishini ma’lum qildi, ammo bu orada men mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘yaman degani emas. Bu jarohat menga ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Maqsadimga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi. Endi chekinish, orqaga qaytish yo‘q.

– Siz bo‘lajak raqiblarga tayyorgarlik ko‘rishda nimalarga e’tibor qaratasiz? So‘nggi jang oldidan bir qancha davlatlarda yig‘inda bo‘ldingiz. Bu nima uchun kerak?
– Har bir raqibga tayyorgarlik alohida bo‘ladi. Men tez-tez Tailanddagi “Tiger Muay Thai” klubiga borib turaman. Bundan tashqari Polshada “Ankos MMA” klubi ham bor. Ba’zan murabbiy bilan vaqt to‘g‘ri kelmay qoladi. Shu vaqtlari men yuqoridagi joylarda ham jismonan, ham ruhan tayyorgarlik ko‘raman. Ular bizni do‘stona qo‘llab-quvvatlaydi va yordam beradi. Yana AQShda ham yig‘inlar bo‘lib turadi. Evropada sparring raqiblar topish biroz qiyin. Har bir joyning o‘ziga xos tayyorgarlik uslubi bor. Murabbiylar va jangchilar ham shunga yarasha. Men shulardan yangicha nimadir o‘rganib, ularni jangda qo‘llashni va raqibga noqulayliklar tug‘dirishni istayman. Polshadan tez-tez takliflar tushib turadi. Men borib, ular bilan tajribamni o‘rtoqlashaman va yaxshigina tayyorgarlik ko‘rib qaytaman. Biz bir-birimizni hurmat qilamiz.
– Demak, raqiblarga qarab qaerda tayyorgarlik ko‘rishni tanlar ekansizda?
– Shunday desa ham bo‘ladi. Jangdan oldin bir qancha takliflar bo‘ladi. Vaqtdan unumli foydalangan holda, ba’zi o‘sib kelayotgan sportchilarga tajribalarimni o‘rtoqlashib, ulardan motivatsiya olaman. Xullas, bunday mashg‘ulotlarda o‘zingizga juda ko‘p yangiliklar topasiz.

– Floyd Meyvezer bilan tanishish va shartnoma imzolash qanday bo‘ldi? Kim birinchi taklif bilan chiqdi?
– Chexiyada ham tez-tez boks janglari bo‘lib turadi. Murabbiyim bir kuni meni boksga taklif qildi. Shunchaki borib ko‘rasan, Meyvezerning ham kelishidan xabar topdim. Shu musobaqada uchrashib qoldik. U mening janglarimga qiziqishini aytdi. Men undan hech narsa kutmagan edim. Shunchaki borib, butun dunyo taniydigan sportchini insoniylik yuzadigan ko‘rmoqchi edim. Shundan keyin biz birga rasmga tushdik. Suhbatlashdik. Kunlarning birida undan shartnoma haqida eshitib qoldim. Yana uchrashdik. Moskvaga taklif qildi. U erga kelib shartlarni kelishib oldik. Oldiniga men XFN kamarini yutishim va revansh jang o‘tkazishimni aytdim. U bunga rozi bo‘ldi. Bu bilan boksdan tashqari MMA jangchilari orasida uning jamoasi bilan bitim tuzgan ilk sportchiman. Shu bilan birga ilk o‘zbek ham.
– Yaqinda sizning “Bellator” o‘tishingiz haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Bu haqiqatmi?
– Ha, bu bor gap. Suhbatlarning birida “Bellator”ga o‘tish taklifi bo‘ldi. Bu umuman boshqa tashkilot, boshqa musobaqa hisoblanadi. Yaqinda AQShga borib, shartnoma imzolayman. Nasib qilsa, bu turnirda ham ishtirok etadigan Markaziy Osiyolik birinchi sportchi bo‘laman. Bugungacha Turkmaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekistondan birorta sportchi ishtirok etmagan. Janglarni a’lo darajada tashkil qiladigan tashkilotlar ko‘p emas. Keyin ko‘pchiligining sharoitlari sportchilarni qoniqtirmaydi. Shunday bo‘lgandan so‘ng nimaga men ular uchun urushishim kerak. Faoliyatimda 20dan ortiq jang o‘tkazganman, lekin bularning hammasi ham hisobga o‘tmaydi. Ya’ni ba’zi tashkilotlar orqali “Bellator” va UFCga kabi yirik musobaqalarga o‘tib bo‘lmaydi.

– Ko‘pchilikka muxlislarga “Bellator”dan ko‘ra UFC yaxshiroq tanish. Siz nima uchun aynan uni tanladingiz?
– To‘g‘ri, hammaning o‘z qarashi bor. Har ikki tashkilotning ham bir-biridan kamchilik va ustunlik tomonlari bor, biroq qancha urinmasin UFC “Bellator”dan qolib ketayotir. Bundan tashqari “Bellator” sportchilarga ko‘proq haq to‘laydi. Orada farq sezilarli darajada. Yana UFCning xo‘jayinlari bir nechta bo‘lsa, “Bellator”da bitta. Har bir sportchi UFCda urushishni xohlaydi, lekin men eng zo‘rlar “Bellator”da deb bilaman.
– Meyvezerning “Bellator” bilan aloqasi yaxshi. U bilan uchrashgan vaqtimizda bokschi qo‘ng‘iroq qilib, meni ularga taklif qilgan edi. Ular ko‘rib chiqishdi va bunga rozi bo‘lishdi. Buning uchun faqatgina menga titul kerak xolos. Men shunchaki bu erda ishtirok etmoqchi emasman. Rossiyalik Aleksandr Shlemenkoga o‘xshab uzoq yillar chempion bo‘lish niyatim bor.
– Meyvezer jamoasida sizdan tashqari yana o‘zbek sportchilari bormi?
– Anchadan beri bu jamoa bilan ko‘pchilikka yaxshi tanish bo‘lgan hamyurtimiz Sanjar Rahmonovdir. Bu sportchini ko‘rib juda xursand bo‘ldim. Meyvezer jamoasida jahonning eng sovrindor va nomdor bokschilar, sportchilar juda ko‘plab topiladi. Sanjar ana shu muhitda o‘sayotgan iste’dodli sportchilardan. Og‘ir, bosiq, maqsad sari intiluvchan. Ko‘p birga bo‘lmasakda, undan ko‘p narsa o‘rgandim, havasim yanada ortdi. Umid qilamanki, tez orada u porlaydi. U bunga tayyor, lekin barchasi o‘z vaqti-soati bilan. Ishlar reja bo‘yicha ketmoqda.
– Undan tashqari Fazliddin G‘oibnazarov ham professional faoliyatini muvaffaqiyatli boshlab oldi. U bilan ko‘risha olmadik, biroq AQShga borganda ko‘rishib, bir-birimizga yordam berishga kelishib oldik. Shunday o‘zbek o‘g‘lonlari harakat qilayotganidan juda xursandman.

Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionlari Farhodbek Sobirov va Shahzod Xudoyberganov bilan
– Bundan keyingi rejalaringiz qanday? Nimalarni maqsad qilgansiz?
– Tez orada bizni (Vatanimizni) boshqa sport turlarida ham havas bilan qaraydigan bo‘ladi. Mana, bokschilarimiz nimalarga qodirligini isbotladi. Endi boks bo‘yicha kuchli hisoblangan har bir davlat bizni alohida tilga olib o‘tadi. Men ham ular qatori yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga harakat qilaman. Bundan tashqari har bir sportchi uchun o‘z mavqeini ham ushlab turish muhim hisoblanadi.
– Eng katta orzularimdan biri O‘zbekistonda, Toshkentda sport maktabini ochishdir. Vaqti kelib hamma professional faoliyatini yakunlaydi. Ana o‘shanda shuncha yil mashaqqat bilan yiqqan tajribalarimni u erdagi bolalarga ulashaman. Bu maktab barcha uchun tekin bo‘ladi. Kim sportni o‘ziga do‘st deb bilsa, bemalol bu maktabda shug‘ullanish imkoniyati bo‘ladi.
Kelgusi faoliyatingizga omad va zafarlar tilab qolamiz. Suhbatingiz uchun tashakkur.
9 sentyabr kuni O‘zbekiston penchak-silat federatsiyasi tomonidan Toshkentda silat bo‘yicha tashkil qilinishi rejalashtirilgan Asian Fight 2017 xalqaro jang shousida jahon yulduzlari – aktyor Jan-Klod Van Damm, aralash yakkakurashlar jangchilari Fedor Emelyanenko va Jeff Monson bilan birga mahalliy sportchilarimizdan Mahmud Murodov ham ishtirok etadi. Shou "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Fikrlar