
Ivan Efremov JChda sovrindor bo‘ldi
AQShning Anaxaym shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionatida bugun 105 kg. vazn toifasida bellashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ushbu vaznda chiqish qilgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ivan Efremov dast ko‘tarish mashqida 182 kg. natija bilan kumush medalini qo‘lga kiritdi.
Hamyurtimizdan 1 kilogramm og‘irroq tosh ko‘targan eronlik Ali Xoshimi oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, bronza ekvadorlik Xorxe Arroyo Valdesga nasib etdi. Uning ko‘rsatgan natijasi 181 kg. bo‘ldi.
Efremov shuningdek, siltab ko‘tarish mashqida 217 kg. tosh ko‘tardi. Ikkikurashda hamyurtimiz qayd etgan natija umumiy 399 kg. bo‘ldi. Ushbu natijasi evaziga Ivan Efremov o‘z vazn toifasida uchinchi o‘rinni egallab, bronza medali sohibiga aylandi.
Eronlik sportchi Ali Xoshimi siltab ko‘tarishda 221 kg. og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundira oldi va ikkikurash yakuniga ko‘ra 404 kg. natija bilan jahon chempionligini tantana qildi. Kumush medaliga esa latviyalik Arturs Plesnieks ega chiqdi.
Bir kun avval terma jamoamizning yana bir a’zosi Farxodbek Sobirov dast ko‘tarish mashqida dunyoning eng kuchli atletlari qatoriga kirib, kumush medalini qo‘lga kiritgandi. Farxodbek dastlabki urinishida 175 kg. toshga buyurtma berib, uni ortiqcha qiyinchiliksiz ko‘tara oldi.
Yosh atletimiz keyingi urinishlarda 177 va 183 kg. og‘irlikdagi toshlarni ham o‘ziga bo‘ysundirib yakunda o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Ushbu vazn toifasida oltin medal eronlik Sohrab Moradiga nasib etdi. U Farxodni bor yo‘g‘i 1 kilogrammga ortda qoldira oldi. Bronza medaliga esa litvalik sportchi Aurimas Didzbalis ega chiqdi. Uning qayd etgan natijasi 176 kg. bo‘ldi.
E’tiborli tomoni, Farxobdek Sobirov ushbu vazn toifasida ishtirok etgan eng yosh atletlardan biri edi. Ammo shunga qaramay u 20 yoshida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatida oltinga teng bo‘lgan kumush medalini qo‘lga kirita oldi. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida Sobirov o‘zining eng navqiron yoshida bo‘ladi. Demak, kunchiqar yurtda tashkil etiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Farxodbek Sobirovdan ham umidlarimiz katta bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Farxodbek Sobirov shu kunga qadar yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatlarida ikki marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. 2016 yili Gruziya poytaxti Tbilisi va 2017 yilda bo‘lajak Olimpiya o‘yinlari mezboni Tokioda hamyurtimiz sharafiga madhiyamiz yangrab, muzaffar bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarilgandi. AQShdagi nufuzli musobaqada qo‘lga kiritilgan kumush esa Farxobdek uchun kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi ilk sovrin bo‘lib qoladi.
Fikrlar