"Hayron qoldim, Koreyadan qaytganimdan so‘ng O‘zbekiston chempionatida qiynalaman deb o‘ylagandim" yoxud Oleg Zoteev Antaliyada ochiq intervyu berdi (2-qism)

  • 7 fevral, 2023, 14:25
  • 0
  • Futbol

Antaliya shahrida “Lokomotiv” bilan shartnoma imzolab, mashg‘ulotlarda faol ishtirok etayotgan tajribali himoyachi Oleg Zoteev Sports.uz muxbiriga katta intervyu berdi.

Kecha uning 1-qismini e’tiboringizga havola qilgandik. Bugun ushbu suhbatning 2-qismini o‘qishingiz mumkin. Unda ham bir qancha muhim gaplarni aytgan.

- Chempionatimiz darajasini qanday baholaysiz?

- To‘g‘risi, O‘zbekiston futbolida juda pasayish bo‘ldi. Yaxshi, o‘tgan yili chempionat biroz qizidi. 3-4 ta jamoa chempionlikka oxirigacha kurashdi. Lekin menimcha 3 ta ko‘pi bilan 4 ta klub. Boshqalarni saviyasi bir xil. Qarang, oldin terma jamoaga 50-60 ta o‘yinchi tanlanardi. Hozir 50-60 ta yo‘q. Nimaga? Saviyasi tushib ketgan. Oxirgi 3-4 yil ichida nima qildik? Buni Osiyo Kubogida ko‘ramiz. Yaxshiki, terma jamoada o‘ynaydigan yaxshi saviyadagi 4 ta legionerimiz bor. Ularga ishonch katta. “Nasaf”da ham zo‘r futbolchilar bor. Ularni ham Osiyo Chempionlar ligasida ko‘ramiz. To‘g‘ri, keyingi bosqichga chiqdi, bu zo‘r. Keyingi yurishlar o‘zbek futboli mavqeini ko‘rsatib bersa ajab emas.

- Koreyadan qaytib, bu holatni ko‘rgach hayron qoldingizmi?

- Rosti, hayron qoldim. Koreyadan qaytib, ozgina qiynalaman deb o‘ylagandim. Lekin aksincha O‘zbekiston chempionatida umuman qiynalmadim. O‘ylashga ko‘p vaqt berilyapti. 65-70-daqiqalardan keyin zonalar ko‘p ochilib ketyapti. Ha, jismoniy holati yaxshiroq bo‘lgan klublar ham bor. Masalan, “So‘g‘diyona” kerak bo‘lsa 100 daqiqa yugurib beradi. Lekin hamma ham emas. Kimdir to‘p bilan muomala qilib o‘ynaydi, kimdir qarshi hujumda.

zoteev5

- “Paxtakor”ning chempionligini kutganmidingiz?

- Ha, 100 foiz. Bu yil ham “Paxtakor” chempion bo‘lsa kerak.

- Sabab?

- Birinchi navbatda tarkib saqlanib qolingan. “Nasaf” ham kurashadi. 3-4 yildan beri bitta tarkib qolgan bo‘lsa bu yutuq. “Navbahor”da taxminan 70 foizga tarkib o‘zgargan. Ular birinchi davrada qiynaladi, menimcha. Bir-birini tushunib ketishi uchun ham vaqt kerak-ku. “Navbahor”da deyarli barcha himoyachilari almashdi. AGMKda ham barqaror tarkib bor. O‘ylaymanki, bu klub ham yaxshi natija ko‘rsatishi mumkin. Balki adashayotgandirman, ammo menimcha “Paxtakor” chempion bo‘ladi.

- Demak, boshqa kutilmagan burilish qiladigan jamoalar yo‘q ekan-da?

- Nimaga, bor. Mana, AGMK, “Navbahor”, “Nasaf”. “Neftchi” ham chaqilmas yong‘oq bo‘ladi. Yaxshi jamoa tuzildi. O‘yin sifati ham yaxshi. Boshqalarni ko‘rmaganim uchun bilmayman. “Paxtakor”, “Nasaf” va “Neftchi”ni ko‘rdim. AGMKni bilaman. “So‘g‘diyona” yangi legionerlarni oldi. Yo‘ldoshev bilan Shoahmedov o‘sha erga ketishdi. Stanislav Andreev ham bordi. Baribir jizzaxliklarda mahoratli o‘yinchilar ko‘p. “Bunyodkor” ham nazarimda ancha-munchasini qiynasa kerak. Lekin bu yil birinchi davraning 10-turigacha menimcha uchta klub “qochib” ketsa kerak. O‘tgan yili deyarli barcha jamoa yonma-yon edi. Bu yil bunday bo‘lmasa kerak.

- O‘tgan yili chempionat tugashiga ikkita tur qolganida “Paxtakor” “Qizilqum”ni 6:0 hisobida yutgach, hammasi o‘zgarib ketgandi. O‘shanda nima bo‘lgan?

- Hech narsa. O‘yinni ko‘rgan bo‘lsangiz, himoyada havodagi to‘p uchun kurashlarda 4 ta xato qilishgan. “Paxtakor” bizga gol urmadi, o‘zimiz ularga gol urish uchun imkoniyat yaratib berdik. Xatodan keyin gol urilyapti. O‘zi pozitsion hujumdan kam gol kiritilyapti. Dunyo futbolida ham shunaqa. O‘tgan safargi intervyuimda ham aytgandim, olib kelsak zo‘r, sifatli legionerlarni olib kelaylik. Ana shunda o‘zbek futbolchilarida ham o‘sish bo‘ladi. 4-5 tasidan ko‘ra 2-3 ta yaxshisidan olish kerak. Shundan keyin o‘sish bo‘ladi. Fikrim har doim shunaqa, o‘zgarmaydi.

zoteev7

- Chempionatimizda Dragan Cheran hamon eng yaxshi legioner bo‘lib turibdi. Unga hech kim teng kela olmayapti. Hozir ham uni eng kuchlisi deb hisoblaysizmi?

- Avvalo, baribir jamoaga bog‘liq. O‘yinchida mahorat katta bo‘lsa ham jamoadagilar ko‘p va qulay to‘p oshirishlarini uddalasa gol urib ketaveradi. Lekin albatta tajribasi bo‘lsa! Agar mahorati bo‘lmasa “Paxtakor”da o‘ynamaydi. Bu birinchidan, ikkinchidan Cheran necha yildan beri “Paxtakor”da o‘ynayotgan bo‘lsa, kimni nima qilishini biladi. Unda golni oldindan his qilish qobiliyati bor. Bundoq olib qarasangiz, Cheran ko‘p yugurmaydi. Ammo kerak paytda kerakli joyda turadi va gol urib ketadi. Bunaqa hujumchi kam. Biroq bu jamoaga ham bog‘liq. Bizda yana kim bor? Shoxruz Norxonov bilan Temurxo‘ja Abduxoliqov ikkisi yaxshi jamoaga borishdi. “Navbahor”da bugungi kunda yarim himoya chizig‘i O‘zbekistonda birinchi raqamli. Juda kuchli. Kreativlik, sifat va tajriba borasida ham birinchi raqamli. Jamshid Iskanderov, Jamshid Boltaboev, Yovan Jokich...O‘rta zo‘r. Hujumchilarni to‘p bilan ta’minlash ularga bog‘liq. Menimcha, bu yil Norxonov ham, Abduxoliqov ham kamida 7 tadan gol urishadi.

- “Lokomotiv” ham yangi legionerlarni oldi. Transferlar yaxshi bo‘ldi, deb o‘ylaysizmi?

- Bu savol menga emas.

- Ha, ammo shaxsiy fikringiz.

- Ular bilan to‘p surish qulay. Qolgani mavsum oxirida ko‘rinadi. Ammo hammasi zo‘r.

- Terma jamoamizni ham kuzatib kelyapsiz. Srechko Katanets o‘zi istagan jamoani tuza oldimi?

- O‘yin uslubini qurdi. To‘g‘risini aytsam, Gruziyaga qarshi bitta o‘yinini ko‘rdim, unda ham 20 daqiqacha. Tushunganmanki, 5 ta himoyachi bilan o‘ynaydi. Shomurodov bilan Erkinov kabi tezkor hujumchilar bilan qarshi hujumga o‘tib ketish taktikasi tanlanyapti. Menimcha, barcha o‘yinlarda shunaqa o‘ynayapti. Endi o‘zgartirmaydi, vaqt kam qoldi. O‘zgarish qilishga endi ulgurmaydi ham. Shu bois tavakkal qilmasa kerak.

- Katanets siz xohlagan murabbiy bo‘lib chiqyaptimi?

- Bilmayman. Hammasini Osiyo Kubogi ko‘rsatadi. Bizni kelajagimiz O‘zbekiston olimpiya terma jamoasidagi futbolchilar.

zoteev1

- Oleg Zoteev o‘zbek futbolida o‘z so‘zini ayta oldimi?

- O‘ylaymanki, hamma narsani o‘zim uchun isbotlab bo‘lganman. Nima xohlagan bo‘lsam erishdim. Barcha sovrinlarni yutdim, chetga ham borib keldim va Kubok yutdim. Shunaqaki, boshqalar 10-15 yil futbol o‘ynaydi, biroq chempion bo‘la olmaydi. Menimcha, faoliyatim yaxshi, men qoniqdim. Lekin hali yana kuchim bor. Balki 3 yil o‘ynarman. Yoshlar bilan bir jamoadaman va ko‘proq harakat qilaman. Chunki ular bilan raqobatlashaman. Ular menga, men ularga yordam beraman.

- Va bitta armoningiz qolgan – jahon chempionati!

- Real qarasak, men jahon chempionatiga bormayman. O‘zbekiston albatta mundilaga chiqishi kerak, chiqmasa bo‘lmaydi. Yoshlarimiz juda kuchli. Boshqa mamlakatlar bilan solishtirsak iqtidorlarimiz ko‘p. Har doim nimadir etishmaydi. Masalan, yaxshi yoshlarimiz chiqadi, biroq bir-ikki yildan keyin “yo‘qolib” qolishadi. Murabbiy doim ham ularni orqasidan yugurmaydi-ku. Yoshlarni o‘zlariga ham bog‘liq. Evropada 17-18 yoshdan boshlaydi, o‘sadi-o‘sadi, to‘xtamaydi. Menimcha, bizda o‘z ustida kam ishlashyapti. O‘zbekistonda oldin zo‘r akademiyalar bor edi. “Mash’al” nechta o‘yinchi bergan? Hozir birgina “Nasaf” akademiyasi bor. “Lokomotiv” sekin-asta. “Paxtakor” oldingidek emas. “Bunyodkor”da ham ozgina pasayish bo‘ldi. Faqat “Nasaf” qoldi, boshqa akademiya yo‘q. “Odil Junior” ham ochildi. Lekin o‘yinlarini va bolalarni ko‘rmaganman. Menimcha, yaxshi raqobat qila oladi.

- Butsalaringizni mixga ilganingizdan keyin o‘zingizni murabbiy rolida tasavvur qila olasizmi?

- Murabbiylikka juda qiziqaman. Bo‘sh vaqtim bo‘lganida o‘yinlarga boraman. Misol uchun “Navbahor” – “Rubin” o‘yiniga bordim. 90 daqiqa uchrashuvni ko‘rdim. To‘g‘risi, o‘tgan yili murabbiylik o‘qishiga bormoqchi edim. Ammo o‘xshamadi. Buning uchun hozircha 100 foiz ishtiyoq yo‘q. Lekin qiziqishim bor. Balki murabbiy bo‘lib qolarman.

Shuhratbek Jo‘raev.       

"25 yosh bo‘lganimda u erga tekinga ham borardim, menga qizig‘i qolmadi" yoxud Oleg Zoteev Antaliyada ochiq intervyu berdi (1-qism)

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!