
Vladimir Klichko AIBAning maxsus mukofoti bilan taqdirlandi
Super og‘ir vazn toifasining WBO, IBF, WBA kamarlari bo‘yicha sobiq jahon chempioni ukrainalik Vladimir Klichko Xalqaro havaskorlar boks assotsiatsiyasi (AIBA)ning 70 yillik yubileyida jahon sportida erishgan yutuqlari uchun “Boks afsonasi” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
U bilan birga uch karra Olimpiada chempioni kubalik Feliks Savon, frantsiyalik Braim Aslum va hindistonlik Meri Kom ham shu mukofotga loyiq ko‘rildi.
– AIBAning boks afsonalari uchun beriladigan sovrini birinchilardan bo‘lib olganim men uchun ulkan sharafdir. Mening AIBA bilan safarim 14 yoshligimda boshlangan edi va shundan beri boks men uchun ko‘plab samimiy taasurotlarni baxshida etdi. AIBAning faoliyati davomidagi eng ulkan bayram deya qayd etsa bo‘ladigan, 70 yillik bayrami hamda dunyo bo‘ylab boksni rivojlantirishdagi erishgan ulkan natijalari bilan qutlayman, – deydi Klichko.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir 1996 yil Atlantada o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan.
U o‘zining navbatdagi jangini 29 aprel kuni IBF va WBA chempionlik kamarlari sohibi britaniyalik Entoni Joshuaga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar