
"Klub tarixida qilmagan natijalarni amalga oshirish uchun kurashamiz, bizga raqib muhim emas" - "Mash’al" himoyachisi Jizzaxdagi g‘alaba va "Paxtakor"ga qarshi "nastroy" haqida
“Mash’al” klubi o‘tgan turda Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni yagona gol evaziga mag‘lubiyatga uchratdi va bu yil Superligadagi dastlabki g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Oldinda esa muborakliklarni Toshkentda “Paxtakor”ga va so‘ng Andijonda “Andijon” jamoalariga qarshi uchrashuvlar kutmoqda. “Mash’al”ning ajoyib himoyachilaridan biri Samandar Ochilov bir qator savollarga javob qaytardi.
- Samandar "Mash’al" klubi Jizzaxda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Lekin tan olish lozim, o‘yindan avval ko‘pchilik bu natijani kutmagandi. Dastlab shu xususida to‘xtalsangiz.
- Birinchi navbatda barchani o‘tib ketgan Ramazon hayit bayrami bilan tabriklayman. Ha, ko‘pchilik bu natijani kutmagandi. Allohga oson ekan. Jamoamiz bilan mashg‘ulotlarda harakat qildik, murabbiyimiz taktik ko‘rsatmalarni juda a’lo darajada etkazib bera oldi. O‘yinda g‘alaba qozonish uchun har qanday sabablarni qildik. Shu bois biz sababini qildik, Alloh g‘alabani berdi.
- Sizningcha, raqib “Mash’al”ning kuchiga etarli baho bermadimi?
- Bilasiz, “So‘g‘diyona” ketma-ket ikkita mag‘lubiyatni qabul qilib oldi. Ularga raqibni ahamiyati yo‘q edi. Maydonga faqat g‘alaba uchun chiqishlari aniq edi. Biz bu narsadan to‘g‘ri foydalanishga harakat qildik. Aytganimdek, biz yoki ular xohlagandek bo‘lmaydi.
- “So‘g‘diyona” ustidan qozonilgan g‘alabani sentsasiya sifatida baholasa bo‘ladimi?
- Albatta, men yo‘q degan bo‘lardim. Chunki musobaqa davomida biz buni isbotlayapmiz va “Mash’al” tarixida qilmagan natijalarni amalga oshirish uchun kurashamiz.
- “Mash’al”ni 2 aprel kuni Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi qoldirilgan uchrashuv kutmoqda. “Paxtakor” o‘tgan turda “Dinamo”ga yutqazdi. Bamisoli yaralangan sher kabi turibdi. Agar durang bo‘lsa jamoangiz uchun qoniqarli bo‘ladimi yoki faqat g‘alaba qoniqtiradimi?
- Biz har bir o‘yinda g‘alaba uchun maydonga chiqamiz. Bizga raqib muhim emas. Barchasini hurmat qilgan holda o‘yinda g‘alaba qozonish uchun sabablarini qilamiz. Buning uchun albatta murabbiylarimizga tayanamiz.
- “Mash’al”ni 6 aprelda Andijonda ham qiyin bahs kutyapti. Ketma-ket o‘yinlar sababli bu jamoaga noqulaylik yo tayyorgarlikda tiklanish uchun qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
- Ha, albatta biz insonmiz, charchoq bo‘ladi. Ammo bu bizga bahona emas. Holatdan chiqib ketish uchun maksimal darajada harakat qilamiz. Tiklanish uchun jamoa rahbarlari bizga yaxshi imkoniyatlar yaratib berishmoqda.
- Bu yil yig‘ilgan tarkib bilan jamoa nimaga qodir?
- Yana bir bor aytaman, biz hech kimdan qo‘rqmaymiz. O‘zimizni o‘yin uslubimiz bor va har qanday jamoaga qarshi o‘ynay olamiz. Buni musobaqa davomida isbotlaymiz.
- “Mash’al”dan avval chetda legioner bo‘lib o‘ynagansiz. Endi chetga ketish niyatingiz yo‘qmi?
- Hozircha legioner bo‘lib o‘ynash niyatim yo‘q. Men oilam davrasida ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlayman.
Fikrlar