Viktor Jalilov: "Panshanbe bo‘yicha taklif bo‘ldi, ammo futbolchilar avvalo klub kelajagini o‘ylashlari kerak. Pul, transferlar keyingi masala"

  • 1 avgust, 2021, 23:38
  • 0
  • Futbol

Superligada 13-turidan o‘rin olgan “Qo‘qon-1912” – “Navbahor” uchrashuvidan (1:2) keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida namanganliklar bosh murabbiyi Viktor Jalilov o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Birinchi navbatda bugungi uchrashuv tashkilotchilariga, ya’ni, “Turon” jamoasi vakillariga rahmat aytmoqchiman. Ular kecha ham, bugun ham bizga ajoyib shart-sharoitlarni yaratib berishdi. Buning natijasida bugungi o‘yin ham sifatli chiqdi, maydon ham, yoritish tizimi ham yaxshi. O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsam, albatta, deyarli bir oy davom etgan tanaffusdan keyin barcha jamoalarga qiyin bo‘ladi. Go‘yoki, kurash qaytadan boshlanayotgandek tuyuladi. Albatta, tarkibimizda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bugungi o‘yin ko‘rsatdiki, safimizga qo‘shilgan yangi futbolchilar tanlovida adashmadik. Jamoamizda rotatsiya qilindi. Hozirgi tarkibimizda balans ta’minlandi. Shu bois bugun golgacha o‘yin ancha shiddatli kechdi. Biz gol urganimizdan keyin raqib jamoa ochilishni boshladi, biz esa, o‘yinni g‘alabaga olib borishga intildik. Xayriyatki, buni amalda uddaladik. Har holda qarshi hujumda hisobni oshirishni amalladik, - deydi Viktor Romanovich.

- Kosta Guttiner nega zaxiraga olindi?

- Guti katta hajmdagi ishni bajardi. U bundan avval Ukraina chempionatida to‘p tepgandi, chempionat mayda yakunlangandi, katta tanaffus qilishga majbur bo‘ldi. Safimizga qo‘shilganiga esa deyarli 20 kun bo‘ldi. Funktsional tayyorgarligi ham maromida emas. Shu bois uni almashtirishni ma’qul deb bildik.

- Azimjon Ahmedovning yarim himoyada to‘p tepishi jamoaga foyda keltiryapti. Bunday o‘zgarish fikri sizdan chiqdimi?

- Bu talab yil boshidayoq paydo bo‘lgandi, lekin Ahmedov himoya markazida o‘ynashga majbur bo‘ldi. Chunki ushbu chiziqda mahoratli futbolchi etishmovchiligi vujudga kelgandi. Shunga qaramay, u mudofaa chizig‘ida ham o‘z vazifasini a’lo darajada uddalayotgandi. Tsiger kelgach, markaziy himoya bo‘yicha xavotirimiz aridi va Ahmedov o‘z o‘rniga qaytib, ishonchli o‘yin ko‘rsatmoqda. Umuman olganda, yangi taklif etilgan futbolchilar hisobiga himoyani ham, maydon markazini ham sezilarli kuchaytirishga erishdik.

- Namanganda yana sovrinlarga loyiq jamoa tuzish mumkinmi?

- Albatta, biz aynan shuning uchun harakat qilyapmiz. Namanganda avvallari ham kuchli jamoalar tashkil etilgan. Biz ham O‘zbekiston chempionatida muvaffaqiyatlarga erishadigan, raqobatbardosh jamoa shakllantirish niyatidamiz. Agar ichki birinchilikda sovrinli o‘rinlar uchun kurasha olsak, demak, xalqaro arenalarda ham yutuqlarga erishishimiz mumkin bo‘ladi.

- Ehsoni Panshanbening zaxirada qolishi haqida nima deya olasiz?

- Ehsoni Panshanbe Tojikiston termasida 5 ta o‘yin o‘tkazganidan keyin tarkibimizga qaytdi, turli davlatlarga safarlar uyushtirdi va bu holat uni charchatgandi. Buni uning o‘zi ham ta’kidladi. Afsuski, tanaffus paytida Ehsoni jarohat orttirib oldi, shu bois mashg‘ulotlarda ham qatnasha olmadi. Umuman olganda esa, Panshanbe asosiy tarkib futbolchisi sanaladi. U bo‘yicha taklif bo‘ldi, lekin futbolchilarimiz birinchi navbatda “Navbahor” jamoasi kelajagi haqida o‘ylashlari kerak. Pul, transferlar keyingi masala.

"Navbahor" matbuot xizmati.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!