Shahobiddin Zoirov : "Qarz qiyomatga qolmasligi kerak"

  • 31 oktabr, 2021, 23:47
  • 1
  • Boks

Ayni damda Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib turgan SPORTS.uz jurnalistlari qiziqarli intervyularni siz azizlarga taqdim etishda davom etadi. Rio Olimpiadasi g‘olibi va sobiq jahon chempioni - Shahobiddin Zoirov bizni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

- Professional boksda 3 ta jang o‘tkazib g‘alaba qozongansiz. Jahon chempionatidan so‘ng, faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- MTK Global promouterligi bilan shartnomam bor. Rejamga ko‘ra, professional boksda 2 ta jang o‘tkazib, navbatdagi olimpiadada ishtirok etish.

- Ko‘ryapmiz, professional boksdan havaskor boksga qaytgan sportchilarimiz kutilgan natijani bermayapti. Zarbalar salmog‘i va aniq harakatlarga asoslangan boksdan so‘ng, yana tezlikka tayanadigan havaskor boksga qaytish murakkablik tug‘dirmaydimi?

- Gapingiz to‘g‘ri. Bu mushkul. Professional boksda bor e’tiboringizni bitta jangga qaratasiz. Raqibni o‘rganasiz va to‘liq bir raqibga qarshi tayyorgarlik ko‘rasiz. Havaskorda bunday emas. Kamida 5-6 jang o‘tkazmasdan maqsadga erishib bo‘lmaydi. O‘ylashimcha, havaskor boks professionalga nisbatan mushkulroq. Bu erda birinchi planga tezlik ko‘tariladi.

- Faoliyatingizdagi eng alamli jang Tokio olimpiadasida Karlo Palamga qarshi bo‘ldi?!

- Yana bir bor Olimpiada oltin medaliga ega bo‘lish niyatida edim. Raqib kuchli edi, biroq uni mag‘lubiyatga uchratishimga imkon berishmadi. Qoshim yorilgach, jang to‘xtatildi. Juda ham alamli mag‘lubiyat bo‘ldi. 5 yil qilgan mehnatim havoga uchib ketdi. Kiyinish xonasiga kirganimdan so‘ng, murabbiylarim meni qo‘llab-quvvatladi.

- Boksdagi kumiringiz kim?

- Abbos Atoev. Ularning janglarini tomosha qilib, aynan shu sportga bo‘lgan mehrim ortgan. Ularni inson sifatida ham qattiq hurmat qilaman. Yoshroq bo‘lganim uchun, Londonda bo‘lgan olimpiada litsenziyasi uchun janglarda ishtirok eta olmaganman. Abbos aka ko‘z oldimda litsenziyani qo‘lga kiritib, Londonda bronza medaliga ega chiqqan. Ularni ko‘rgach, katta natijalarga erishga bo‘lgan qiziqishim yanada ortib ketdi. Kerak paytda, maslahat olib turaman. Buxoroga borganimda, ular albatta uchrashaman. Shu insonga havas qilaman.

- Siz jahon chempionatini 54kg vaznda jang qilishni boshladingiz. Muammolar tug‘ilmadimi?

- Ochig‘i, yangi vazn bo‘lgani uchun qanday raqiblar tushishi mumkinligi haqida ko‘p o‘yladik. Bunga qadar, uzoq muddat 52kg da jang qilganman. Gap biroz farqda emas. Biz musobaqalardan oldin, kerakli og‘irlikda tosh bosish uchun vazn tashlashga majbur bo‘lamiz. Shaxsan o‘zim, kamida 6-7 kg "ves" tashlayman. 2012-yildan beri bitta vazn toifasida jang qilganman. Turnirda har kuni ertalab hakamlar vaznimizni o‘lchaydi. Hatto, 50 gr ortiqcha bo‘lsa ham jangga qo‘ymaydi. Kattalar o‘rtasidagi musobaqalarda endi ishtirok etishni boshlagan paytlarim, vazn tashlash borasida ko‘p muammolarga duch kelganman. Argonizim o‘sayotgani bois, turnirlar yo‘q paytlari vaznim ortib ketar edi.

- Shahobiddin Zoirov O‘zbekiston, Jahon, Olimpiada va Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Aytingchi, Osiyo o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritish niyatingiz bormi? Sizning kollektsiyangizda birgina shu musobaqa oltin medali yo‘q?!

- Albatta. Xudo xohlasa, havaskor boksdagi rejalarim katta. Yuqorida aytib o‘tganimdek, professional boksdagi ikkita jangdan so‘ng, bor e’tiborimni Parij olimpiadasiga qaratmoqchiman. Yoshligimdan niyat qilganman. Kamida 3 ta olimpiadada ishtirok etishni. Bunday katta masshtabdagi forumda ishtirok etish barcha sportchining orzusi. Unda sovrindor bo‘lish haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Misol uchun, Rishod Sobirov 3 bor davlatimiz nomidan ishtirok etib, har safar sovrindor bo‘lishni uddalagan.

- Siz boks terma jamoamiz sardorisiz. Aytingchi, etakchi bokschilarimiz mag‘lubiyatga uchragach, ularni ko‘nglini ko‘tarish maqsadida nimalar dedingiz?

- Ularni ko‘ynini ko‘tarishga harakat qildim. Ayniqsa, Miraziz bilan uzoq suhbatlashdik. Unga, bitta turnir bilan boks yakuniga etmasligini, hayot davom etishini aytdim. U hali yosh. Kelajakda yana bir Jahon va Olimpiada o‘yinlarida ringga ko‘tariladi. Yigitlarga murabbiylar bilan birgalikda ruhiy dalda berdik.

- Faoliyatingiz davomida, singa qarshi ringga ko‘tarilgan eng kuchli raqib sifatida kimni ko‘rsata olasiz?

- 2016-yilda Rio shahrida bo‘lib o‘tgan Olimpiada finalidagi Misha Alayanni alohida e’tirof etgan bo‘lar edim. Juda og‘ir kechgan jangdan so‘ng, g‘alaba qozonishni uddalaganman. Shuningdek, hindistonlik Amit Pangal ham juda noqulay raqiblarimdan biri. U do‘stim Hasanboy Do‘stmatovni mag‘lubiyatga uchratganidan so‘ng, u mening prinsipial raqibimga aylandi. Shu kunga qadar 3 marotaba to‘qnash kelgan bo‘lsak, barchasida qo‘lim baland keldi. U Hasanboyni 2 bor taslim etgan edi. Men qarz qiyomatga qolmasligi uchun o‘zbekistonlik bokschilar nomidan uni 3 bor "xafa" qildim.

- Terma jamoadagi eng muhim omil nima deb o‘ylaysiz?

- Birinchi navbatda jamoaning ahilligi. O‘ylashimcha, o‘zbek boksidagi barcha g‘alabalarning sababi jamoamizning bir-birini qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq. Bizdan avvalgi avlod vakillari ham shu masalaga jidiy e’tibor qaratgan. Bizdan keyingi avlod ham biz singari ahillikni birinchi o‘ringa qo‘ysa, ularda ham katta g‘alabalar bo‘lishi aniq.

- Ko‘plab mashhur sportchilarimiz o‘z akademiyalarini ochishmoqda. Aytingchi, Shahobiddin Zoyirov ham Kogonda o‘z boks maktabini ochishni niyat qilganmi?

- Nasib qilsa, faoliyatimni yakunlangach, murabbiylik faoliyatini olib bormoqchiman. Ustozim bilan birgalikda, jahon va olimpiada chempionlarini tarbiyalashni niyat qilganman. Bugungi kunda erishgan barcha yutuqlarimning asosiy sababchisi sanalgan inson yonimda bo‘lsa, yoshlarga boks haqida yanada yaxshiroq tushuncha berishimiz mumkin.

- Rio olimpiadasidan so‘ng, Shahobiddin Zoirovni ichkilikka berilgani, chuqur depressiyaga tushib qolgani haqidagi mish-mishlar tarqalib ketdi. Bu qanchalar haqiqatga yaqin?

- Chempion bo‘lganimdan so‘ng, turli gaplar qulog‘imga chalindi. Kimdir meni ko‘chada mushtlashibdi desa, boshqalar uni litsenziyasini tortib olishgan deb ham o‘yladi. Bunda hech qanday haqiqat yo‘q. Bunday gap-so‘zlarga e’tibor qaratmay, yana ringga qaytdim va Jahon chempioni unvoniga ega chiqdim. O‘zbekiston chempionati oltin medalini qo‘lga kiritdim. Agar bunday yomon illatlarga o‘ralashib qolganimda, faoliyatimda bunday g‘alabalarni uchratmagan bo‘lar edingiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Baxil Alihuja
23/11/2021 14:45
Хакикий мард йигит! Омадини берсин, ниятига эришсин!