Velosport. Olga Zabelinskaya Senat raisidan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” ko‘krak nishonini qabul qilib oldi

Bir necha yillardan buyon O‘zbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan mahoratli velosportchi Olga Zabelinskaya joriy yilning 30 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Mustaqilligimizning 31 yilligi munosabati bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi.

Uzoq vaqt davomida Olga chet elda mashg‘ulotlar o‘tkazib, bir qator xalqaro musobaqalarda ishtiroki bois, mukofotni olishga ulgurmagan edi. 27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Olga Zabelinskayani maxsus ko‘krak nishoni hamda Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan “Islom birdamlik o‘yinlari”dagi ishtiroki uchun pul mukofoti bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.

Ushbu mukofotni Zabelinskayaga Senat Raisi, O‘zbekiston velosport federasiyasi raisi Tanzila Narbaeva topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, V Islom birdamligi o‘yinlarida velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi jami 11 ta – 3 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Oltin medallarning barchasi Zabelinskayaga tegishli bo‘lib, u velosportda ayollar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasi, shosseda yakkalik va guruh poygalarida birinchi bo‘lgandi.

Shu bilan birga, Olga Tokioda bo‘lib o‘tgan Olimpiadada ayollar o‘rtasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan yagona velosportchi bo‘lganligini ham alohida ta’kidlash joiz.

Shuningdek, joriy yilning iyun oyida Zabelinskaya mashhur UCI — Jiro dʼItaliya professional poygasida, iyul oyida esa Tur de Franc poygalarida ham qatnashdi. 18-25 sentyabr kunlari esa Avstraliyaning Vullongong shahrida o‘tkazilgan veloshosse bo‘yicha Jahon chempionatida vatanimiz sharafini himoya qildi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!