SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (11-son)

  • 2 dekabr, 2022, 15:59
  • 0
  • Futbol

Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.

Xorvatiya - Belgiya uchrashuvida hisob ochilmadi. Ammo bu durang belgiyaliklarni keyingi bosqichdan mosuvo qildi. Muxlislar vaziyatlarni ko‘kka sovurgan Lukakuni hali ko‘p eslashadi.

Marokash terma jamoasi Xorvatiya va Belgiya bor guruhda birinchi o‘rinni egallab, pley-offga yo‘l oldi. Bu jamoani shunchaki olqishlash kerak.

Germaniyaga irodali g‘alaba ham yordam bermadi. 2014 yilgi jahon chempioni ketma-ket ikkinchi mundialda guruhda qolib ketmoqda.

Yaponiya Ispaniyani mag‘lub etib, o‘z kvartetida birinchi bo‘ldi. “Qizil furiya” ilk bor Osiyo jamoasidan engilish bilan birga, keyingi bosqichlarda Braziliya va Argentinaga to‘qnash kelmaydigan bo‘ldi.

Xorvatiya - Belgiya 0:0

Mundial guruh bosqich 3-turida qiziqarli o‘tishi kutilgan o‘yinlaridan biri Xorvatiya va Belgiya terma jamoalari o‘rtasida kechdi. Garchi muxlislar bellashuvda gol ko‘rishmagan bo‘lsa-da, bahs ancha shiddatli o‘tdi, deya olamiz.

Belgiya shu kuni faqat g‘alaba uchun maydonga tushishi kerak edi. Xorvatiya va Marokashda bir xil 4 tadan ochko mavjud edi. Belgiya hisobni ochish uchun bir necha qulay imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Ammo omad ulardan to‘laligicha yuz o‘girdi.

Romelu Lukaku oz emas, ko‘p emas naq 4 ta o‘ta qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi. Ushbu natija joriy mundialdagi antirekord hisoblanadi.

Belgiyaliklar o‘zi qatnashgan oxirgi 4 ta katta musobaqalar (Jahon chempionati va Evropa chempionati)da kamida nimchorak finalga chiqish vazifasini bajarib kelayotgandi.

Tibo Kurtua terma jamoa safida o‘zining 100-o‘yinida ishtirok etdi. U bunday natijaga erishgan Belgiya tarixidagi ilk darvozabonga aylandi.

Yakunda Xorvatiya 5 ochko to‘plab, ikkinchi pog‘onadan joy oldi. Belgiya hisobida 4 ochko mavjud bo‘lib, terma 3-o‘rinni band etdi. Ushbu omadsizlikdan so‘ng Roberto Martines Belgiya terma jamoasidan ketishini e’lon qildi. Mutaxassisning aytishicha, futbolchilar va murabbiylar shtabi bilan xayrlashgan. U bu qarorni mundialdan oldin qabul qilganligini bildirdi. Ma’lumot uchun, Roberto Martines 2016 yili terma jamoani qabul qilib olgandi.

 

Kanada - Marokash 1:2

Kanada va Marokash jamoalari bellashuvida afrikaliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Dastlab darvozabonning qo‘pol xatosidan so‘ng 4-daqiqadayoq hisob ochildi. Hakim Ziyesh ajoyib imkoniyatni yo‘qqa sovurgisi kelmadi. Taym o‘rtalarida Marokash terma jamoasi futbolchisi ikkinchi to‘pni kiritdi. Qanotdan oshirib berilgan uzatmadan so‘ng to‘pni qabul qilib olgan En-Nesiri kuchli zarbasi bilan raqib darvozasini ishg‘ol etdi. 40-daqiqada esa Aguerd kutilmaganda o‘z darvozasiga gol urib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda tomoshabinlar boshqa gol ko‘rmadi va ushbu natija orqali Marokash 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi.

Kanada bu mag‘lubiyati evaziga mundialdagi ilk 6 bahsning barchasida mag‘lub bo‘ldi. Shu tariqa, ular Salvadorning natijasini takrorladi.

Afrika jamoalaridan faqat ikki terma guruhda 1-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqqan. Nigeriya 1994 va 1998 yilda, Marokash esa 1986 va 2022 yilda shunday baxtga muyassar bo‘ldi. 

Qatardagi jahon chempionatida 100-gol sifatida Aguerdning avtogoli qayd etildi. Shuningdek, bu musobaqadagi ilk avtogol bo‘ldi.

 

Kosta-Rika - Germaniya 2:4

Kosta-Rika - Germaniya bahsida muxlislar zerikib qolmadi. Tomoshabinlar 6 ta gol shohidiga aylandi.

Germaniyaliklar tezkor gol urishdi. Chap qanotdan oshirilgan to‘pni Gnabri boshi bilan to‘rga yo‘lladi. Ikkinchi bo‘limda jarima maydoniga yorib kirgan Texeda Noyer qaytargan to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi.

70-daqiqada Vargas jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, nemislar uyg‘ondi. Xaverts o‘zini ko‘rsatdi. U dublni rasmiylashtirdi. Oxirgi daqiqalarda Niklas Fyullkrug o‘yinga nuqta qo‘ydi. Ammo germaniyaliklar ushbu g‘alabadan so‘ng ham keyingi bosqichga chiqa olmadi. 2014 yilgi jahon chempioni Germaniya ketma-ket ikkinchi mundialda guruhda qolib ketmoqda.

Ushbu bahsni frantsiyalik ayol hakam Stefani Frappar boshqardi. U erkarlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘yinini boshqargan tarixdagi ilk ayol hakamga aylandi. Avvalroq, Stefani Meksika va Polsha o‘yinida to‘rtinchi hakam vazifasini bajargandi.

 

Yaponiya - Ispaniya 2:1

Yaponiya - Ispaniya bahsida qit’adoshlarimiz 2:1 hisobida raqibdan ustun keldi.

Sesar Aspilikueta jarima maydoni tashqarisidan oshirib bergan to‘pni Alvaro Morata boshi bilan to‘rga yo‘lladi. Keyinchalik Aspilikueta pas bergan joydan Doan kuchli zarbasi orqali darvozani ishg‘ol qildi. 51-daqiqada hali ham bahs-munozaralar davom etayotgan gol urildi. Yaponiyaliklar oxirigacha harakat qilib, maydondan chiqib ketayotgan to‘pni darvozaga to‘g‘rilab qo‘yishni uddaladi. G‘alaba goli Tanaka tomonidan urildi. Bu vaziyatda to‘p chiziqni to‘liq kesib o‘tmagan deb topildi. Texnoligiyalar asrida bunday holatlarga ko‘nikishimiz kerak. 2010 yilgi mundial nimchorak finalida Angliya Germaniya darvozasini ishg‘ol qilganda Lempardning toza goli inobatga olinmagandi. “Qaytar dunyo” deb shuni aytsalar kerak.

Shu tariqa, Yaponiya o‘z guruhida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ispaniya esa 2-o‘rin bilan pley-off yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Ispaniyaliklar ilk bor Osiyo jamoasiga imkoniyatni boy berdi. “Qizil furiya” bunga qadar OFK jamoalari bilan 15 o‘yinning 13 tasida g‘alaba qozongan va 2 bor durang qayd etgandi. 

Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Rodri jahon chempionatining bir o‘yinida uzatmalar (paslar) berish bo‘yicha rekordni yangiladi. “Opta” nashrida yozilishicha, 26 yoshli futbolchi Yaponiya bilan o‘yinda umumiy hisobda 215 ta uzatmani amalga oshirdi. E’tiborlisi, ushbu paslardan 204 tasi aniq chiqdi. Bu esa 1966 yildan beri bir uchrashuvda eng ko‘p uzatma amalga oshirish bo‘yicha jahon chempionatining rekordi hisoblanadi.

Yaponiya uchrashuv davomida to‘pga 17,7 foiz egalik qilib, zafar quchdi. Bu ko‘rsatkich jahon chempionati rekordi hisoblanadi. Avvallari hech qaysi jamoa to‘p nazorati bo‘yicha katta farq bilan ortda qolib, raqibni mag‘lub etolmagandi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!