Mirjalol Qosimov: "Men uchun boshqa dunyo ochilgan"

  • 20 fevral, 2023, 15:51
  • 0
  • Futbol

O‘zbek futboli afsonalaridan biri, AGMK klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyat olib borayotgan Mirjalol Qosimov qo‘l ostidagi jamoa bilan yangi mavsum uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tajribali mutaxassis AGMK bilan Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi. Safardan qaytar chog‘ida Antaliya aeroportida Mirjalol Qosimov Sports.uz sayti uchun intervyu berdi.

- Mirjalol Qo‘shoqovich, AGMKning Antaliyadagi yig‘ini qanday o‘tdi? Hamma narsadan ko‘nglingiz to‘ldimi?

- Avvalambor rahbariyatga rahmat. Bizga mana shunday sharoit yaratib, o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazishimizga imkoniyat qilib berishdi. O‘zbeklarda shunday chiroyli gap bor: birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib shukr qil. Kecha futbolchilarga ham aytdim, Antaliya yig‘inimiz tugadi, chempionat boshlanishiga ham oz vaqt qoldi. Bu erda jismoniy tayyorgarlik ustida ishladik. Qolaversa, sparring-raqiblar bilan o‘ynab turli xil uslublar ustida ishladik. Mana shunday yig‘inlarda tekshirib olish kerak. Futbolda har xil holat bo‘lishi mumkin. Mehmonda o‘ynaganda raqib jamoaga qarshi alohida tayyorlanadi. Superligada 14 ta jamoa bo‘lsa, barchasini o‘zining uslubi bor. Shunga yarasha harakat qildik. O‘tgan yili chempionatimiz oldidan yig‘in o‘tkazganimizda birinchi kunlardan jarohatlar bo‘lgandi. Avvalambor, insonni sog‘ligi birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun shogirdlarimning sog‘ligiga befarq emasman. Antaliyadan ketishdan avval jamoada kichkina yig‘ilish o‘tkazib, barchasi yaxshi o‘tganini aytdim. Bu erda natijaga qaralmaydi. Toshkentga qaytilganida hamma sog‘ligiga e’tibor berish kerakligini aytdim. Chunki baribir iqlim o‘zgaradi, yomg‘ir yog‘yapti. Bu erda qilgan shuncha mehnatimiz zoe ketmasligi kerak. Futbolchilarning arzimagan narsa tufayli isitmasi chiqsa yoki shamollab qolsa rejimdan chiqib ketadi. Murabbiylar har doim ham to‘liq qoniqmaydi. Imkon qadar tayyorgarlik ko‘rdik. Yangi futbol mavsumi boshlanayotgani munosabati bilan o‘z muxlislarimizni tabriklayman. Bizda ko‘plab futbol muxlislari bor. Birinchi o‘rinda stadionga kelgan ishqibozlar uchun o‘ynaymiz. Ularni chiroyli va mazmunli futbol ko‘rishlarini xohlaymiz. Har doim g‘alaba uchun kurashamiz, qolgani Allohdan.

mirjalol3

- Shaxsan siz uchun boshlanajak chempionatimizning favoritlari kim?

- Men uchun? Har doim aytib kelganman, eng yomon ko‘rgan narsam bashorat qilish. O‘ynagan paytimda ham hech qachon bunday qilmaganman. Alloh nimani ravo ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha narsa bo‘ladi. Lekin har doimgidek niyatlarimiz katta. 14 ta jamoada imkoniyat bor. Shu bois men hech kimni ajratishni xohlamayman.

- AGMKga kelganingizdan keyin klub mavqei ancha ko‘tarildi. Endi ko‘pchilikda shunday savol bor: Mirjalol Qosimov AGMK bilan chempionlik uchun kurasha oladimi?

- Albatta, birgina mening kelishim bilan emas, bunda jamoaning hissasi bor. Bizga sharoit yaratib berayotgan rahbarlarning ham mehnati bor. Jamoani bir yilda yuqori o‘ringa olib chiqib bo‘lmaydi. Barchasi asta-sekinlik bilan amalga oshadi. Ba’zida bu narsa cho‘zilib ketishi ham mumkin. Har doim oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yamiz. Masalan, o‘tgan yili chempionatni yomon boshlagandik. Keyinchalik birinchi davra o‘rtalaridan o‘tib, bizda hatto 1-o‘ringa chiqib olish imkoniyati ham paydo bo‘lgandi. Shuning uchun ham aytyapman-ku, oldindan bir narsa deyish qiyin. Qaerda ishlasam ham eng muhimi muxlislarni xursand qilish. Futbol o‘ynab yurgan paytlarimda ham shunga amal qilganman. Stadionga ishdan charchab kelgan ishqibozlar futbolni ko‘rib rohatlanib, zavqlanishlari muhim. Rossiyada o‘ynaganimda ham, o‘sha Kavkazda boshqacha muhit bo‘lardi. Bunga ozgina bo‘lsa ham hissamiz qo‘shilsa, boshimiz osmonga etadi.

mirjalol6

- Ha, muxlislar atayin sizni o‘yinlaringizni ko‘rish uchun ham stadionga kirishardi.

- Albatta.

- AGMK ham transferlarni amalga oshirdi. Ayting-chi, o‘zimiz istagandek transferlarni qila oldik, deb ayta olasizmi? Yoki mo‘ljallagan qaysidir o‘yinchini ololmadingizmi?

- Yo‘q, mo‘ljallashda emas. Bu lotereyaga o‘xshagan narsa. Shunday o‘yinchilar borki, ular o‘z jamoasini zo‘r biladi. Ba’zida esa bu erga kelganda moslashishi qiyinroq bo‘ladi. Bir paytlar Zidan o‘ynaganida, adashmasam “Yuventus”dan “Real”ga o‘tgandi. O‘zi top-futbolchi va top-klubdan top-klubga ko‘chib o‘tgandi. O‘shanda jamoasini almashtirganida u 8 oy “ko‘rinmagan”. O‘tgan yili Siani oldik, “Andijon”dan Boakeni. U paytdagi bilan hozirgi holatini solishtirsak farqi bor. Shunday bo‘ladiki, futbolchi yangi klubiga darhol ko‘nikib ketmasligi mumkin. Kim qanday moslashib ketishi chempionat davomida ko‘rinadi. Yangi muhit, yangi mentalitet, hamma har xil joylardan keladi. Bu vaziyatda ko‘plab bir-biriga bog‘liq bo‘lgan vaziyatlar bor.

mirjalol4

- Shuningdek, klubni tark etganlar ham bo‘ldi. Misol uchun, tojikistonlik Alisher Jalilov, Artyom Filiposyan. Ular bilan nima uchun xayrlashdinglar?

- O‘yin amaliyoti kam bo‘lgan. Futbolda sabr degan narsa bor. Raqobat bo‘lishi lozim. Kim o‘sha kuni, o‘sha daqiqaga tayyor bo‘lsa, o‘sha futbolchilar o‘ynaydi. Agarda bizni klubdan ko‘ra yaxshiroq taklif bo‘lsa, bu borada muammo yo‘q, ushlab o‘tirmaymiz. Chunki unga bizni sharoitimiz to‘g‘ri kelmasligi va boshqa joydan qulayroq taklif bo‘lib qolishi mumkin.

- Ammo menimcha, hozirda eng yaxshi sharoitlardan biri AGMKda bo‘lsa kerak...

- Bizda u qadar katta mablag‘ emas. Ammo o‘zimizga yarasha. Chempionatimizda moliyaviy imkoniyat bo‘yicha 8 talikka kirsa kerak. O‘rtacha.

- Bu masalada siz uchun etakchi kim?

- Boshqa jamoalarni bilmayman. Faqat o‘zimni cho‘ntagimga qarab yashayman.

mirjalol2

- Mirjalol Qosimovni murabbiy sifatida xorijda ham ko‘rishimiz mumkinmi? Sir bo‘lmasa, sizga shu paytgacha chetdan ham jiddiy takliflar bo‘lganmi?

- Maqtanish emas, bir paytlar bo‘lgan, Rossiyadan, Samaradan. Unda men “Bunyodkor”da ishlardim. Chet elga ishlashga Xudo podshoh. Lekin atayin tayyorlanib, til o‘rganib, hozirlik ko‘rayotgan joyim yo‘q. Buni berkitmayman. Xorijda ishlash uchun ham tayyorgarlik ko‘rish kerak bo‘ladi.

- Siz futbolchi sifatida katta yutuqlarga erishdingiz. Murabbiy sifatida qanchalik o‘syapman, deya olasiz?

- Masalan, men uchun boshqa dunyo ochilgan. O‘ynagan paytimda o‘zim uchun javob berardim. Muxlislarga yoqadigan futbol ko‘rsatishga harakat qilardim. Jamoamni yutishi uchun butun vujudim bilan to‘p surardim. Murabbiylik boshqa olam. Xohlaysanmi-yo‘qmi, endi hamma uchun javob berishing kerak. Bitta oilani boshqarish oson emas. Bu ham futboldagi o‘zimizni oilamiz.

- Qishki yig‘inda barcha klublar tarkibida o‘zgarishlar bo‘ldi. Siz uchun e’tiboringizni tortgan yoki ajablantirgan transfer qaysi bo‘ldi?

- Qitmirona savol. Birovlarga javob bermayman. Bizda shunday gap bor: ko‘rpangga qarab oyoq uzat. Shuning uchun boshqalar bilan ishim yo‘q, hammani omadini bersin. Lekin hozirgi kunda Alloh shuni xohlabdiki, qo‘l ostimdagi futbolchilar biz bilan birga va ular mening shogirdlarim. Ular bilan birga yaxshi o‘yinlar ko‘rsatib, muxlislarni xursand qiladigan futbol namoyish etishga harakat qilamiz. Men hech qachon birovning jamoasi bo‘yicha gapirmayman. Tashqaridan gapirish juda oson. Buni ishlagan odam biladi.

mirjalol

- Jamoangizning ichida eng quvnoq va eng jiddiy shogirdingiz kim?

- Hammasi. Bittasini ajratmayman. Bitta barmog‘imni tishlasam, boshqasi zirqiraydi.

- Yangi mavsumdan nima kutyapsiz?

- Avvalo, barchaga tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-salomatlik tilayman. Turkiyada bo‘lgan zilzilalarni hamma ko‘rdi. Yurtimizni mana shunday ofatlardan Xudoim o‘zi saqlasin. Allohim o‘zi mehribon. Turkiyada yuz bergan voqealar juda ta’sirli. Shuning uchun Xudoga ming bor shukr keltiraylikki, yurtimiz tinch. Hech kim kasal bo‘lmasin. Qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz. Har doim aytaman: stadionga bir dona muxlis kelsa ham o‘sha ishqibozning ko‘nglini olishga intilamiz. Imkon qadar yuqori maqsad qo‘yamiz. Bu bor gap. Qaerda ishlashim va o‘ynashimdan qat’iy nazar shunday bo‘lib kelgan. U yog‘ini yil oxirida ko‘ramiz. Xudo nimani yozgan bo‘lsa, shuni ko‘ramiz. Oldindan bashorat qilib bo‘lmaydi.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!