Laporta bu safar ham eplolmadimi yoxud Messini ortga qaytarish "operatsiyasi" qanday kechmoqda?

  • 7 iyun, 2023, 08:35
  • 0
  • Futbol

Lionel Messi PSJni erkin agent sifatida tark etdi. U Parij jamoasi bilan chiroyli xayrlashib, faoliyatini boshqa erda davom ettirishga qaror qilgan. Argentinalik hujumchini oldida bir talay variantlar mavjud. Messining o‘rnida boshqa futbolchi bo‘lganida, balki allaqachon o‘ziga jamoa tanlab qo‘ygan ham bo‘lardi. Aslini olganda, Leo bir qarorga kelgan, lekin boshqalarga rad javobini bermadi. Shunday ekan, rejalar kutilmaganda o‘zgarib ketishi mumkin. Biz esa so‘nggi yangiliklar va mish-mishlarga tayangan holda, Messining "Barsa"ga qaytish imkonini ko‘rib chiqamiz.

Image

So‘nggi ikki kun ichida Argentina va Ispaniya insayderlari yoki nashrlari butun bir kunini Messi haqda xabar berish bilan o‘tkazib yubormoqda. Uning atrofidagi voqealar shu qadar tez o‘zgarmoqdaki, bir necha soat ichida hammasi hal bo‘ladigandek go‘yo. "BarsaLa Liga bilan Lionelni ro‘yxatdan o‘tishi borasida muzokaralar o‘tkazdi. Ba’zi manbalar kelishuvga erishilgan, klub Messiga taklif bilan chiqsa bo‘ldi, deya xabar tarqatmoqda. Ammo kataloniyaliklarni kimdir tark etishiga to‘g‘ri keladi. Bu asosan vinger bo‘lishi mumkin. Qisqa qilib aytgandi, Messi jamoani avgustgacha kutishi kerak. Tez orada "ko‘k-anorranglilar" 36 yoshli futbolchiga taklif bilan chiqadi, lekin La Liga ro‘yxatidan o‘tishiga kafolat bermaydi. Shunday ekan, bu transfer amalga oshish ehtimoli pasayib borayotganini "Barsa"ning o‘zi ham sezib bormoqda. La Liga maoshni yana 250 million evroga pasayishini istamoqda. Bundan oldin aynan shu narsani deb, AlbaBusketsPike va Grizmannlar klubni tark etgandi. Ammo baribir bu Messini qaytishi uchun etarli bo‘lmayapti. Taklifga keladigan bo‘lsak, "Barsa" hujumchiga 1 yilga mo‘ljallangan shartnoma taklif qiladi. Shuningdek, hujjatda kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoni ham bor. "Barselona"ning pozitsiyasi deyarli aniq. Ispan grandi Messini o‘z tarkibiga qo‘shib olishi uchun vaqt kerak. Agarda Leo kuta olsa, sobiq jamoasiga qaytadi, bo‘lmasa boshqa klubga o‘tishi kerak. 

Image

Messining otasi so‘nggi 48 soat ichida hammasi hal bo‘lishini aytgandi. 24 soat o‘tdi. Ularning ixtiyorida yana shuncha vaqt qoldi. Demak, tez orada yana mish-mishlar ko‘payadi. Ayni damga kelib, Messining "Inter Mayami" futbolchisi bo‘lish varianti ko‘p yangramoqda. Argentina manbalari Amerikaga ketish imkoniyati juda balandligini aytmoqda. Uning turmush o‘rtog‘i Antonellaga bu yoqqan. Ammo Leo va Xorxe Saudiya Arabistoniga yo‘l olishni ko‘rib chiqmoqda. "Al-Hilol"ning raqiblari kuchayib bormoqda. Yaqindagina Benzema transferini e’lon qilgan "Al-Ittihod" Kanteni ham o‘z tarkibiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. Shunday ekan, endi harakatni kuchaytirmasa bo‘lmaydi. "Al-Hilol"ning taklifi aniq. Messining yillik maoshi 600 million evro atrofida bo‘ladi va ikki yillik faoliyati orqali 1 milliard evrodan ko‘proq ishlab olish imkoniga ega. Bundan tashqari, tijoriy hamkorlik ham bor. Argentinalik yulduz PSJni tark etganidan keyin, unga Evropaning boshqa klublaridan ham qiziqishlar bo‘lmoqda. Hattoki Angliyadan xam takliflar bor. Ammo hali inglizlar harakatni boshlagani yo‘q. 

Image

 

Messining qaytish-qaytmasligi o‘ziga bog‘liq. Xohlasa avgustgacha kutib, "Barsa"ga, xohlasa bugun-ertaning o‘zida "Al-Hilol"ga o‘tishi mumkin. Ammo u Kataloniyaga qaytishni xohlagan taqdirda ham, La Liga bu transferga taqiq qo‘yishi ham mumkin. Shunday ekan, u tavakkal qilishi kerak. Keyingi soatlarda vaziyat o‘zgarib ketmasa, Messining "Barsa"ga kelish ehtimoli juda past.

Suhrob Xolbekov 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!