O‘q otish. Merganlarimiz jahon chempionatida ikkita kumush medalni qo‘lga kiritishdi

Janubiy Koreyaning Chxanvon shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Dunyoning 45 mamlakatidan 600 nafardan ziyod merganlar ishtirok etayotgan musobaqaning bugungi kunida O‘zbekiston terma jamoasi 2 ta kumush medalga sazovor bo‘ldi.

Yurtdoshlarimiz har ikki medalni ham yigitlar o‘rtasida 50 metrdan to‘pponchadan otish dasturida qo‘lga kiritishdi. Yakkalik bahslarida Veniamin Nikitin shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy olgan bo‘lsa, Muhammad Kamalov, Ilhombek Obidjonov va Veniamin Nikitin jamoaviy dasturda kumush medallar bilan taqdirlanishdi.

Qayd etish joiz, o‘tgan yili Misrda o‘tgan jahon chempionatida ham yoshlarimiz jamoaviy dasturda ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritishgan edi. Bu yil merganlarimiz yakkalik dasturidagi medalni ham terma jamoamiz g‘aznasiga qo‘shib, o‘zlari qayd etgan natijani yangilashdi.

Manba: MOQ

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!