Artur Beterbiev va Dmitriy Bivol jangi borasida o‘zbek boks yulduzlari nima deydi?

  • 17 yanvar, 20:41
  • 0
  • Boks

Xabaringiz bor, kuni kecha professional boksning yarim og‘ir vazn toifasida WBC,WBO, IBF chempioni Artur Beterbiev britan bokschisi Kallum Smitni 7-raundda texnik nokautga uchratib, o‘zining 20 –g‘alabasini qo‘lga kiritgandi. Aynan ushbu g‘alabadan so‘ng, avvaldan yangrab kelgan yana bir rossiyalik WBA chempioni Dmitriy Bivol bilan jang borasidagi gap-so‘zlar juda avjiga chiqdi va katta ehtimol bilan ular o‘rtasidagi to‘qnashuv sodir bo‘lishi mumkin. Biz ushbu qarama-qarshilik borasida o‘zbek boks olami yulduzlarining fikri bilan qiziqdik.

Elshod Rasulov: - Agar, bu jang tashkil qilinsa, katta ehtimol bilan bu yaqin orada ro‘y bermaydi. Ikkalasida ham shans yaxshi. Men ikkisi bilan ham havaskor boksda duch kelganman. Ularning ham o‘ziga yarasha taktikasi bor. Beterbiev “qattiq” va hujumkor bokschi, faqat bosim qiladi. Bivol qarshi hujumda juda yaxshi harakat qiladi. Masofani yaxshi xis qiladi. To‘g‘risi, birini ustun deyish qiyin. Kim oxirgi vaziyatda jismonan va ruhan tayyor bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi.

Rasulov

Qudratillo Abduqahhorov: - Bu jang juda ham qiziqarli bo‘ladi. Ikkisi ham juda kuchli bokschilar. Avvalo, hammasi yaratganni izmi bilan bo‘ladi. Bu boks va unda bitta zarba hal qilib qo‘yadi. Lekin men Beterbievga muxlislik qilaman. Uning jang qilgan kechalarda men ham ringga ko‘tarilganman. Nazarimda Beterbiev g‘alaba qozonadi.

qudratillo

Isroil Madrimov: - Albatta, juda qiziq va chiroyli jang bo‘ladi. Ikkisi ham yaxshi darajadagi bokschi va buni har doim namoyish qilib kelishgan. Bivol 12 raundga kuchini teng taqsimlay biladi va taktikasini o‘tkaza oladi. Bivolni tanlagan bo‘lardim. Imkoniyatlarni 60/40 deya baholayman.

madrimov

Hasanboy Do‘smatov: - Menimcha bu jangni barcha kutyapti. Albatta, ikki bir-biriga mos bokschilar. Imkoniyatlarni baholaydigan bo‘lsak, Bivolda ustunlik ko‘proq. Oyoqlari yaxshi ishlaydi. Anchagina aqlli boks namoyish etadi. Qolaversa, Beterbievdan yosh. Beterbievning birgina ustun jihati zarba kuchida xolos, deb o‘ylayman. Bu jangda Bivolning g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori.

Hasanboy

Bahodir Jalolov: - To‘g‘risi, Bivol do‘stim bo‘ladi, bitta jamoadamiz. Unga muxlislik qilaman. Bivol masofada yaxshi ishlaydi. Lekin bu boks. Chunki Artur Beterbievning ham zarbasi kuchli va yaxshi bokschi. Qiziqarli jang bo‘ladi. Baribir Bivolga muxlislik qilaman. Bivol masofada yaxshi ishlasa, Beterbiev yaqin masofada ajoyib ishlaydi va zarbasi ham kuchli. Beterbiev havaskor boksda Usiklar bilan jang qilgan. Men har ikkisi bilan gaplashganman. Beterbiev bilan Saudiyaga ketishda aeroportda anchagina suhbatlashdim. Ajoyib inson. Ikkisini ham omadini bersin. Men har doim aytaman, boksda oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Vazni katta bitta xato ham qimmatga tushishi mumkin. Joshuani ham Endi Ruisdan nokautga uchrashini xech kim kutmagandi. Oldindan biror taxmin qilish qiyin.

Jalolov

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!