
13-chempionligini nishonlagan Nadal, sensatsiyalar turnirida porlagan Shvyontek, tushkunlikka tushgan Jokovich - “Roland Garros” yakunlari
Katta dubulg‘a turnirlarining navbatdagisi, tennis ixlosmandlari katta qiziqish bilan tomosha qiladigan Frantsiya ochiq chempionati yakunlandi. Turnir boshlanishidan avval, tennis ishqibozlari Rojer Federerning turnirda qatnashmasligi, Rafael Nadal o‘z sport formasini to‘liq tiklab ulgurmaganligidan xavotirda edi. Ammo katta ishtiyoq bilan o‘z o‘yinini kuchaytirayotgan Denis Shapovalov, Aleksandr Zverev, Dominik Tim kabi raketka ustalari kemtikni bir qadar to‘ldirilishi kutilgandi. Shunday bo‘ldi ham! Biz ushbu musobaqada finalgacha doimgidek kuchli o‘yin ko‘rsatadigan Jokovichni, katta musobaqalarda o‘zini tez-tez namoyish etishni boshlagan Diego Shvartsmanni, yo‘lidan chiqqan favoritlarni birin-ketin mag‘lub etgan kamtargina Iga Shvyontekni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. Quyida “Roland Garros-2020”da zafar quchgan tennischilar to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
Rafael Nadal
“Roland Garros”ni Nadalsiz tasavvur qila olasizmi? Bo‘lishi mumkin, ammo Nadal o‘z faoliyatini ushbu turnirsiz tasavvur qila olmasligi aniq. Musobaqa oldidan asosiy favorit maqomida aynan ipsaniyalik raketka ustasi ko‘rilayotgan edi. Garchi, Jokovich reytingda 1-pog‘onani egallab turgan, “US Open”da Dominik Tim zafar quchgan, turnir oldidan Nadalning jismoniy holati a’lo darajada emas, deya tpxmin qilingan bo‘lsa-da, Frantsiya ochiq chempionatiga Rafa uchun butunlay boshqacha yondashadi. Shu o‘rinda qiziqarli statistikani e’tiboringizga havola qilmoqchimiz: Nadal “Roland Garros-2020”da birorta setni yutqazmadi. Umumiy 7 o‘yin, 21 set va barchasida g‘alaba. Uning grunt qoplamali kortlardagi qudratiga shubha qilish noo‘rin bo‘lardi. O‘z yurishini 1-raunddan boshlagan Rafa chorak finalgacha juda oson g‘alabalarga erishib keldi. 1/8 finalda esa, uning yo‘lidan italiyalik Yannik Sinner chiqdi. Yannik bu bosqichgacha turnirnning eng yorqin o‘yin ko‘rsatuvchi tennischilaridan biri Aleksandr Zverevni turnirdan chiqarib yuborgan va Nadal bilan o‘yin oldidan favoritga muammo tug‘dira olishi taxmin qilingan edi. Amalda Sinner Nadalni tay-brekkacha o‘ynashga majbur qila oldi, bori shu. Italyan tennischisini mag‘lub etgan Rafani yarim finalda argentinalik Diego Shvartsman bilan o‘yin kutayotgan edi. 3 hafta avval Shvartsman va Nadalning yo‘llari Rimdagi turnirda kesishgan va unda argentinalik raketka ustasi g‘alaba qozongan edi. Bu safar o‘zi uchun qulay maydonda raqibini Nadal katta qiyinchiliksiz mag‘lub etdi va revansh olishga muvaffaq bo‘ldi. Endi faqatgina Jokovich bilan o‘tadigan final qolgan edi!
11 oktyabr, “Filipp Shatrie” korti, qum ustida Jokovich hamda Nadal. Bahs oldidan super qarama-qarshilik yuz berishi kutilgan bo‘lsa-da, amalda Jokovich bu finalga mutlaqo tayyor emasdi. O‘sha kuni o‘z uslubidan biroz chekinib, to‘r oldiga to‘pni kesib bergan zarbalari ko‘p hollarda uning zarariga ishladi. Chaqqon harakat qiluvchi Nadal bu to‘plarning aksariyatiga eta oldi va katta ustunlik bilan zafar quchdi. Dunyoning 1-tartib raqam ostida saralangan tennischisini mag‘lub etib, o‘zining umumiy hisobda o‘n uchinchi, ketma-ket to‘rtinchi chempionligini qo‘lga kiritgan Nadalga hurmat saqlagan holda aytishimiz mumkinki, u finalni yutib olmadi, aksincha, Jokovich yutqazdi!
Iga Shvyontek
“Roland Garros-2020” g‘olibasi saralangan 32 tennischi orasida yo‘q. Ammo Shvyontek saralangan raketka ustalarini mag‘lub etishni kanda qilmadi. 19 yoshli polyak sportchisi ham Nadal kabi birorta set yutqazmay, bosh sovringa ega chiqdi. Turnir oldidan kim ham undan shunday natija kutgan deysiz?! Bu ham etmagandek, 4-bosqichda turnirning asosiy favoriti Simona Xalepni, finalda 4-tartib raqam ostida saralangan Sofiya Keninni mag‘lub etgan Shvyontek katta tennis olamiga katta natijalar bilan kirib borayotganini ko‘rsatdi. Balki bu shunchaki bitta turnirlik taassurotdir, balki raqiblari uning o‘yin uslubidan hali yaxshi xabardor bo‘lmaganligi uchun uning tuzog‘iga ilingandir. Ammo bir narsa aniq: 19 yoshli Iga Shvyontek “Roland Garros-2020” g‘olibasi. Bu natijaga yuqoridagi ko‘rsatkichlari bilan erishgani esa, g‘alaba mazasini yanada totliroq qiladi!
Kevin Kravets va Andreas Mis
Germaniyalik ushbu juftlik turnirning 8-tartib raqam ostida saralangan va bir qarashda, chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan emasdi. Ammo bir qancha tajribali raqiblarini mag‘lub etgan tandem ancha hamjihatlik namoyish eta oldi. Mixail Kukushkin va Aleksandr Bublik duetini mag‘lub etgan nemis tennischilari keyingi bosqichda Diego Shvartsman hamda Federiko Koriya juftligini turnirlar chiqarib yubordi. Finalgacha o‘z raqiblarini birin-ketin, ishonch bilan mag‘lub etgan bu juftlik hal qiluvchi bahsda yana bir “Katta dubulg‘a” g‘oliblariga qarshi kortga chiqdi. “US Open-2020” bosh sovrinini boshi uzra baland ko‘targan Mate Pavich hamda Bruno Soareshga qarshi kechgan bahsda nemislar katta qiyinchilikka duch keldi, deb bo‘lmaydi.
Tomea Babosh va Kristina Mladenovich
Erkaklar juftligidan farqli o‘laroq, ayollar o‘rtasidagi bahslarda chempion nomini oldindan taxmin qilish mumkin edi. Ushbu tandem turnirning 2-tartib raqam ostida saralangan tennischilari hisoblanar va amalda bu nomga munosib o‘yin ko‘rsatdi. 1-raqamda saralangan Su Vey hamda Barbora Stryokova 3-bosqichda turnirni tark etgach, Babosh hamda Mladenovichning o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi, shekilli, yana bir saralangan chexiyalik sportchilar juftligi 3 setda mag‘lub etildi. Finalda ham nisbatan engil g‘alaba qozongan tennis malikalari birgalikda o‘zlarining ketma-ket ikkinchi “Roland Garros”ini yutdi. Juftliklarda doim ham bunday natija kuzatilavermaydi.
Turnir g‘oliblari kattagina reyting ochkolari hamda pul mukofotlarini qabul qilib oldi. Xususan, Rafael Nadal hamda Iga Shvyoentek 2000 dan reyting ochkosi va 2,2 mln evro pul mukofotini qo‘lga kiritishdi. Juftlik bahslari g‘oliblari ham 2000 reyting ballari va 560 ming evrodan mukofot pullarini qabul qilib oladilar. Albatta, bu safargi yutuqlar ushbu tennischilarga salbiy ta’sir qilib, o‘z darajalarini yo‘qotib qo‘ymasligiga umid qilamiz. Aksincha, turnirda omadsiz ishtirok etgan sportchilar keyingi musobaqalarda yaxshiroq harakat qilishiga "Roland Garros-2020” turtki bo‘lishi lozim.
Javohir Azimov tayyorladi
Fikrlar