Kecha saytimizda o‘zbek va xorij sportiga oid ko‘plab xabarlar chop etildi. Ular orasida saytimiz kuzatuvchilari quyidagilarni ko‘proq mutola qilishdi.

Siz kechagi kuning muhim xabarlarini o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, unda bu siz uchun ayni muddao.

• "Real" bosh murabbiyi Zinedin Zidan jamoasining Monrealdagi mashg‘ulotlarini tark etdi. Frantsiyalik mutaxassis oilaviy sababga ko‘ra Ispaniyaga jo‘nab ketdi. Uning o‘rniga esa "qaymoqranglilar"ni vaqtincha David Bettoni boshqarib turadi. Zidan "Real"ning mavsum oldidan "Bavariya"ga qarshi kechadigan o‘yiniga qadar madridliklar safiga qaytadi.

• "Atletiko" klubi hujumchisi Antuan Grizmann "Barselona" futbolchisiga aylandi. Frantsiyalik forvard kataloniyaliklar bilan 5 yillik bitimga imzo chekdi. Uning tovon puli esa 800 mln evro etib belgilandi. 28 yoshli futbolchining transferi "ko‘k-anor ranglilar"ga 120 mln evroga tushdi.

• La Liga ofisida Antuan Grizmanning vakili madridliklar uchun shartnomada ko‘rsatilgan 120 mln evro tovon pulini to‘lagan edi. 28 yoshli forvardning transferi 1 iyuldan e’tiboran 200 mln evrodan 120 mln evroga qadar qisqargandi. "Atletiko" vakillari esa kataloniyaliklar futbolchi bilan 1 iyul sanasiga qadar kelishuvga erishganliklarini va shu bois 200 mln evro to‘lanishi lozimligini iddao qilishmoqda. Shuning uchun madridliklar sudga murojaat qilishmoqchi.

• Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov Saudiya Arabistonining Jidda shahrida professional ringdagi uchinchi jangini o‘tkazdi. 4 raundga mo‘ljallangan reyting jangida hamyurtimiz hindistonlik Sandib Singh Battini ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etdi.

• Birinchi davra yakunlanganidan keyin besh kunlik qisqa ta’tilga chiqqan "So‘g‘diyona" jamoasi tayyorgarlikni boshladi. Jamoa o‘z qarorgoxida yig‘ildi va o‘quv-mashg‘ulotlarga kirishdi. Jizzaxliklar 18 iyuli kuni nazorat-sinov bahsi o‘tkazadi, sparing raqib esa "Andijon".

• Angliyaning London shahrida o‘tayotgan "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi "Uimbldon" turnirida yarim final bahslari o‘tkazilmoqda. Shunday ma’suliyatli pallada argentinalik tennischi Gvido Pelyaning sevgilisi Stefani Demner Rojer Federerga yaxshi ko‘rishini aytdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!