
Manba: Server Jeparov faoliyatini Eronning "Istiqlol" klubida davom ettiradi
Avval xabar berganimizdek, Eron chempionati ishtirokchisi Tehronning "Istiqlol" klubi O‘zbekiston terma jamoasi va "Lokomotiv" klubi yarim himoyachisi Server Jeparovga bir yarim yillik shartnoma taklif qilishi kutilayotgan edi.
Fors nashrlari terma jamoamiz a’zosi "Istiqlol" klubida bir yil muddat davomida ijara asosida to‘p surishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi. “Tasnim” axborot agentligi ham bu xabarni tasdiqlab, Eron klubi futbolchi uchun 800 ming evro miqdoridagi mablag‘ sarflashi haqida ma’lumot berdi.
Biroz avval, "Istiqlol" klubida faoliyat olib boradigan ishonchli manbaning SPORTS.uz axborot portaliga ma’lum qilishicha, tomonlar shartnoma imzolash borasida yakuniy qarorga kelishgan. Xabarga qo‘shimcha qilinishicha, Server Jeparov bugun Tehron shahriga etib boradi.
Biroq, Server Jeparovning Eron klubi bilan shartnoma imzolashi haqida Toshkentning "Lokomotiv" va Tehronning "Istiqlol" klublari, shuningdek futbolchining o‘zi ham rasmiy ma’lumot bermagan.
SPORTS.uz axborot portali Server Jeparov transferi bo‘yicha voqealar rivojini uzluksiz kuzatib bormoqda va yangi ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan o‘quvchilarimiz e’tiboriga havola etiladi.
SPORTS.uz saytini kuzatib boring.
Fikrlar